Reja:
1.1. “Sanoat iqtisodiyoti” fanining ob’ekti.
1.2. “Sanoat iqtisodiyoti” fanining predmeti va boshqa fanlar bilan bog‘liqligi
1.1. “Sanoat iqtisodiyoti” fanining ob’ekti.
Har qanday fan o‘zining o‘rganish ob’ektiga ega bo‘ladi. Shunday ob’ektning bo‘lishi u yoki bu fanning dunyoga kelishi, shakllanishi va rivojlanishining muhim shartidir. .“Industrial va innovatsion iqtisodiyot” fani ham o‘z ob’ektiga ega. Uning ob’ekti umuman sanoat, xususan, O‘zbekiston sanoati hisoblanadi. Shu bois eng avvalo, ushbu fanning ob’ekti hisoblangan sanoat haqidagi ta’limot bilan tanishish zururiyati tug‘iladi.
Sanoat sotsial-iqtisodiy kategoriyadir. Demak, sanoat ob’ektiv reallik (borliq)ning in’ikosi va yuksak umumlashmasidir. Uning alohida tarmoq, ya’ni ijtimoiy ishlab chiqarishning alohida sohasi bo‘lib yuzaga kelishi ishlab chiqarish kuchlari va ijtimoiy mehnat taqsimotining rivoji bilan tarixiy jihatdan bog‘liqdir. Sanoat ham ob’ektiv borliqning muhim hodisalari qatorida ma’lum davr (vaqt va fazo)da dunyoga kelgan, muayyan qonun va qoidalar asosida rivojlangan, ma’lum miqdor va sifatlarga, zarurat va imkoniyatlarga ega bo‘lgan hamda ziddiyatlar qurboni ham bo‘lgan.
Sanoat moddiy ishlab chiqarishning asosiy va yetakchi tarmog‘idir. Sanoatning vujudga kelishi va rivojlanishi ishchilar sonining oshishi va uning jamiyatdagi mavqeining ko‘tarilishiga olib keladi. Mustaqillik davrida jamiyatni tarixiy jihatdan yangilashda ishchilarning avangardlik roli to‘g‘risida so‘z yuritilar ekan, faqat ishchilar sinfigina mehnatkashlar ommasining birlashuvi, jipslashuvi va istiqlolni himoya qilish, mustahkamlash va uni uzil-kesil ta’minlashga yordam bera oladi, deyish mumkin. Ana shu fikrni O‘zbekiston voqealigi kun sayin tasdiqlamoqda. O‘zbekiston ishchisi respublika yalpi ijtimoiy mahsuloti, milliy daromadning asosiy qismini bunyod etmoqda, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini yuqori darajaga ko‘tarishda faol ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi ishchilari qiyofasida ham barcha rivojlangan mamlakatlar ishchilaridagidek, ongli industrial mehnatkash va insonlar munosabatining yuksak me’yorlari va umuminsoniy tamoyillarini, qadriyatlarini qaror toptiruvchi, yangi hayot uchun ilg‘or kurashchi hislatlari bir butun bo‘lib mujassamlashgan.
Sanoat taraqqiyotining muhim qonuniyatlaridan biri sanoat xodimlarining madaniy-texnikaviy, ma’naviy-ma’rifiy darajasining o‘sishi, ishlab chiqarish malakasi va tajribasining tinmay oshib borishidir.
O‘zbekiston mehnatkashlarining bilim va ko‘nikmasi, ishlab chiqarish malakasi va mahorati, madaniy va ma’rifiy saviyasini yuqori darajaga ko‘tarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarda ham sanoatning yuqori o‘rin tutishini ko‘rish mumkin.
Sanoat mamlakat mudofaa qobiliyatining moddiy asosi, el-yurtda tinchlik va barqarorlikni saqlashning muhim omili, qo‘shni mamlakatlar mustaqilligini, hamkorligi va birdamligini ta’minlovchi muhim sohadir. O‘zbekiston davlati mudofaasini kafolatlashda sanoatning roli bebahodir.
Sanoat shunday tarmoqki, barcha mamlakatlarning siyosiy, iqtisodiy va tashkiliy intilishlari, ularning xo‘jalik jihatdan birlashishi, ya’ni iqtisodiy integratsiya tavsifida o‘z ifodasini topadi. Natijada barcha mamlakatlarning tabiiy, mehnat va moliyaviy resurslaridan, fan-texnikaning barcha yutuqlaridan oqilona foydalanish imkoniyatlari yuzaga keladi.
Sanoat, ayniqsa, og‘ir sanoat butun ijtimoiy ishlab chiqarishni industrlashtirish muammolarini hal etish kalitidir. Shu sababli jamiyatning moddiy-texnika asosini qaytadan qurish ishini o‘zbek xalqi Prezident rahbarligida umuman sanoat, xususan, uning eng muhim sohalarini rivojlantirishdan boshladi. Chunki bu sohalar O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy qudrati, xalq farovonligini yanada oshirishning poydevori hisoblanar edi, bundan keyin ham shunday bo‘lib qolaveradi.
Mehnatni ijtimoiy tashkil etishning eng oliy turi — konsentratsiyaning yuqori darajasi bilan kichik biznes va tadbirkorlikni uyg‘unlashtirish asosida ijtimoiy ishlab chiqarishni uyushtirishning ilg‘or usullari - ixtisoslashtirish, diversifikatsiyalash, kooperativlashtirish va mahalliylashtirish ham sanoat sohasida hukmronlik qiladi va yaxshi samaralar beradi.
Sotsial-iqtisodiy taraqqiyotni jadallashtirishni ta’minlovchi buyuk harakatlantiruvchi kuch — raqobat, ya’ni bellashuv, raqiblar kurashi ham sanoat sohasida rivoj topadi. Ilg‘or texnika va texnologiyalardan foydalanish, materiallarning yangi turlarini yaratish, mehnat unumdorligini oshirish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini yuqori darajaga ko‘tarish, ishlab chiqarishning boshqa bir qator texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlarini yaxshilash asosida uning samaradorligini ko‘tarish uchun harakat va boshqa mehnat an’analari ham avvalo, sanoat sohasida vujudga kelgan va kelmoqda.
Mustaqillikning afzalliklari va davlatning iqtisodiy siyosati sanoatning yetakchi o‘rnini yanada oshirmoqda. Islohotlarning asosiy yo‘nalishlari va ularning yechimini topish dastavval sanoat sohasida amalga oshirilmoqda va yaxshi samara bermoqda.
Dostları ilə paylaş: |