2.3. SOLIQLARNING UMUMIY BELGILARI, FUNKSIYALARI VA VAZIFALARI HAMDA ULARNI GURUHLASH TARTIBI.
U yoki bu iqtisodiy kategoriyaning mohiyatini chuqurroq anglash uchun unga xos umumiy belgilarni aniqlash lozim bo‘ladi. Masalan, kredit iqtisodiy kategoriya sifatida muddatlilik, qaytarishlik, muayyan miqdorda ustama haq (foiz) to‘lash kabi umumiy belgilarga egaki, ushbu belgilar kredit kategoriyasi mohiyatini kengroq yoritish uchun xizmat qiladi. Xuddi shu kabi soliq kategoriyasi ham bir qator o‘ziga xos belgilarga egaki, ushbu belgilar soliqlarning boshqa to‘lovlardan farqlash uchun xizmat qiladi.
Shuni alohida qayd etish lozimki, soliqlarning belgilari borasida ham iqtisodchi olimlar tomonidan turli xil fikrlar mavjud. Masalan, prof. Q. Yahyoev soliqlarni umumiy belgilari sifatida quyidagilarni asoslaydi.
1. Soliqlar va yig‘imlar majburiy bo‘lib, bunda davlat soliq to‘lovchining bir qism daromadlarini majburiy badal sifatida byudjetga olib qo‘yadi. Bu majburiylik Oliy Majlis tasdiqlab bergan Soliq Kodeksining qoidalari asosida amalga oshiriladi. Demak, majburiylik belgisi huquqiy jihatdan davlat tomonidan kafolatlanadi.
2. Soliqlar xazinaga davlat budjetiga tushadi. Ammo boshqa turdagi to‘lovlar «Umid», «Ekosan» kabi jamg‘armalarga tushishi soliq munosabatlarini aks ettirmaydi.
3. Soliqlar qat’iy belgilangan va doimiy harakatda bo‘ladi. Tarixan asrlab o‘zgarmay harakatda bo‘lgan soliqlar mavjud. Uning ilmiy asosi qancha chuqur bo‘lsa, shuncha qat’iy va uzoq yillar o‘zgarmasdan harakat qiladi.
4. Davlatga to‘langan soliq summasi to‘lovchining o‘ziga to‘liq qaytmaydi, ya’ni u ekvivalentsiz pul to‘lovidir.12
Rus iqtisodchisi A.Medvedev o‘zining «Soliqlarni qanday rejalashtirmoq kerak» nomli kitobida soliqlarga xos bo‘lgan ikki belgini, ya’ni majburiylik va ekvivalentsizlik kabi belgilarni qayd etadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, bizningcha soliqlarning umumiy belgilarini quyidagicha ifodalash mumkin:
1. Soliq to‘lovchi pulning u yoki bu summasini davlatga to‘lap ekan, buning evaziga bevosita biron-bir tovar yoxud xizmat olmaydi. Alohida olingan soliq to‘lovchi tomonidan to‘langan soliq miqdori bilan u iste’mol qiladigan ijtimoiy ne’matlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik mavjud bo‘lmaydi. Xuddi ana shu xususiyatiga ko‘ra soliq narxdan, (tovar yoki xizmatlarni ixtiyoriy iste’mol qilganligi uchun to‘lanadigan haq sifatida) ruxsatnoma (litsenziya) lar va vositachilik yig‘imlaridan farq qiladi, chunki bular majburiy yoki ixtiyoriy to‘lovlar hisoblansada, biroq hamma vaqt hukumat tomonidan ko‘rsatilgan xizmatdan muayyan foyda (naf) ko‘rilishi bilan bog‘liqdir.
Davlatga to‘lanadigan soliqlar bilan uning evaziga olinadigan iqtisodiy va ijtimoiy ne’matlar o‘rtasida bevosita, har bir kishining ko‘zi ilg‘aydigan bog‘liqlikning yo‘qligi soliq to‘lovchilar soliqqa tortishni yuk sifatida baholashlari uchun sabab bo‘ladi, vaholangki, ular soliqlar hisobidan qilinadigan davlat xarajatlarining yo‘nalishini ma’qullashlari ham mumkin.
Alohida olingan soliq to‘lovchi odatda jamiyat va o‘zining ko‘rgan foydasi yoki manfaatini to‘lagan soliqlari bilan solishtirib o‘tirmaydi. Bu shunga olib keladiki, oqibatda fuqarolarning bir qismi soliqlar to‘lashdan buyin tovlashga, o‘z daromadlarini yashirishga urinadi. Davlat o‘z fuqarolaridan yig‘ib olgan soliqlarni samarali va oshkora tarzda ishlatsa hamda fuqarolarning aksariyat qismi davlatning iqtisodiy ijtimoiy va boshqa dasturlarini o‘z mablag‘lari hisobidan pul bilan ta’minlashga rozi bo‘lgandagina yuksak soliq axloqi tamoyillari yuzaga keladi.
2. Soliqlar majburiy to‘lovlar hisoblanadi. Soliqlarning to‘liq miqdorda va o‘z vaqtida to‘lanishi uchun javobgarlik soliq to‘lovchilar zimmasiga yuklangan bo‘lsada, ular ixtiyoriy emas, majburiy ravishda to‘laydilar, davlat soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlarni qattiq jazolaydi.
3. Davlat foydasiga soliq to‘lash orqali daromadning avvaldan belgilab qo‘yilgan, eng muhimi, qonuniy tartibda ko‘zda tutilgan qismi undirib olinadi. Ko‘pgina davlatlarning, shu jumladan, O‘zbekistonning ham qonunlarida soliqlarni belgilash va ularning hajmlarini aniqlashga faqat Oliy qonun chiqaruvchi hokimiyat yoki uning tomonidan vakolat berilgan organlar haqlidirlar, deb mustaxkamlab qo‘yilgan. O‘zining xohish-istagiga qarab yangi soliqlar belgilash yoki ularning hajmlarini aniqlashga hech kimning haqqi yo‘q. To‘lovlarning qonuniy, ochiq-oydin xususiyatga ega bo‘lishi soliqlarning bosh tavsifi hisoblanadi.
4. Soliqlarning yana bir belgisi ularning davlat yoki mahalliy byudjetga kelib tushishidir, ya’ni soliqlar byudjetdan tashqari fondlar yoki turli xil boshqa fondlarga kelib tushmaydi.
5. Soliqlarga xos bo‘lgan umumiy belgilardan biri sifatida davlat hamda yuridik va jismoniy shaxslar o‘rtasida mulkchilikni qayta taqsimlash jarayonini yuzaga kelishidir. Soddaroq qilib aytganda korxonalar va aholidan olinadigan
soliqlar, aslida ular mulkining ma’lum bir qismini davlat hisobiga o‘tkazilishini bildiradi. Bu bilan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga tegishli bo‘lgan mulk daromad shaklida majburiy to‘lov bo‘lib, davlat mulkiga aylanadi.
Demak, yuqorida qayd etilgan soliqlarga xos bo‘lgan umumiy belgilar ularni iqtisodiy mohiyatini ochishga xizmat qiladi. Soliq kategoriyasi boshqa iqtisodiy kategoriyalar: moliya, kredit, sug‘urta, investitsiya kabilar bilan umumiy o‘xshashlikka ega, ya’ni ularning barchasi pulli munosabatlarni ifodalaydi. Lekin soliqlarning o‘ziga xos yuqorida qayd etilgan belgilari mavjudki, ushbu belgilar soliqlarni boshqa iqtisodiy kategoriyalardan farqlash uchun xizmat qiladi.
Soliqlarning iqtisodiy mohiyati davlat bilan huquqiy va jismoniy shaxslar o‘rtasida vujudga keluvchi ob’ektiv majburiy to‘lovlarga asoslangan moliyaviy munosabatlar orqali xarakterlanadi. Bu moliyaviy munosabatlar maxsus ijtimoiy xarakterga ega bo‘lib, milliy daromadning bir qismi bo‘lgan pul mablag‘larini davlat ixtiyoriga safarbar qilishga xizmat qiladi.
Soliqlarning mohiyati ularning bajaradigan funktsiyalaridan kelib chiqadi. Har bir iqtisodiy kategoriyaning o‘z funktsiyasi mavjud. Soliq ham mustaqil kategoriya sifatida o‘zi bajaradigan funktsiyalarga ega bo‘lib, bu funktsiyalar soliq kategoriyasining amaldagi xarakatini ifodalaydi. Funktsiya deganda, odatda, kategoriyaning hayotda ko‘p qaytariladigan, takrorlanadigan doimiy xarakatlarini tushunish lozim.
Soliqlarning funktsiyalari to‘g‘risida turli xil qarashlar mavjud. Sobiq sotsialistik mamlakatlar iqtisodchilari o‘rtasida soliqlar ikki funktsiyani bajaradi, degan qarash keng tarqalgan edi. Bu ikki funktsiya sifatida fiskal va nazorat funktsiyalari tan olinardi. Ularning fikriga ko‘ra eng asosiy funktsiya bu soliqlarning fiskal funktsiyasidir, chunki usiz nazorat funktsiyasining mavjud bo‘lishi mumkin emas.
G‘arb iqtisodchilari ko‘pchiligining nazariyalari angliyalik iqtisodchi J.Keynsning kontseptsiyasiga asoslanadi. By kontseptsiyaga ko‘ra soliqlar fiskal funktsiyasidan tashqari iqtisodiyotni tartibga solish, rag‘batlantirish va daromadlarni boshqarish vositasi funktsiyalariga ega, soliqning bu funktsiyalari uni iqtisodiyotni tartibga solish va iqtisodiy barqaror o‘sishni ta’minlash vositasi sifatida foydalanish zarurligidan kelib chiqadi.
Neokeynschilik yo‘nalishi vakillari bo‘lgan L.Xarrot, N.Kaldor, A.Xansen va P.Samuelsonlarning fikriga ko‘ra soliqlar iqtisodiyotni tartibga solish funktsiyasiga ega. Ular soliq stavkalarini o‘zgartirish va turli imtiyozlar berish yo‘li bilan bu funktsiyani bajarish mumkin deb hisoblaydilar.
Soliqlarning daromadlarni boshqarish funktsiyasini yuzaga kelishiga frantsuz iqtisodchisi E.De Jirardenning nazariyasi asos bo‘lgan. Bu nazariyaga ko‘ra, soliqlar yordamida soliqqa tortishning progressiv shkalasini qo‘llash yo‘li bilan jamiyat a’zolari o‘rtasidagi mulkiy tengsizlikka barham berish mumkin. Hozirgi kunda bu nazariyaning davomchilari bo‘lib, amerikalik iqtisodchilar A.Ilersik, G.Koul, frantsuz iqtisodchilari M.Klyudo, J.Furaste hisoblanishadi. Ularning fikriga ko‘ra, davlat soliqlardan va transfert to‘lovlaridan foydalanish yo‘li bilan jamiyat milliy daromadini kambag‘allar foydasiga qayta taqsimlaydi. Bu nazariyalar soliqlarning daromadlarni tartibga solish funktsiyasi mavjud degan xulosa kelib chiqishiga sabab bo‘ldi.
Malmiginning fikriga ko‘ra soliqlar uch funktsiyani bajaradi, ya’ni fiskal, taqsimlash va rag‘batlantirish. Uning fikriga ko‘ra birinchi funktsiya davlat daromadlari manbalarining tashkil topishi bilan bog‘liq, ikkinchisi huquqiy va jismoniy shaxslarning daromadlarini taqsimlashni nazarda tutadi. Rag‘batlantirish funktsiyasi turli imtiyozlar va engilliklar berish yuli bilan amalga oshiriladi.13
O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, G‘arb iqtisodiy adabiyotlaridagi daromadlarni boshqarish funktsiyasi I.Malmiginda taqsimlash funktsiyasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Soliqlarning funktsiyalari ularning mohiyatini amaliyotda harakat qilayotganligini ko‘rsatadi. Shunday ekan, funktsiya doimo yashab, soliq mohiyatini ko‘rsatib turishi zarur. Bugun paydo bo‘lib ertaga yo‘q bo‘lib ketadigan holatlar soliq funktsiyasi bo‘la olmaydi. Demak, funktsiya kategoriyasi doimiy, qat’iy takrorlanib turadigan voqe’likni ifodalaydi. Shunday uslubiy yondashishdan kelib chiqib soliqlar funktsiyasini aniqlash kerak.
Soliqlarning funktsiyalari masalasida katta bahslashuvlar mavjud, lekin yagona bir fikrga kelingan emas. Ko‘pchilik iqtisodchilar soliqlarga fiskal, boshqaruvchi, rag‘batlantiruvchi, nazorat funktsiyalari xos deb ta’rif berishadi.
Bizning fikrimizcha, soliqlarning quyidagi asosiy funktsiyalarini ajratib ko‘rsatish maqsadga muvofiqdir:
1. Soliqning fiskal funktsiyasi
2. Tartibga solish funktsiyasi.
3. Rag‘batlantirish funktsiyaschi
4. Soliqning nazorat funktsiyasi.
5. Soliqni hisoblash jarayonini axborot bilan ta’minlash funktsiyasi.
Soliqlarning asosiy funktsiyasi - fiskal funktsiya hisoblanib (lotincha fiscus so‘zidan olingan bo‘lib, xazina degan ma’noni anglatadi), bu funktsiyaning mohiyati shundan iboratki, soliqlar yordamida davlatning moliya resurslari hosil qilinadi hamda davlat faoliyat ko‘rsatishi uchun moddiy sharoit yaratiladi. Soliqlar orqali korxonalar va fuqarolar daromadining bir bo‘lagini davlat apparatini, mamlakat mudofaasini, noishlab chiqarish sohasining umuman o‘z daromadlari manbaiga ega bo‘lmagan qismini (ko‘pgina madaniyat muassasalari, jumladan, kutubxonalar, arxivlar va boshqalar) yoki lozim darajada rivojlanishini ta’minlash uchun o‘zining mablag‘i etishmaydigan tarmoqlarni (fundamental opgan, teatrlar, muzeylar, ko‘plab o‘quv yurtlari va hokazo) saqlab turish maqsadida undirib olish yo‘li bilan davlat byudjetining daromad qismini shakllantirish soliqlar fiskal funktsiyasining eng muhim elementi hisoblanadi.
Ishlab chiqarishning rivojlanishi bilan fiskal funktsiyaning ahamiyati oshib boradi. Ishlab chiqarish ijtimoiy tusdaligining chuqurlashishi fan-texnika taraqqiyotining rivojlanish munosabati bilan asosan soliqlar hisobiga shakllantiriladigan moliyaviy resurslar oqimini ko‘paytirishning real zarurati yuzaga keladi. Davlat iqtisodiy va ijtimoiy tadbirlarga ko‘proq e’tibor bergan sari ko‘p moliyaviy resurslarni sarflamoqda, lekin soliq tizimi o‘zining fiskal funktsiyasi vazifalarini bajarishi jarayonida ishlab chiqarish o‘sishiga, jamg‘arish jarayoniga halal bermasligi, ijtimoiy adolatni buzmasligi hamda xalq xo‘jaligining umumiy tuzilmasida buzilishlar va chetga chiqishlar sodir bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligi, bozor jarayoniga putur etkazmasligi kerak.
1. Soliqlarning ushbu funktsiyasi orqali hosil bo‘ladigan pul resurslari davlat fondi (davlat byudjeti) orqali qayta taksimlanadi, ular ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishga, ustuvor tarmoqlarni investitsiyalashga yo‘naltiriladi.
Jahon amaliyotida ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan shaxslar uchun soliq imtiyozlari va yuqori daromad oluvchi shaxslar uchun progressiv stavkalar belgilash ham qo‘llanadi, ya’ni aholining kam daromad oladigan qismini ijtimoiy himoya qilish maqsadida daromadlarni bir qismi qayta taqsimlanadi. Bunday yondashuvlar soliqqa tortiladigan daromad aniqlanayotganida soliqqa tortilmaydigan minimum miqdoridagi daromad qo‘shilmaydi, ayni paytda ortiqcha daromadlar soliqqa yuqori progressiv stavkalar bo‘yicha tortiladi.
Soliqlarning ko‘pchiligi ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilarni yuzaga kelgan vaziyatni hisobga olgan holda joylarda korxonalar faoliyatining iqtisodiy shart-sharoitlarini o‘zgartirishga majbur etib, moliyaviy resurslarni makrodarajada qayta taqsimlashga olib keladi.
2. Bozor munosabatlarining shakllanishi va rivojlanishi sharoitida soliqlarning ikkinchi muhim funktsiyasi ularning iqtisodiyotdagi tartibga soluvchilik roli hisoblanadi, ya’ni davlat soliqlar orqali tovarlar, xizmatlarni ishlab chiqarish va sotishning iqtisodiy shart-sharoitini tartibga soladi va bu bilan xalq xo‘jaligi tarmoqlarining iqtisodiy faoliyatini amalga oshirish uchun muayin «soliq muhiti»ni yaratadi. Ushbu funktsiya orqali soliq tizimiga ta’sir ko‘rsatadi, ya’ni muayyan tarmoqda ishlab chiqarish sur’atlarini rag‘batlantiradi yoki jilovlab turadi, sarmoyaning bir tarmoqdan soliq muhiti eng ma’qul bo‘lgan boshqa tarmoqqa qo‘yilishini kuchaytiradi yoki pasaytiradi, shuningdek aholining to‘lovga qobil talabini kengaytiradi yoki kamaytiradi.
Soliqlarning tartibga soluvchi sifatidagi funktsiyasining ahamiyati bozor sharoitida o‘sib boradi, bu davrda tadbirkorlarni ma’muriy qaram qilish usullari yo‘q bo‘lib ketadi yoki juda oz holda qoladi, korxonalar faoliyatini farmoyishlar, ko‘rsatmalar va buyruqlar yordamida idora qilish huquqiga ega bo‘lgan «yuqori tashkilot» tushunchasining o‘zi asta-sekin yo‘qola boradi. Biroq iqtisodiy faollikni izga solib turish, uning rivojlanishini jamiyat uchun maqbul bo‘lgan yo‘nalishda rag‘batlantirish zarurati saqlanib qoladi.
3. Rag‘batlantirish funktsiyasi soliq tizimining eng muhim funktsiyalaridan biri bo‘lib, ishlab chiqarishni rivojlantirishga, moddiy xom ashyo resurslari, shuningdek moliyaviy va mehnat resurslari, jamg‘arilgan mol-mulkdan samarali foydalanishga rag‘batlantiruvchi ta’sir ko‘rsatadi, ya’ni soliq yukini kamaytirish orqali ishlab chiqarishni rivojlantirishga, moliyaviy ahvolni mustahkamlashga va investitsiya faoliyatini jonlantirishga rag‘batlantiradi. Soliqlarning rag‘batlantirish funktsiyasi orqali davlat xalq xo‘jaligi taraqqiyotini rag‘batlantiradi, bu bilan fiskal funktsiyani bajarish uchun bazani kengaytiradi, ishlab chiqarishni soliqlarning rag‘batlantirish funktsiyasi orqali rag‘batlantirib, davlat oqilona soliq siyosatini olib borish bilan soliq yukini kuchaytirmasdan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning erkin faoliyat ko‘rsatishi ta’minlanadi.
4. Soliqlarning nazorat funktsiyasi soliq to‘lovchi tomonidan taqdim etilgan, soliqqa tortish ob’ekti, soliqqa tortiladigan baza, imtiyozlar singari va hokazo tegishli soliq ko‘rsatkichlarining hisob-kitoblarini tekshirishdek ancha murakkab jarayondan iborat. Soliq hisobi soliq idoralariga belgilangan soliq hisobi shakllari orqali soliq to‘lovchilar o‘zlarining soliq majburiyatlarini qanday bajarayotganliklarini yanada samarali nazorat qilish imkonini beradi.
5. Soliqlarni hisoblash jarayonini axborot bilan ta’minlash funktsiyasi ham muhim ahamiyat kasb etib, bu funktsiya orqali xarajatlar hajmi va konkret soliqlar davlatning qanday ijtimoiy-iqtisodiy funktsiyalarini bajarishga sarflanganligi to‘g‘risida axborot berib turilishi juda zarurdir. Shunday qilinsa, soliqlarning byudjetga tushishi to‘liq, o‘z vaqtida va oson kechadi.
Dostları ilə paylaş: |