Investitsiya muhiti – juda keng ma’noda ishlatiladigan tushuncha bo‘lib, investor tomonidan hisobga olinadigan barcha muammolar va masalalarni o‘z ichiga qamrab oladi. Investor tomonidan ma’lum bir davlatga investitsiya kiritishning qulay va noqulay tomonlari baholanadi, shu bilan bir qatorda, o‘z kapitalini kiritmoqchi bo‘lgan mamlakat mafkurasi, siyosati, iqtisodiyoti va madaniyatiga katta ahamiyat beriladi. Investitsiya muhiti har tomonlama chuqur tahlil qilinishi asosida investitsiya tavakkalchiligi aniqlanadi. Investitsiya muhiti va tavakkalchilik darajalari bir-biriga teskari nisbatdadir. Investitsiya muhiti qanchalik qulay bo‘lsa, investorning tadbirkorlik tavakkalchiligi shunchalik past darajada bo‘ladi va bu investorlarning kirib kelishini ko‘paytiradi. Aksincha, investitsiya muhiti noqulay bo‘lsa, tavakkalchilik darajasi yuqori bo‘ladi. Bu esa investitsiya qabul qiluvchining sarf-harajatlarini o‘sishiga olib keladi. Xullas, investitsiya muhitining holati faqat investor uchun emas, balki investitsiya qabul qiluvchi uchun ham muhimdir.
Chet ellik investorlar respublikada hududida investitsiya faoliyatini amaldagi qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa shakllarda ham amalga oshirishi mumkin. Bunda nizom jamg‘armasi yoki aksiyalar(pay, ulush)ning kamida 30 foizi chet el investitsiyalaridan iborat bo‘lgan korxonalar chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 11 apreldagi Farmonida chet ellik investorlar uchun belgilab berilgan soliq imtiyozlarini investitsion muhitning eng muhim tarkibiy qismlaridan biri hisoblash mumkin.
Shuni ham aytib o‘tish kerakki, yuqorida ko‘rsatilgan soliq imtiyozlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy xorijiy investitsiyalar quyidagi miqdorga teng bo‘lgan hollarda taqdim etiladi:
300 mingdan 3 mln. AQSH dollarigacha – 3 yil muddatga;
3 mln.dan 10 mln. AQSH dollarigacha – 5 yil muddatga;
10 mln. AQSH dollaridan ortiq bo‘lganda – 7 yil muddatga;
Ko‘rsatilgan soliq imtiyozlari korxonaning nizom kapitalida chet ellik ishtirokchilar ulushi kamida 50%, investitsiyalash jarayoni bunday korxona davlat ro‘yxatiga olingandan keyin boshlangan; chet el investitsiyalari erkin almashtiriladigan valyutada kiritilgan yoki zamonaviy texnologik uskunalar tarzida qo‘yilgan; soliq imtiyozlarini taqdim etish natijasida olingan daromad ushbu davrda korxonani rivojlantirish maqsadida qayta investitsiyalashga yo‘naltirilgan va shu kabi boshqa sharoitlarda qo‘llanadi.
Davlat kafolatlarisiz xorijiy investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar tomonidan jalb qilinuvchi uzoq muddatli kreditlar bo‘yicha foizlar daromad (foyda) solig‘ini hisoblashda soliqqa tortiluvchi bazaga kiritilmasligi, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi yangi tashkil etilayotgan korxonalarning asosiy faoliyatdan ko‘radigan zararlari 5 yil muddat ichida soliqqa tortiladigan daromad hisobidan to‘lash uchun hisobot davridan keyingi yillarga teng ulushlarda taqsimlanishi mumkin.
Investitsiyalash ham, soliqlarni kamaytirish ham, ma’lumki yagona maqsad emas. Ularning ikkalasi ham iqtisodiyotni pirovardida modernizatsiyalash, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish va mamlakatning eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilmog‘i lozim. Buning uchun esa hozirgi paytda zarur shart-sharoitlar yaratib berilgan. Masalan, agar korxonalar ishlab chiqargan mahsulot hajmida erkin konvertatsiyalanuvchi valyutaga eksport qilinuvchi mahsulot ulushi 15 dan 30 foizgacha bo‘lsa, bu holda soliq stavkasi 30 foiz, eksport ulushi 30 foizdan yuqori bo‘lsa – soliq stavkasi 2 baravar kamaytiriladi.
Umuman olganda, mamlakatda yaratilgan investitsion muhit va investitsilashdagi ustuvor yo‘nalishlar iqtisodiyotni sifat jihatdan yuqori darajaga chiqarish, mamlakatning ishlab chiqarish salohiyatini mustahkamlash, yuqori turmush sharoitlarini yaratish va respublikani jahondagi rivojlangan mamlakatlar qatoriga kiritish hisoblanadi.
Dostları ilə paylaş: |