Idrok deganda, ob`ektiv vokelikdagi predmet va hodisalarning sezgi a`zolariga bevosita ta`sir etishi natijasidagi sub`ektiv aks ettirish tushuniladi. Bu ta`sir natijasida sub`ektda narsa va hodisalarning yaxlit obrazi shakllanadi. Sezgilardan farqli o`laroq idrok hissiy bilishning yangi bosqichi bo`lib, predmet va hodisalarni barcha xususiyatlari bilan birgalikda aks ettirilishidir.
Idrok obrazlarida ob`ektlarning muhim xususiyatlari: fazodagi joylashgan urni (lokalizatsiya), uzoq-yaqinligi, yo`nalishi, rel’efi, hajmi, davomiyligi, izchilligi va boshqalar aks ettiriladi. Bu xususiyatlar idrokning makon va zamondagi tuzilishini tashkil etadi. SHu bilan birga idrok modallik va intensivlik (jadallik) xususiyatiga ham ega. Idrokning modalligida analizatorlar qabul qilayotgan tashqi qo`zg`atuvchilarning sifat jihatdan farqlari ajratiladi. Intensivligi esa tashqi olamdan kelayotgan qo`zg`atuvchilarning miqdoriy quvvat ko`rsatkichlarini aks ettiradi.