Hajmiy nasoslar. Porshenli va plunjerli nasoslarning asosiy afzalligi bu ularda foydali ish koeffistientining kattaligi va kam miqdordagi, yuqori qovushoq suyuqliklarni har qanday bosimda uzatib berish xossasiga egaligidir. Lekin ularda suyuqlik uzatilishi notekisligi, klapanlarni tez ishdan chiqishi, va ularning katta o`lchamga ega bo`lishi, porshenli va plunjerli nasoslarning qo`llanishini ozgina chegaralaydi. Plunjerli nasoslarni ishlatish osonroq bo`lib, buzilishi kamroq bo`ladi.
Hajmiy nasoslar tuzilishi oddiy (shesternyali va vintli) bo`lib, suyuqlikni bir me’yorda uzatib beradi.
Markazdan qochma va o`qli nasoslar. Bu nasoslar foydali ish koeffistienti yuqori va suyuqlikni bir me’yorda uzluksiz uzatib beradi. Nisbatan sodda tuzilganligi ularni uzoq xizmat qilishini va ishonchliligini ta’minlaydi. Klapanlarning yo`qligi, ishqalanish yuzalari bo`lmasligi ifloslangan suyuqliklarni ham uzatish imkonini beradi. Elektr yuritkich bilan bevosita ulanishi nasos qurilmasining ixchamligini ta’minlaydi va uning foydali ish koeffistientini oshiradi. Kurakchali nasoslarni ushbu afzalliklari, ularning kimyo sanoatida keng ko`lamda qo`llanishiga olib keldi.
Bu nasoslarning kamchiligi: unumdorligi va bosimi kamligidir.
Oqimchali nasoslar. Ushbu nasoslarning afzalligi shundan iboratki, ularning tuzilishi ancha sodda, ifloslangan suyuqliklarni ham uzata oladi. Suv oqimchali nasoslar texnikada quduqlardan suvlarni ko`tarish uchun xizmat qiladi. Bug` - oqimchali nasoslar esa, bug` qozonlarga suv uzatish uchun yoki vakuum hosil qilishda xizmat qiladi. Oqimchali nasoslarning kamchiligi: foydali ish koeffistienti juda kichik va yuqori bosim hosil qila olmaydi.
Havoli (gazli) ko`targichlar. Bu nasoslar tuzilishi sodda va ularga ko`rsatiladigan xizmat ham oddiyligidir. Misol uchun, chuqur quduqlardan suv chiqarish, agressiv suyuqliklarni uzatishda qo`llaniladi. Havoli ko`targichlar f.i.k. past (25...35%). Lekin, nasos tarkibida harakatchan qism va detallar yo`qligi, uning eng asosiy afzalligidir.