O‘zgaruvchan rezistorlar. Radioeshittirish va televizion apparatlarda ovoz balandligini, tembrni, ravshanlikni, kontrastlikni, qatorlar va kadrlar chastotasini, televizion tasvir o‘lchamlarini rostlagich sifatida va boshqa maqsadlarda umumiy ishlarga mo‘ljallangan o‘zgaruvchan rezistorlardan foydalaniladi. Bundan tashqari bu rezistorlar ishlab chiqarish, tibbiyot va boshqa maxsus apparatlarda o‘tayotgan tok yoki olinadigan kuchlanishga bog‘liq bo‘lgan parametrlarni rostlash uchun xizmat qiladi. Barcha hollarda ular apparatlarni ishlatishda zarur bo‘lgan rostlagich elementlar rolini bajarganligi sababli, ulardan foydalanishda qulay bo‘lishlik, qarshilikning u yoki bu qonun (chiziqli, logarifmik, eksponensial) bo‘yicha bir tekis o‘zgarishi, ishonchli bo‘lishi va tuzatish ishlarida tez almashtiriladigan bo‘lishi talab etiladi. Umumiy ishlarga mo‘ljallangan rostlovchi o‘zgaruvchan rezistorlardan tashqari, ko‘plab ishlab chiqarilgan radioapparatlarni sozlash va rostlash uchun moslanuvchi kichik o‘lchamli rezistorlar qo‘llaniladi. Bu rezistorlar, odatda, radioapparat qobig‘ining ichiga o‘rnatiladi va induktivlik sozlanib va rostlangandan so‘ng rezistorlar o‘qlarining holati nitroemal yordamida belgilab (cheklab) qo‘yiladi. Shu yo‘l bilan mexanik va boshqa ta’sirlar ostida qarshilik o‘zgarishining oldi olinadi.
Simli rezistorlar. Simli rezistorlar temperaturaga nisbatan yuqori barqarorlikka va termochidamlilikka ega. Bu rezistorlarning asosiy kamchiligi – qarshiliklari diapazonining cheklanganligi (bir necha yuz kOm largacha) va bahosi nisbatan yuqoriligidir.
Kompozitsion simsiz o‘zgaruvchan rezistorlar. Bu rezistorlar o‘ziga xos tuzilishga ega. Biroq yakka yoki qo‘shaloq konstruksiya, uzgichli va ekranli yoki ularsiz, chiqish uchlari radial yoki aksial, bikr yoki egiluvchan, o‘qi yakka yoki qo‘shaloq, o‘qi qotirib qo‘ygichli yoki qo‘ygichsiz kabi qo‘shimcha belgilarning xilma – xilligi bu rezistorlarning shakli o‘lchamlari va massasiga ko‘ra xilma – xil bo‘lgan ko‘p sondagi turlarining mavjudligiga sabab bo‘ldi (1.3–rasm).
1.4-rasm. Umumiy maqsadlarda qo‘llaniladngan o‘zgaruvchan
simsiz rezistorlar.