417 suriladi. Chunonchi, xristian falsafasida xudo inson qiyofasida gavdalanadi.
Xristian falsafasining yirik namoyondasi Foma Akvinskiy fikricha, insonda
mavjud fazilatlarning eng oliysi – aqldir. Inson aql yordamida yaxshi va yomon,
ezgulik va johillikning farqiga boradi. Ezgulik to’rt ko’rinishda, chunonchi:
donishmandlikda, jasurlikda, mu’tadillikda va adolatparvarlikda namoyon bo’ladi.
Akvinskiy bu fazilatlarga yana xristianlikka xos uch fazilatni: ishonch, umid va
muhabbatni ham qo’shadi.
Islom falsafasida Olloh Odam suratini (Odam Atoni) loydan yasaganligi,
keyin unga jon ato etganligi, Momo Havoni Odam Atoning «chap biqinidan»
yaratilganligi va butun kishilik jamiyati Odam Ato va Momo Havodan
tarqalganligi haqidagi g’oya ilgari surilgan. Qur’oni Karimning al-Isro surasida.
«Biz odam bolalarini aziz – mukarram qildik ... va ularni o’zimiz yaratgan juda
ko’p jonzotlardan afzal, ustun qilib qo’ydik» deyilgan. Islom dini ta’siri ostida
musulmon falsafasi, uning mutakallimlik va mutazilliylik ta’limotlari shakllandi.
Mutakallimlar olam va odamni tushunish asoslarini Qur’oni Karim aqidalaridan
izladilar. Ular insonning taqdiri azaldan belgilangan, degan g’oyani ilgari suradilar.
Mutazilliylar xudo insonga o’xshash, deb tushuntiradilar. Ayni vaqtda ular
insonning aqlini, olamni o’zgartirish borasidagi faoliyatini yuqori baholaydilar.
Musulmon falsafasidagi xurfikrlilikda inson muammosi o’zgacha talqin
qilindi. Bu yo’nalishning yirik namoyondasi Mansur Xalloj ta’limotiga muvofiq,
mustaqil, erkin fikr yuritish qobiliyatiga ega bo’lgan inson komillik, oriflik
darajasiga ko’tarilishi mumkin.
Inson muammosi O’rta asrlar O’rta Osiyo faylasuflari qarashlarida muhim
o’rin tutadi. Abu Nasr Forobiy (870-950 yy.) odamning tanasi paydo bo’lishi bilan,
unda «oziqlantiruvchi quvvat» vujudga keladi. O’sha quvvat yordamida inson
tanasi oziqlanib turadi va shu jarayonda sezgi organlari paydo bo’ladi. Sezgi
a’zolari tufayli insonda his, tasavvur, xotira birlashib, xayol hosil bo’ladi. Xayol
quvvati yordamida inson bilim, hunar egallaydi, faoliyat ko’rsatadi, foyda,
zararning farqiga boradi. Inson o’zining aql-zakovati bilan olamdagi boshqa tirik