143-modda. Oʻzbekiston Respublikasi hududida qonunlarning aniq va bir xilda
bajarilishi ustidan nazoratni Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori
va unga boʻysunuvchi prokurorlar amalga oshiradi.
144-modda. Prokuratura organlarining yagona markazlashtirilgan tizimiga Oʻzbekiston
Respublikasining Bosh prokurori boshchilik qiladi.
Qoraqalpogʻiston
Respublikasining
prokurori
Oʻzbekiston
Respublikasining Bosh prokurori bilan kelishilgan holda Qoraqalpogʻiston
Respublikasining oliy vakillik organi tomonidan tayinlanadi.
Viloyatlarning prokurorlari, tuman va shahar prokurorlari Oʻzbekiston
Respublikasining Bosh prokurori tomonidan tayinlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining, Qoraqalpogʻiston
Respublikasi prokurorining, viloyat, tuman va shahar prokurorlarining vakolat
muddati – besh yil.
Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Oʻzbekiston
Respublikasining Bosh prokurori lavozimini egallashi mumkin emas.
145-modda. Oʻzbekiston Respublikasining prokuratura organlari oʻz vakolatlarini
boshqa davlat organlaridan, oʻzga tashkilotlardan, mansabdor shaxslardan
mustaqil ravishda, faqat Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga
va qonunlariga boʻysungan holda amalga oshiradi.
Prokurorlar oʻz vakolatlari davrida siyosiy partiyalarga va siyosiy
maqsadlarni koʻzlovchi boshqa jamoat birlashmalariga aʼzolikni toʻxtatib
turadilar.
Prokuratura organlarini tashkil etish, ularning vakolatlari va faoliyat
koʻrsatish tartibi qonun bilan belgilanadi.
146-modda. Oʻzbekiston Respublikasi hududida jinoyatchilikka qarshi kurash
boʻyicha tezkor-qidiruv, tergov va boshqa maxsus vazifalarni mustaqil ravishda
bajaruvchi xususiy tashkilotlar, jamoat birlashmalari va ularning boʻlinmalarini
tuzish hamda ularning faoliyat koʻrsatishi taqiqlanadi.
42
Qonuniylik va huquqiy tartibotni, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini
himoya qilishda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga jamoat tashkilotlari
va fuqarolar yordam koʻrsatishlari mumkin.