Kamchiligi: zaxarli, metallarni korroziyalovchi xossaga ega, qalay va alyuminiyga nisbatan korroziyaga aktivdir.
9-Mavzu: Rezina materiallari
Reja: Rezinalar haqida umumiy ma'lumotlar.
Kauchuk ishlab chiqarish.
Rezina materiallar olish.
Rezinaning fizikaviy-mexanikaviy xossalari.
Tayanch so’z va iboralar Rezina. Tabiiy kauchuk. Suniy kauchuk. Vulkanizasiya. Yumshatgichlar. Ebonit. Maxsus rezina-lar. Umumiy ishlarga mo'ljallangan rezinalar. Rezinaning eskirishi. Rezinaning qattiqligi. Rezina komponentlari. Rezina-elimlar.
Rezinalar haqida umumiy ma’lumotlar. Rezina buyumlar xalq xo’jaligining barcha sohalarida, ayniqsa, traktor va avtomobil sanoatida keng qo’llaniladi, chunki rezinaning asosiy tarkibiy qismi hisoblangan kauchuk juda elastik bo’ladi. Rezina juda kuchli (1000 foizgacha) deformatsiyalanishi mumkin, lekin yuklanish olinganidan keyin rezina avvalgi holatiga deyarli butunlay qaytadi. Bundan tashqari, rezinaning kimyoviy chidamliligi, yemirilishga qarshilik ko’rsatish qobiliyati yuqori, yaxshi elektr izolyatsion xossalarga ega, zichligi uncha katta emas. Hozirgi zamon avtomobillarida bir necha yuz xil rezina detallar mavjud. Ishlab chiqariladigan kauchukning anchagina qismi (taxminan 60 foizi) avtotraktor texnikasi uchun shinalar ishlab chiqarishga sarflanadi.
Har qanday rezinali materialning asosi kauchuk bo’lib, zamonaviy yengil avtomobillarda 300 tagacha nomdagi umumiy soni 500-600 ta bo’lgan detallar (yuk avtomobillarida esa 200 tadan 500 tagacha detali) rezinadan tayyorlangan bo’lib, bu detallarni tayyorlash uchun 250-400 kg kauchuk, ya’ni 500-800 kg rezina materiallar sarflanadi, 40 t yuk ko’tara oladigan MAN markali avtomobillarni faqatgina shinalari 4000 kg ni tashkil etadi. Avtomobillarda sarflanadigan rezina materiallarining umumiy massasi avtomobil massasining 8-9 foizini tashkil etadi, shu bilan birga avtomobilning umumiy tannarxini 10-40 foizini tashkil etadi, bundan ko’rinadiki rezina qimmatbaho va kamyob materialdir.
Rezinadan texnikada keng ko’lamda foydalanishga sabab quyidagilardir: - materialning yuqori elastiklik xususiyatiga egaligi (yuqori sifatli rezinalar uchun - cho’zilishdagi solishtirma uzayish 1000 foizga yetadi);
yetarli darajada mustahkamlikka egaligi (rezinalarning eng yaxshi sortlarini
uzilishdagi mustahkamligi 40 MPa ga yetadi);
gazni juda kam miqdorda o’tkazishi va suvni butunlay o’tkazmasligi;
yuqori dielektrik xususiyatlari.
Yuqorida sanab o’tilgan xususiyatlarga asoslangan holda rezinali materiallardan turli xildagi rezinotexnik buyumlar: shinalar, bikr shlanglar, amortizatorlar, tasmali uzatmalar, qistirmalar, saluniklar, muftalar, transport tasmalari ishlab chiqariladi. Kabelu, o’tkazgich, elektr mashinalar va jihozlar ishlab chiqarishda rezinalardan elektr izolyatsiyalovchi sifatida foydalaniladi.
Kauchuk ishlab chiqarish. Ilgari kauchukli o’simlik shirasidan olinadigan tabiiy kauchuk (TK) dan foydalanilardi. Rezina ishlab chiqarish ko’payishi bilan kauchuk yetishmay qoldi. Hozirgi paytda rezinalarning anchagina qismi neftni qayta ishlash mahsulotlari hisoblangan, turli sintetik kauchuklar (SK) asosida tayyorlanadi. Ammo dastlabki paytda sintetik kauchukdan olingan rezinalarning fizik-mexanik xossalari tabiiy kauchukdan tayyorlangan rezinanikiga qaraganda yomon edi (mustahkamligi, nisbiy cho’zilishi, yeyilishga va sovuqqa chidamliligi past edi). Lekin neft -kimyo sanoatining yutuqlari tabiiy kauchukdan olingan rezinalardan ishlab chiqarish imkonini beradi.
Kauchuk yuqori molekulyar birikma bo’lib, molekula massasi 100-500 mingga teng (raqam molekula vodorod atomidan necha marta og’ir ekanligini ko’rsatadi). Polimerning katta uzun molekulasi yumaloqlanishga harakat qiladi, lekin bunga molekulalarning o’zaro ta’sir kuchi qarshilik ko’rsatadi. Shuning uchun ham kauchuk juda elastik bo’ladi.
Tabiiy kauchuk (TK) Braziliyada o’sadigan geveya daraxtining kauchuk tashuvchilari (shirasi)dan olinadi. Iqlim sharoitiga ko’ra mamlakatimizda geveya daraxtini o’stirish mumkin emas, boshqa tarkibdagi kauchuk tashuvchilari bo’lgan o’simliklar ishlab chiqarish ahamiyatiga ega emas. Shuning uchun mamlakatimizda rezina sanoatining xom ashyosi sifatida sintetik kauchuklardan foydalaniladi. SK ning vatani sobiq ittifoqdir. 1932 yilda dunyoda birinchi marta S.V.Lebedev uslubiga asosan zavod sharoitida butadienli SK sintez qilingan, bu kauchuk uchta xarf bilan markalanadi-SKB. SKB o’zining sifati bo’yicha tabiiy kauchukdan anchagina yomon, shuning uchun uni boshqa SK lar siqib chiqarmoqda. O’tgan asrning 60- yillari boshlarida stereoregulyatorli butadienli kauchuk SKD (divinildi) ishlab chiqarildi. Bu kauchuklar elastikligi bo’yicha TK lardan qolishmaydi, yeyilishga va sovuq ta’siriga chidamliligiga ko’ra TK lardan yaxshiroq.
Stereoregulyatorli SK lardan eng istiqboliligi izorenli kauchuk SKI (masalan, SKI-3) dir. Uning formulasi, xossalari TK niki bilan bir xil bo’lganligi uchun uni to’la almashtira oladi.
Avtomobillarning rezinali detallarini tayyorlashda monomerlarni polimerizatsiyalash mahsulotlaridan keng foydalaniladi.
Istiqbolli universal SK larga butilkauchuk-izobutilenni-izopren bilan sopolimeri kiradi. Bu material avtomobil kamerlarini ishlab chiqarishdagi eng yaxshi materiallardandir (u yuqori gaz o’tkazmaslik xususiyatiga ega).
Hozirda 200 turdan ortiq SK lar mavjud. Kauchuklarning asosiy xususiyatlari va ishlatilish sohasi to’g’risida ma’lumotlar 3.1-jadvalda keltirilgan.
Izoh. Uchinchi ustundagi raqamlar kauchukning ishlatish sohasini bildiradi: ya’ni, 1-kabina oynalari va boshqa detallarni zichlash uchun ishlatiladi; 2-kabina eshiklari va boshqa detallarni zichlash uchun ishlatiladi; 3-havo, suv, kislota va ishqorlarning kuchsiz eritmalari muhitida ishlatishga yaroqli zichlagichlar (halqalar, qistirmalar, manjetlar va boshqalar) tayyorlashda ishlatiladi; 4-neft mahsulotlari muhitida ishlatishga yaroqli zichlagichlar tayyorlashda ishlatiladi; 5-neft mahsulotlari muhitida ishlatishga yaroqli klapan detallari tayyorlashda ishlatiladi; 6-havo, suv, amortizatorlar tayyorlashda ishlatiladi; 7-neft mahsulotlari muhitida ishlatishga yaroqli amortizatorlar tayyorlashda ishlatiladi; 8-havo muhitida ishlatishga yaroqli kuch uzatuvchi detallar (disklar, vtulkalar, bloklar) tayyorlashda ishlatiladi; 9-neft mahsulotlari muhitida ishlatishga yaroqli kuch uzatuvchi detallar tayyorlashda ishlatiladi; 10-havo, suv, kislota va ishqorlarning kuchsiz eritmalari muhitida ishlatishga yaroqli himoya detallari (ustquymalar, muftalar va boshqalar) tayyorlashda ishlatiladi; 11-neft mahsulotlari muhitida ishlatishga yaroqli himoya detallari tayyorlashda ishlatiladi; 12-havo, suv, kislota va ishqorlarning kuchsiz eritmalari muhitida ishlatishga yaroqli umumiy maqsadlar uchun ishlatiladigan yordamchi detallar tayyorlashda ishlatiladi; 14-shinalar tayyorlashda ishlatiladi.