Taqdimot texnologiyasi, ya’ni mashg‘ulotni ko‘rgazma sifatida o‘tkazish, darsda kompyuterdan foydalanishning eng oson usulidir. Buning uchun o‘qituvchiga birgina kompyuter va multimedia proyektori kerak bo‘ladi. MS Power Point dasturi yordamida o‘tilajak dars uchun kompyuterda o‘qituvchining o‘zi slaydlar yaratadi va ko‘rgazmalar paketini tayyorlaydi.
Elektron nusxa – bu o‘zbek tili fani bo‘yicha mavjud bo‘lgan muayyan darslikning kompyuterdagi varianti (nusxasi) bo‘lib, unda multimedia vositalaridan faqat ovoz va matn qatnashadi.
Elektron multimedia darsligi – aynan kompyuter vositasida o‘quv kursini yoki uning bitta katta bo‘limini o‘qituvchi yordamida yoki mustaqil o‘zlashtirishni ta’minlovchi dasturiy-metodik kompleks.
Elektron ensiklopediya – kuchli qidiruv tizimiga ega bo‘lgan ma’lum yo‘nalishdagi illyustratsiyali maqolalar, elektron xaritalar, fotosuratlar, giperhavola(gipermurojaat)lar, audio- va videoizohlar, xronologik ro‘yxat, foydalanilgan va tavsiya etiladigan adabiyotlar ro‘yxati va hokazolardan iborat bo‘lgan katta hajmdagi elektron dastur.
Elektron lug‘at – odatdagi lug‘atlar asosida tuzilgan, multimedia vositalari bilan boyitilgan dastur. Elektron lug‘at turli yo‘nalishda tuzilishi mumkin, undan talabaning so‘z boyligini oshirish, tarjima qilishda foydalaniladi.
O‘rgatuvchi audiodasturlar, elektron lingafon kurslari umuman ikkinchi tilni o‘rganuvchilar uchun nihoyatda samarali ta’lim texnologiyalaridir. To‘g‘ri talaffuzni o‘rgatuvchi kompyuter dasturlarida animatsiya yordamida tovushning artikulyatsiya o‘rni, usuli ko‘rsatiladi, etalon nutq eshittiriladi, talabaning o‘z talaffuzi yozib kiritiladi, so‘ngra u adabiy til meyori bilan taqqoslanadi. Bundan tashqari, audiodasturlar qatoriga «Karaoke» tizimini kiritish mumkin. Undan hordiq chiqarishda yoki biron tadbirni o‘tkazishda foydalanish juda qulaydir.
Universal test dasturi o‘zbek tili darslarining biror yirik bo‘limi bo‘yicha test topshiriqlari va reyting tizimidan iborat bo‘lgan kompyuter dasturidir. Uning qulayligi shundaki, birgina dasturiy ta’minot asosida turli xil test sinovlarini o‘tkazish, ya’ni faqat matnni o‘zgartirib, dasturni har xil mavzularda qo‘llash mumkin.
Elektron virtual kutubxona – multimedia xonasining keng imkoniyatlaridan yana biri, elektron nusxa yoki elektron multimedia darsliklari mujassamlangan, tarmoqqa ulangan kutubxona.
Internet tarmog‘idan o‘zbek tilini o‘rganuvchi rusiyzabon talabalar unumli foydalanishlari mumkin: mustaqil ta’lim jarayonida ma’lumotlar to‘plash, mavzularni o‘zlashtirish, berilgan mavzuda referat, insho yozish va boshqalar. Shuningdek, elektron pochta - axborotni bir kompyuterdan ikkinchisiga yuborishni ta’minlovchi tizim orqali o‘qituvchi yoki tengdoshlari bilan muloqotda bo‘lishi mumkin.
Videomateriallar bilan ishlash til o‘qitishda alohida ahamiyat kasb etadi. Axborot texnologiyalarining bu vositasi turli ko‘rinishda, usulda qo‘llanilishi mumkin.
Masofaviy ta’lim – bu masofadan Internet tarmog‘i orqali o‘qitish usuli bo‘lib, uning asosida respublikamizda ma’lum sohalar bo‘yicha test-tajribalar o‘tkazilmoqda.
(Yuqorida keltirilgan kompyuter dasturlari to‘g‘risida amaliy mashg‘ulotlarda batafsil so‘z yuritiladi)
Anglashiladiki, mashg‘ulotlarda kompyuterdan foydalanishning turli-tuman usullari mavjud. Sanab o‘tilgan va boshqa bir qator kompyuter texnologiyalarini til o‘qitish jarayonida qo‘llash yuqori natijalar berishi shubhasizdir.
3. Jahonda kompyuterni o‘quv jarayonida qo‘llash bo‘yicha yetarli tajriba to‘plangan, bu borada olib borilgan muhim ilmiy-metodik tadqiqotlar, ko‘pgina ta’limiy-nazorat dasturlari, multimedia darsliklari mavjud. Yaratilgan dastur va boshqa elektron ishlanmalarning sifati, albatta, mualliflarning shaxsiy qarashlariga, ilmiy-metodik saviyasiga va umumiy madaniyatiga bog‘liq bo‘ladi. Bu esa nazorat qilinishi qiyin bo‘lgan holdir. Masalan, ba’zi ta’limiy-elektron ishlanmalar ko‘zlangan maqsadga to‘la-to‘kis erishishga xizmat qilsa, ba’zilari o‘ta qiziqarli, estetik jihatdan yuqori sifatli bo‘lishiga qaramay, muayyan mavzu bo‘yicha kerakli bilim va ko‘nikmalarni egallashga xizmat qilmay, informatika va informatsion madaniyat kursini o‘rganishgagina yordam beradi.
Bugungi kunda o‘qitishni kompyuterlashtirish nazariyasini ishlab chiqish, haqiqatan ham, o‘quv faoliyatining samaradorligini oshiradigan, o‘rganilayotgan mavzuga nisbatan ijobiy munosabat va qiziqishni shakllantiradigan ta’limiy-elektron ishlanmalarni yaratishning umumiy va xususiy mezonlarini belgilash zarurati paydo bo‘ldi.
Hozirgi paytda Rossiya, Ukraina, Fransiya, Yaponiya, Kanada va boshqa mamlakatlarda ta’limiy-elektron ishlanmalarni yaratish konsepsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha ilmiy-metodik tadqiqotlar olib borilmoqda. Konsepsiyada ishlanmalarning mohiyati, ularni yaratish, tekshirish va qo‘llash tartibi belgilanadi. Mutaxassislarning fikricha, ta’limiy-elektron ishlanmalar asosan texnik, pedagogik, metodik talablarga javob berishi zarur. Ular shunday talablarga mos kelsagina, ta’lim jarayonida qo‘llanilishi mumkin.