Bizga yaxshi ma’lumki, har bir fan o‘zining tayanch tushunchalari, qonuniyatlari, tamoyillari, qoidalari tizimiga ega. Aynan mana shu holat uning fan sifatida e’tirof etilishini kafolatlaydi. Fanning mohiyatini ochib beruvchi eng muhim, asosiy tushuncha kategoriya deb ataladi. Pedagogika fanining asosiy kategoriyalari shaxs kamolotini ta’minlash, ta’lim va tarbiya samaradorligiga erishishga haratilgan jarayonlarning umumiy mohiyatini yoritadi. Eng muhim kategoriyalar sirasiga quyidagilar kiradi: shaxs, tarbiya, ta’lim (o‘qitish, o‘qish), bilim, ko‘nikma, malaka, ma’lumot, rivojlanish. Shaxs – psixologik jihatdan taraqqiy etgan, shaxsiy xususiyatlari
va xatti-harakatlari bilan
boshqalardan ajralib turuvchi, muayyan xulq-atvor
va dunyoqarashga ega bo‘lgan jamiyat a’zosi.
Tarbiya – muayyan, aniq maqsad hamda ijtimoiy-tarixiy tajriba
asosida yosh avlodni har tomonlama o‘stirish, uning ongi,
xulq-atvori va dunyoqarashini tarkib toptirish jarayoni.
Ta’lim o‘quvchilarni nazariy bilim, amaliy ko‘nikma va malakalar
bilan qurollantirish, ularning bilish qobiliyatlarini o‘stirish
va dunyoqarashlarini shakllantirishga yo‘naltirilgan jarayon.
Bilim shaxsning ongida tushunchalar, shemalar, ma’lum
obrazlar ko‘rinishida aks etuvchi borliq
haqidagi tizimlashtirilgan ilmiy ma’lumotlar majmui.
Ko‘nikma shaxsning muayyan faoliyatni tashkil eta olish qobiliyati.
Malaka –muayyan harakat yoki faoliyatni bajarishning
avtomatlashtirilgan shakli.
Ma’lumot – ta’lim-tarbiya natijasida o‘zlashtirilgan va tizimlashtirilgan
bilim, hosil qilingan ko‘nikma
va malakalar hamda tarkib topgan dunyoqarash majmui.
Rivojlanish shaxsning fiziologik va intellektual
o‘sishida namoyon bo‘ladigan miqdor
va sifat o‘zgarishlar mohiyatini ifoda
etuvchi murakkab jarayon.