II-BOB.UZUMNI NAVLARI VA UNI YIG’IB
TERIB OLISH
2.1. Uzumning navlari.
Andijon qora uzumi
Qora andijoniy, Qora – xalq seleksiyasida chiqarilgan o‘rtapishar xo‘raki va mayizbop uzum navi. Tupi kuchli o‘sadi. Bargi to‘garak, besh bo‘lmali, kertikli, to‘q yashil, orqa tomoni tuksiz. Guli ikki jinsli. Uzum boshi cho‘ziq, 250-300 g, shingillari tig‘izligi o‘rtacha. G‘ujumi yirik, dumaloq, rangi tim qora, po‘sti yupqa, tarang, eti shirali, tarkibida 25–27% qand moddasi bor. Hosili faol harorat 2700-2750° bo‘lganda 128–140 kunda pishib etiladi
(avgust oxiri). Hosildorligi 5-rasm. Andijon qora uzumi.
150–200 ts/ga. Zamburug‘li kasalliklar va zararkunandalarga chidami o‘rtacha, sovuqqa chidamsiz.
Oq Husayni
xalq selektsiyasida etishtirilgan o‘rtapishar xo‘raki uzum navi. Vatani O‘rta Osiyo. Sharqiy ekologik-geografik navlar guruhiga kiradi. O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Rossiyaning Stavropolь o‘lkasi va boshqa joylarda tarqalgan. G‘ujumlarining shakliga qarab bir necha xillarga bo‘linadi. Mo‘rchamiyon Husayni, kelinbarmoq Husayni, qizil Husayni, lo‘nda Husayni (kadu Husayni) xillari ayniqsa ko‘p tarqalgan. Tupi kuchli o‘sadi. Bargi o‘rtacha, to‘garak, 3—5 bo‘lmali. O‘rtacha kertikli, usti silliq, mayin. Guli ikki jinsli. Uzumi avgust-sentyabrda pishadi. Uzum boshi yirik, konussimon, sershingil, g‘avol, og‘irligi o‘rtacha 300 — 350 g (ayrimlari 1 kg gacha). G‘ujumi o‘rtacha va yirik, tuxumsimon yoki tsilindrsimon, po‘sti yupqa, sarg‘ish-yashil, qarsillaydi, sershira. Tarkibida 18 — 20% qand bor, nordonligi 2—3%. O‘suv davri 153 kun. Hosildorligi 170—180 ts/ga. Sovuqqa va qurg‘oqchilikka chidamsizroq. Yangiligida eyiladi, mayiz solinadi. Saqlashga, uzoq joylarga yuborishga chidamli. O‘zbekistonning barcha viloyatlarida rayonlashtirilgan.
Parkent
Parakati, Pushti Parkati — o‘rtagi mahalliy xo‘raki uzum navi. Xalq seleksiyasi (Toshkent viloyati Parkent tumani)da yaratilgan. Sharqiy ekologik-geografik navlar guruhiga mansub. Barglari o‘rtacha va yirik kattalikda, keng panjasimon yoki yumaloq shaklda, chetlari qirrali, ba’zan qirrasiz. Guli ikki jinsli. Uzum boshi yirik, tsilindrsimon, zichligi o‘rtacha. G‘ujumi yirik, dumaloq-oval shaklda, to‘q-qizil yoki to‘q pushti rang . Eti sershira, po‘sti yupqa, g‘ubor bilan qoplangan. Kurtagi ko‘karganidan keyin Toshkent viloyatida faol harorat yig‘indisi 3000—3200°da 135—140 kunda, sentyabrь o‘rtalarida yaxshi pishib etiladi. Tupi kuchli o‘sadi, novdalari yaxshi pishadi. Hosildorligi 180— 220 ts/ga (ishkomlarda 250 ts/gacha). Sovuqqa chidamsizligi, kul (oidium) kasalligiga moyilligi bilan ajralib turadi. Yangiligida iste’mol qilinadi, musallas, desert va shampan vinolari tayyorlanadi. Qisman mayiz solinadi. Toshkent viloyatida ko‘p ekiladi.
Rizamat
o‘rtapishar mahalliy xo‘raki va mayizbop uzum navi. Shreder nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tekshirish institutining Samarqand filialida Kattaqo‘rg‘on va Parkent uzum navlarini chatishtirib chiqarilgan (K. V. Smirnov, A. F. Gerasimova). Mashhur sohibkor Rizamat Musamuhamedov sharafiga uning nomi bilan atalgan. Tupi o‘rtacha o‘sadi. Barglari o‘rtacha, yumaloq, besh bo‘lmali, sal kertikli, ters tomoni silliq. Guli ikki jinsli. Uzumi avgust sentyabrda pishadi. Uzum boshi yirik, tig‘izligi o‘rtacha, konussimon, vazni 300—550 g , g‘ujumi yirik, tsilindr shaklida, yonbosh tomoni pushti. Po‘sti yupqa, eti zich, karsildoq, uzumi ko‘rinishining bejirimligi va yaxshi ta’mi bilan ajralib turadi. Kurtagi bo‘rtgandan keyin faol harorat yig‘indisi 3000° bo‘lganda 150 kunda pishadi. Tarkibida 20—22% qand bor. Hosiddorligi 200—250 ts/ga. Novdalari yaxshi pishadi. Sovuqqa chidamsizroq, rag‘a, kul kasalligiga bardoshi yuqori emas.
Dostları ilə paylaş: |