Elektron hukumat (ingl. e-Government) – bu fuqarolar, biznes, davlat hokimiyati boshqa tarmoqlari va davlat amaldorlariga axborot taqdim etish hamda avvaldan shakllangan davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘lib, bunda davlat va fuqaro o‘rtasidagi shaxsiy aloqa minimallashtirilgan bo‘ladi va axborot texnologiyalaridan maksimal darajada foydalaniladi. Dunyoning taraqqiy topgan mamlakatlarida «Elektron hukumat» milliy tizimini faol tatbiq qilinmoqda. Bu tizim davlat tuzilmalarini boshqarishni, davlat va tadbirkorlar o‘rtasidagi aloqani mustahkamlash orqali biznes-jarayonlarni samarali rivojlantirishni ta'minlabgina qolmay, fuqarolarga davlat xizmatlarini internet orqali hammabop interaktiv shaklda taqdim etish imkonini ham yaratadi. Mamlakatimizda ham bir necha yillardan buyon, maqsadli ravishda interaktiv davlat xizmatlarini aholi va yuridik shaxslarga davlat organlari veb-saytlari va O‘zbekiston Respublikasi Hukumat portali orqali taqdim etish uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilmoqda. 2007 yildayoq, 49ta Bazaviy interaktiv davlat xizmatlari reestri (BIDXR) tasdiqlangandi. 2009 yilda u 94taga kengaytirilgan bo‘lib, hozirda esa BIDXR 195dan ziyod ko‘rinishni qamrab oladi. O‘zbekiston matbuot markazida “Elektron hukumat tizimi va interaktiv davlat xizmatlarining rivojlanishi” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sherzod Shermatov OAV vakillariga Elektron hukumat tushunchasi, uning mazmun mohiyati, amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi vazifalar haqida ma'lumot berdi. Bugungi kunda ushbu yo‘nalishda Korea Respublikasi ekspertlari bilan hamkorlikda ish olib borilayotganiga to‘xtaldi. Qo‘mitaning Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boshqarmasi boshlig‘i Olimjon Umarov mavzu bo‘yicha batafsil ma'ruza qildi. Ma'ruzachi Elektron hukumat tizimining ustuvor vazifalari haqida to‘xtalar ekan, davlat data-markazini, interaktiv davlat xizmatlarining yagona portali hamda davlat organlari axborot tizimi majmuasini tashkil etish kabi masalalar ustida olib borilayotgan ishlar haqida ma'lumot berdi. Ma'lum qilinishicha, shu yilning 1 iyulidan interaktiv davlat xizmatlarining yagona portali ishga tushiriladi. Mamlakatning 2012 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi yakunlari va 2013 yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan 2013 yil 18 yanvardagi Hukumat majlisida Prezidentimiz Islom Karimov mamlakatda «Elektron hukumat» tizimini shakllantirish Konsepsiyasi va kompleks dasturini ishlab chiqish muhimligini qayd etib o‘tgandi. Davlat organlari rahbarlari va mutaxassislaridan tuzilgan maxsus ishchi guruhi tomonidan mazkur yo‘nalishda dunyo yetakchisi bo‘lmish Korea Respublikasi va boshqa xorijiy mamlakatlarning «elektron hukumat» borasidagi ilg‘or tajribalarini inobatga olinib, «Elektron hukumat» tizimini shakllantirish bo‘yicha Konsepsiya va Kompleks dasturni, shuningdek, 2013-2017 yillarda O‘zbekiston Respublikasida Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish Kompleks dasturini ishlab chiqish amalga oshirilmoqda. Loyihalarni ishlab chiqishda korealik va boshqa xorijiy ekspertlar faol qatnashmoqdalar, ushbu yo‘nalish bo‘yicha O‘zbekistonning turli vazirliklari va idoralari mutaxassislari bilan davra suhbatlari, uchrashuvlar, seminarlar va yig‘ilishlar o‘tkazilapti. Ishlab chiqilayotgan O‘zbekiston Respublikasida 2013-2017 yillarda «Elektron hukumat» tizimini shakllantirish bo‘yicha Konsepsiya va Kompleks dastur davlat organlarining o‘zaro va aholi hamda tadbirkorlik subyektlari bilan munosabatlarining bugungi holati va yo‘nalishlarini inobatga olgan holda, «Elektron hukumat» tizimini shakllantirish va rivojlantirish bo‘yicha asosiy vazifalarni belgilaydi. «Elektron hukumat» tizimini joriy etish bo‘yicha taklif etilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligini baholash uchun davlat organlari interaktiv xizmatlarining turli sohalari va yo‘nalishlari bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar va indikatorlar ishlab chiqilgan. «Elektron hukumat» tizimi joriy etilishi natijasida to‘liq tranzaksiyalangan xizmatlarga o‘tilishi kutilmoqda, bu esa, aholi va biznes vakillarining davlat xizmatidan foydalanishda turli instansiyalarga qatnashni va davlat xizmatchilari bilan bevosita muloqotda bo‘lishni istisno etadi. Bu, o‘z navbatida, aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratishga va biznes yuritish sharoitlarini yaxshilashga xizmat qiladi. Bugungi kunda, «Elektron hukumat»ning samarali unsurlari sifatida, 20dan oshiq loyihalar amalga oshirildi. Ular sirasida:
Gov.uz O‘zbekiston Respublikasi Hukumat portali, u tashkilotlar, shuningdek, yuridik shaxslar va jismoniy shaxslar o‘rtasidagi elektron-axborot munosabatlari infratuzilmasining tizim tashkil etuvchi unsuri sanaladi. Har qanday fuqaro yoki korxona, tashkilot, muassasa vakili bu yerdan O‘zbekiston davlat hokimiyatining barcha unsurlari haqida to‘liq ma'lumot olishi, shuningdek, bevosita gov.uz portali orqali u yoki bu hokimiyat organiga elektron shaklda rasmiy so‘rov yuborishi mumkin. Bu portalda, shuningdek, Bazaviy interaktiv davlat xizmatlari to‘liq reestri chop etilgan. «E-kommunal.uz» portali – kommunal xo‘jalik sohasidagi umumiy axborot infratuzilmasi bo‘lib, aholi, nazorat organlari va uy-joy mulkdorlari shirkatlari, shuningdek, kommunal xizmatlar o‘rtasida axborot almashinuvini soddalashtiradi. Ushbu portalda qulay shaklda O‘zbekiston uy-joy va kommunal xo‘jalikka oid barcha masalalar bo‘yicha ma'lumotlar joylashtirilgan. Har bir xohlovchi portalda kommunal xo‘jalik borasidagi u yoki bu muammo haqida axborot, fotosurat joylashtirish mumkin, bu muammolar davlat hokimiyatining tegishli organlari tomonidan o‘rganib chiqiladi. Statistika, soliq va boshqa moliyaviy hisobotlarni tadbirkorlik subyektlaridan elektron ko‘rinishda yig‘ish va qayta ishlash tizimi (stat.uz, soliq.uz). Davlat soliq qo‘mitasi saytida istalgan soliq to‘lovchi, ham yuridik, ham jismoniy shaxs maslahat olish, elektron ko‘rinishda soliq hisoboti yoki daromadlar haqida deklaratsiya topshirish yoki o‘z STIRini tasdiqlash kabi qator xizmatlardan foydalanishi mumkin. Davlat statistika qo‘mitasi sayti orqali har bir tadbirkorlik subyekti statistik hisobotni elektron ko‘rinishda topshirishi mumkin. 25 mingdan ziyod me'yoriy hujjatlarni erkin foydalanish uchun yig‘gan O‘zbekiston Milliy qonunchilik bazasi (lex.uz). Lex.uz milliy tizimining asosiy maqsadi aholining huquqiy madaniyatini yuridik va jismoniy shaxslarning me'yoriy-huquqiy hujjatlardan keng foydalanishini ta'minlash orqali yuksaltirish, aholini huquqiy axborot bilan ta'minlashni takomillashtirishdan iborat.
Elektr energiya iste'molchilarining har biri uchun o‘z shaxsiy ma'lumotlaridan foydalanishini ta'minlovchi elektrenergiya iste'molchilari shaxsiy kabinetlari (uzbekenergo.uz). Chet el fuqarolarining O‘zbekistonga viza rasmiylashtirishlari uchun onlayn-so‘rovnoma (mfa.uz). Tizim O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi veb-saytining bir qismi bo‘lib, hozirda o‘zbek, ingliz va rus tillarida ishlamoqda. Faoliyatning litsenziyalanadigan turlari va ruxsat berish taomillari ro‘yxati, litsenziya, ruxsatnoma va boshqalarni olish uchun talab qilinadigan hujjatlar haqida axborot olish imkonini beruvchi umumiy litsenziyat portali (license.uz). O‘zbekistonda litsenziyalanadigan faoliyat turlari ro‘yxati muntazam qisqarmoqda va ularni olish taomili soddalashmoqda. Ushbu loyiha barcha axborotni olish va zarur litsenziyalarni olishdagi qog‘ozbozlik darajasini qamaytirish imkonini beradi. “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi tuzildi O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi huzurida «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish markazi tashkil etildi. Markaz O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2013-yil 27-iyundagi PQ-1989-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 16-sentabrda qabul qilgan qarori asosida tashkil etildi. Ayni qaror asosida “Elektron hukumat» tizimi axborot tizimlari komplekslari, resurslari va ma’lumotlar bazalarining axborot xavfsizligini ta’minlash maqsadida Axborot xavfsizligini ta’minlash markazi ham tuzilgan. «Elektron hukumat» markazining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat bo’lishi belgilangan: Elektron hukumat» tizimini yanada rivojlantirish va takomillashtirishning strategik yo‘nalishlarini, shu jumladan, jahon tendensiyalarini hamda xorijiy mamlakatlar tajribasini tahlil va tadqiq qilish asosida ishlab chiqish;«Elektron hukumat» tizimini shakllantirishda davlat organlarida qo‘llaniladigan axborot tizimlari, axborot resurslari va ma’lumotlar bazalarini loyihalashtirish, ishlab chiqish va integratsiyasining kelishilgan mexanizmini hamda «Elektron hukumat» tizimi loyihalarini amalga oshirishning normativ-metodik ta’minotini tashkil etishni nazarda tutuvchi yagona texnologik yondashuvni ta’minlash; davlat organlari faoliyatining funksional va operatsion jarayonlarini tizimli qayta tashkil etishni amalga oshirish, davlat xizmatlari ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lgan biznes jarayonlarni boshqarishni maqbullashtirish, takomillashtirish va innovatsion mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha takliflar tayyorlash; «Elektron hukumat» tizimini samarali joriy etish uchun amaldagi normativ-huquqiy bazani maqsadli tahlil qilish va uni takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash; «Elektron hukumat» tizimi doirasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirishning holatini tizimli monitoring qilish, baholash, shu jumladan, axborot tizimlari va resurslarini joriy etish samaradorligini o‘rganish, davlat organlari faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish samaradorligini reytingli baholash tizimini yuritish; «Elektron hukumat» tizimi doirasida interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatish va ulardan foydalanish samaradorligining asosiy ko‘rsatkichlarini aniqlash metodikasini ishlab chiqish, loyihalarni amalga oshirishning maqsadli indikatorlari va ko‘rsatkichlarini aniqlash. Vazirlar Mahkamasi qarorida «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish markazi hamda Axborot xavfsizligini ta’minlash markazi faoliyatini moliyalashtirish va moddiy-texnika ta’minoti tasdiqlangan smeta doirasida Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish fondi, xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat va hukumatga qarashli bo‘lmagan tashkilotlarning beg‘araz texnikaviy ko‘magi (grantlari), xo‘jalik faoliyatidan, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan tushadigan mablag‘lar hisobiga amalga oshirilishi ko’zda tutilgan. «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish markazi hamda Axborot xavfsizligini ta’minlash markazi ustavlarini bir oy muddatda ishlab chiqish va tasdiqlash, shuningdek, ularning belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi zimmasiga yuklatildi.