MIR SAID BAHROM MAQBARASI (KARMANA). Mir Said Bahrom maqbarasi Karmana shahrining markaziga yaqin Mir Said Bahrom mahallasining shimoliy chegarasida joylashgan. Maqbara X-XI asrlarga xos bo‘lib mamlakat hisobidagi yodgorliklar qatoriga kiradi.
Maqbara bir gumbazli, to‘rtburchak shaklda, hamma tomoni bir xil o‘lchovdagi pishiq g‘ishtdan tiklangan. Bino bir necha bor ta’mir qilinib, dastlabki ko‘rinishini tiklagan. Uning old qismi juda ustalik bilan bezatilgan, g‘isht turli usulda terilib, unga har xil shaklda bezak berilgan.
Maqbara o‘rtasida Mir Said Bahromning qabri bor. Qabr yonida arabcha so‘zlar yozilgan ikkita qabr toshi ham saqlanib qolgan. Aslida Mir Said Bahrom to‘g‘risida aniq ma’lumotlar yo‘q. Ehtimol u kishi musulmon dinining yirik nomoyondalaridan biri bo‘lgandir. Ehtimol Samoniylar sulolasi vakillaridan biridir. Chunki maqbara qurilish jihatidan, Buxorodagi Ismoil Samoniy maqbarasiga o‘xshab ketadi. Maqbaraning birinchi tadqiqotchisi A.K.Pisarchiq hisoblanadi. XX asrning 60 yillarigacha bu yodgorlik ko‘pchilik e’tiborini tortib kelgan. 1969 yilning qattiq qishida ko‘p qor-yomg‘ir yog‘ishi natijasida maqbara binosi qisman cho‘kib devorlari va gumbazlarida yoriqlar paydo bo‘lgan. Hozir Mir Said Bahrom maqbarasi atrofi obodonlashtirilib, uning yonida "Yoshlik" bolalar istirohat bog‘i tashkil etilgan. 1965-1970 yillarda maqbara yonida ayvonli masjid bo‘lgan, keyinchalik u bo‘zilib ketgan. Bugungi kunda bo‘zilib ketgan ayvonli masjid qayta tiklanib o‘z holatiga qaytarilmoqda.
NUROTA CHASHMASI. Yurtimizda ziyorat maskanlari ko‘p. Ularni ziyorat qilish inson qalbi va ruhiga taskin beradi. Jumladan, Nurota shahrida ham ana shunday muqaddas qadamjo mavjud.
Tarix sahifalarida Nur shahri deya muhrlangan Nurota yurtimizning muqaddas maskanlaridan biri bo‘lib, uni mag‘ribu mashriqda ham bilishadi. Manbalarning birida: “Nur shahrida kechasi osmonga nur taralib turadi, shu bois Nurato deb ataladi” deyilsa, boshqasida “Bu joy muqaddas makon, u yerda ko‘plab avliyolar yetishib chiqqanligi bois shunday nomlanadi”deyilgan. Boshqa rivoyatlarda esa “Nurato chashmasi tubidan ajabtovur nur dastasi osmonga ko‘tarilib turganligi sababli shahar nomi shunga ishora” deb bitilgan. Tarixiy manbaalarda keltirilishicha Nurato arab va fors-tojik tillarida “nur” va “ato” so‘zlaridan tashkil topgan bo‘lib, “yorug‘lik” taratadigan, ya’ni nur ato
etadigan joy ma’nosini anglatadi. Uning ikkinchi – Nurato atamasi chashma sohilida dafn etilgan Nur ota – Shayx Abulhasan Nuriyga taaluqlidir.
Dengiz sathidan 524 metr balandlikda joylashgan chashma xalqimizning ardoqli go‘shalaridan biri. Chashmaning g‘aroyib mo‘’jizali qudrati oldida lol qoladi kishi. Quyosh nuri ta’sirida chashma uzra bamisoli ko‘zguda aks etayotgan behisob jilvalar kishini sehrlab, go‘yo kuch-quvvat ato etadi. Suv yuzasiga ko‘tarilgan baliqlar quvnoq raqsi bilan porlab turgan nurni yanada balandroq yog‘dulantiradi.
Bu nurning insonlar ko‘z o‘ngida turli rang va shaklda paydo bo‘lishi betakror mo‘’jiza. Chashma suvi yumshoq va shirin bo‘lib, harorati muttasil turadi. Tarkibidagi turli shifobaxsh mikroelementlar bir qator xastaliklarga davo sanaladi. Tip-tiniq, zilol suvda yurgan shirmohi baliqlar esa beixtiyor zavqingizni oshirib, ruhingizga ravshanlik baxsh etadi. Vujudingiz darddan forig‘ bo‘lgandek yengil tortadi.
“Chashma” tabiiy me’moriy muzeyi Nur chashmasi, Nur qal’asi, IX asrda bino qilingan “Panjavaqta” katta gumbaz masjidi, Shayx Abul Hasan Nuriy maqbarasi, Nurgul binni Abul Hasan qabri, Nurgulato qudug‘i va madrasa hujralaridan iborat.
Nur haqidagi rivoyatlarning birida aytilishicha, katta karvon tunni tog‘ bag‘rida o‘tkazibdi. Ertalab uyg‘onganlarida ajoyib mo‘’jizaning guvohi bo‘lishibdi. Ro‘paralarida qandaydir shu’la tobora ravshanlashib, nur taratarmish. Syokin borib ko‘rsalar, tog‘ etagida chashma suvlari mavjlanib turar va undan nur ko‘rinarkan. Suv shunchalik tiniq ekanki, yo‘lovchilar hech qachon bunday beg‘ubor suvni uchratmagan ekan. Ular “Xudo bizga nur ato qildi” deb suv ichib, Ollohga shukronalar qilishibdi.
Xitoy bilan Yevropani bog‘lagan Buyuk Ipak yo‘li ustidagi bu so‘lim manzilgohda karvonlar nafaqat savdo va dam olish, balki shifobaxsh chashmaning suvidan g‘amlash uchun ham to‘xtab o‘tganlar.
Chashma suvi tog‘ ichidan, toshlar orasidan sizib o‘tadi. U ana shu toshlardagi turli kimyoviy birikmalar, tog‘ jinslaridagi har xil elementlarni eritib, o‘zi bilan olib keladi. Minerallashgan suvlar esa buloq bo‘lib otilib chiqadi.
Olimlarning fikricha, Nur chashmasining geologik yoshi mingyilliklarga, chashma atrofidagi qatlam esa 35-40 ming yilga teng. Abu Abdullo Rudakiy esa “Dunyoda ikkita nur bor. Biri quyosh nuri, ikkinchisi Nur chashmasidir”, deya uni bag‘oyat ulug‘lagan.
Chashma baliqlari O‘rta Osiyoda mavjud 110 ga yaqin baliqlardan biridir. Bu baliqlar fanda “marinka”, mahalliy xalq tilida esa “shirmohi” deb ataladi. Ular 20 yilgacha umr ko‘rib, 60 santimetr uzunlikdagilari ham uchrab turadi. Boshqa baliqlar singari ular ham uxlamaydi, tinch holatda dam oladi.
Baliqlar chashma suvida mavjud mineral va mikroelementlar bilan oziqlanishga moslashgan bo‘lib, tabiatning betakror mo‘’jizasidir. Baliqlar chashmadan chiqadigan kimyoviy minerallarga va tez-tez har joydan chiqib turadigan kislorodga o‘ch. Shuning uchun qayerdan suv, kislorod chiqsa, baliqlar o‘sha joyga yopiriladi, miriqib nafas oladi, rohatlanadi va o‘sha jarayon yana takrorlanishi uchun chashmaning yangi ko‘zlarini ochishadi. Bu bilan ular chashma suvining ko‘payishi uchun xizmat qiladi.
Aytishlaricha, marinka (shirmohi) baliqlari eng toza suvga moslashgan bo‘lib, u qo‘ldan ovqat yemaydi. Tosh kovaklariga, suv o‘tlari orasiga urug‘ qo‘yib ko‘payadi. Bu baliqlarning xalq tilida “shoh baliq”, “qora baliq”, “xon baliq”, “gul mohi” degan nomlari mavjud.
Nurota chashmasidagiga o‘xshash baliqlar O‘zbekistonning ko‘plab chashmalarida, ya’ni Langarning Qo‘chqorli bobo chashmasida, Oqchopda, Dehibaland va G‘ozg‘on qishlog‘i chashmalarida hamda boshqa chashmalarda ham uchraydi.
Istiqlol sharofati tufayli qayta ta’mirlangan va ancha kengaytirilgan Chashma majmuasiga Markaziy Osiyo va xorijiy davlatlardan kuniga minglab ziyoratchilar mo‘’jizaviy nurbuloq suvidan bahramand bo‘lib, tandagi g‘ubor va dardlardan xalos bo‘lishadi.
Shuningdek, chashma yonida XIX asrda asl marmardan qurilgan moviy gumbazli Hammomi Sudurda yuvinib, poklanib chiqishadi. Chashma majmuasi sohilida avliyo Shayx Abul Hasan Nuriy qabri, Chilustun jome’ masjidi, Chillaxona hujralari, Nurgulato qo‘rg‘oni (tepaligi) va Beshpanja quduqlari mavjud.