"Komfort" kompaniyasi
Kompaniya haqida ma'lumot:
"Komfort" kompaniyasi maishiy kondisionerlar bilan savdo qilishga ixtisoslashgan korxona hisoblanadi. Kompaniya 2002 yilda tashkil etilgan bo'lib, u mas'uliyati cheklangan jamiyat hisoblanadi.
2007 yilning boshida buxgalter yashash joyi o'zgarganligi munosabati bilan kompaniyani tark etdi. Kompaniya yillik auditorlik tekshiruvi uchun 2006 yilga oid moliyaviy hisobotni tayyorlash maqsadida mustaqil ekspert sifatida sizga yordam so'rab murojaat qildi. Kompaniyaning hisob siyosatida korxonaning moliyaviy hisobotlari moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga muvofiq holda tayyorlanishi lozimligi yozib qo'yilgan.
Kompaniya buxgalteri 2006 yilda barcha dastlabki o'tkazmalarni amalga oshirgan. Sizga 2006 yil 31 dekabr holatiga ko'ra sinov balansining batafsil tahlili, shuningdek korxonaning ho'jalik faoliyati haqidagi qo'shimcha axborotlar taqdim etildi. Korxonaning moliyaviy yili kalendar yiliga teng.
Hisob shartli birliklarda olib boriladi.
Shartli birlikning (sh.b.) 1 AQSh dollariga nisbatan ayirboshlash kursi quyidagicha:
2006 yil 1 mayda - 15,6 sh.b.
2006 yil 1 avgustda - 15,3 sh.b.
2006 yil 15 noyabrda - 15,9 sh.b.
2006 yil 31 dekabrda - 16,1 sh.b.
Jurnal o'tkazmalarini bajarish uchun ma'lumot:
1. Kompaniyaning binosi mavjud bo'lib, u 2002 yil 1 oktyabrda foydalanishga topshirilgan. Ushbu bino maydonining 65 foizi savdo maqsadlarida, 35 foizi esa ma'muriy maqsadlarda foydalaniladi. Kompaniyaning hisob siyosati binoga amortizasiya hisoblash uchun sonlar yig'indisi usulidan foydalanishni ko'zda tutadi. Tugatish qiymati bino dastlabki qiymatining 2,5 foizini tashkil qiladi, foydali xizmat muddati esa 25 yilga teng. Soliq maqsadlarida to'g'ri chiziqli usul qo'llaniladi, tugatish qiymati nolga, foydali xizmat muddati 15 yilga teng. Barcha asosiy vositalarni hisobga olish uchun kompaniya dastlabki qiymati bo'yicha hisobga olish modelidan foydalanadi.
2. 2006 yil 8 sentyabrda kompaniya binoni qo'riqlash uchun "agat" kompaniyasi bilan bir yil muddatga shartnoma tuzdi. Shartnoma 2006 yil 1 oktyabrda kuchga kirdi. Shartnoma shartlariga ko'ra xizmat haqi oyiga 800 sh.b.ni tashkil qiladi. 4 000 sh.b. miqdoridagi to'lov 2006 yil 30 sentyabrda to'langan va u "avans tarzida to'langan xizmatlar" schetida aks ettirilgan.
3. 2006 yil 25 dekabrda "Sfinks" kompaniyasidan 10 800 sh.b. miqdoridagi to'lov olingan bo'lib, u "sotuvdan olingan daromadlar" schetida aks ettirilgan. Tovar 2007 yil yanvar oyining birinchi o'n kunligida jo'natiladi.
4. Hisob siyosatiga muvofiq kompaniya shubhali qarzlar bo'yicha xarajatlarni hisoblash uchun sof sotishdan foiz usulidan foydalanishi lozim. Ushbu tarmoqda qabul qilingan amaliyotga asoslangan holda shubhali qarzlar bo'yicha baholash xarajatlari o'rtacha sof sotuvning 0,5 foizini tashkil qiladi. Soliq qonunchiligiga muvofiq shubhali qarzlarga oid xarajatlarni so'nggi uch yil mobaynida chiqarib tashlashga ruxsat etilmaydi.
5. Kompaniya tovar-moddiy zahiralarni (TMZ) davriy xisobga olish tizimidan va sotilgan tovarlarning tannarxini aniqlash uchun o'rtacha tortilgan qiymat usulidan foydalanadi. 2006 yil 1 dekabr holatiga ko'ra TMZ qoldig'i har biri 115 sh.b. turadigan 325 dona tovarni tashkil etdi. 2006 yil dekabr oyi davomida kompaniya quyidagi xaridlarni amalga oshirgan: 5 dekabrda - har biri 120,00 sh.b. turadigan 200 dona tovar birligi, 13 dekabrda - har biri 123,00 sh.b. turadigan 85 dona tovar birligi, 20 dekabrda - har biri 121,00 sh.b. turadigan 180 dona tovar birligi, 27 dekabrda - har biri 121,50 sh.b. turadigan 160 dona tovar birligi. Inventarizasiya natijalariga ko'ra davr oxirida 113 dona tovar birligi mavjud edi.
6. Sinov balansi va qo'shimcha axborotni tahlil qilishda 2005 yilda yo'l qo'yilgan xato aniqlandi. 2005 yil 1 oktyabrda kompaniya 1 yil muddatga sug'urta shartnomasini tuzgan va 24 000 sh.b. to'lagan. Barcha summalar "sug'urta bo'yicha ma'muriy xarajatlar" schetiga o'tkazilgan. Shartnoma imzolangan paytdan boshlab kuchga kirgan.
7. Shartnomaga binoan moliyaviy hisobotni tayyorlab berganlik uchun sizning xizmat haqingiz 5 500 sh.b.ni tashkil qiladi va u ish nihoyasiga etkazilganidan so'ng to'lanadi.
8. Olinadigan savdo schetlari ikkita schetni o'z ichiga oladi: hisobotda 2006 yil 15 noyabrda aks ettirilgan 800 AQSh dollari miqdoridagi schet va 2006 yil 10 dekabrda hisobga olingan 5 580 sh.b. miqdoridagi schet.
9. 2003 yil 2 yanvarda kompaniya savdo uskunasini 8 yil muddatga moliyaviy ijaraga oldi, bu esa tahminan uskunaning foydali xizmat muddatiga teng. Uskuna hisobotda 96 051 sh.b. miqdoridagi haqiqiy qiymati bo'yicha aks ettirilgan. 8 550 sh.b. miqdoridagi to'lovlar yiliga 2 marta, 30 iyunda va 31 dekabrda amalga oshiriladi. 2006 yil 31 dekabrda to'lov amalga oshirilgan, barcha summalar "boshqa savdo xarajatlari" schetiga o'tkazilgan. Ko'zda tutilayotgan foiz stavkasi 9 foizga teng. Hisob siyosatida uskunaga amortizasiya hisoblash uchun kamayib boruvchi qoldiq usulidan foydalanish ko'zda tutilgan, tugatish qiymati nolga teng. Soliq maqsadlarida to'g'ri chiziqli usul qo'llaniladi, tutatish qiymati buxgalterlik bahosiga teng, foydali xizmat muddati 6 yilni tashkil qiladi. Kompaniyaning hisob siyosati uzoq muddatli majburiyatlarning joriy qismini ajratishni ko'zda tutadi.
10. Kompaniyada 2002 yil 15 noyabrda sotib olingan, bahosi 47 800 sh.b. turadigan yuk avtomobili mavjud bo'lib, undan tovarlarni xaridorlarga etkazib berishda foydalaniladi. Hisob siyosatiga muvofiq amortizasiya hisoblash uchun kompaniya ishlab chiqarish metodidan foydalanadi. Yuk avtomobilining tugatish qiymati - 1 800 sh.b., bajarishi mumkin bo'lgan ish hajmi - 920 000 km.ni tashkil kiladi. 2006 yilda bosib o'tilgan masofa 87 000 km.ga teng bo'ldi, 2006 yil uchun amortizasiya hisoblanmagan. Soliq maqsadlarida to'g'ri chiziqli usul qo'llaniladi, tugatish qiymati nolga teng, foydali xizmat muddati esa 6 yilni tashkil qiladi.
11. 2006 yil noyabr oyida kompaniya 180 000 sh.b.ga er maydonini sotib oldi. Er maydonida qurilgan bino mavjud bo'lib, u buzib tashlandi. Binoni buzish xarajatlari 9 500 sh.b.ni tashkil qildi, bu summa "boshqa ma'muriy xarajatlar" schetiga o'tkazildi.
12. 2005 yil 1 oktyabrda kompaniya "Prima" kompaniyasining 1 800 dona aktsiyasini sotib oldi, bu esa ovoz beruvchi aktsiyalar sonining 15 foizini tashkil kiladi. 2006 yil 28 dekabrda "Prima" kompaniyasi 80 000 sh.b. miqdoridagi dividendlar to'lanishini e'lon qildi, mazkur to'lovlar 2007 yilning 1-choragida amalga oshiriladi.
13. Foyda solig'i 30 foizni tashkil qiladi. Soliq maqsadlarida penya va jarimalarni chiqarib tashlashga ruxsat etilmaydi.