Axborotning texnik himoyasi – amaldagi qonunchilikka mos ravishda texnik, dasturiy va dasturiy-texnik vositalar yordamida axborot xavfsizligining nokriptografik usullari bilan ta’minlashni inobatga oluvchi axborot himoyasidir. SHunga alohida e’tibor qaratish muhimki, texnik himoya deganda nafaqat texnik kanallar orqali ma’lumotning chiqib ketishini oldini olish, balki axborotni noqonuniy ruxsatlardan, matematik ta’sirlardan, zararlantiruvchi dasturlardan va boshqalardan himoya qilish ham tushuniladi.
Axborotni texnik himoyalash obyektlariga quyidagilarni kiritish mumkin:
axborotlashtirish obyekti;
axborot tizimi;
axborot tizimi resurslari;
axborot texnologiyalari;
dasturiy vositalar;
aloqa tarmoqlari.
Nazorat hududi – bu qo‘riqlanuvchi (hudud, bino, ofis va boshq.) soha bo‘lib, uning ichida kommunikatsiya qurilmalari hamda axborot tarmog’ining lokal tarkibiy qurilmalarini birlashtiruvchi barcha nuqtalar joylashadi.
Axborot tizimlarida ta’sir etilishi mumkin bo‘lgan obyektlarga quyidagilarni kiritish mumkin:
apparat ta’minoti;
dasturiy ta’minot;
kommunikatsiyalar (aloqa kanallari yoki kommunikatsiya qurilmalari orqali ma’lumotlarni uzatish va qayta ishlash);
xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar.
Axborotning konfidentsialligi, butunligi va ruxsat etilganligini buzish maqsadida ta’sir ko‘rsatish obyektlariga nafaqat axborot tizimi elementlari, balki uni qo‘llab turuvchi infratuzilma (elektr, issiqlik ta’minoti, sovitish tizimlari) ham kiradi. Bundan tashqari texnik vositalarning joylashish hududiga ham e’tibor qaratish lozim, ya’ni ularni qo‘riqlanuvchi hududga joylashtirish zarur. Simsiz aloqa vositalarini o‘rnatishda, ularning amal qilish masofasi (harakat zonasi) nazorat qilinuvchi hududdan chiqib ketmasligi tavsiya etiladi.
Texnik himoya vositalari– bu texnik qurilmalar, komplekslar yoki tizimlar yordamida obyektni himoyalashdir. Texnik vositalarning afzalligi keng ko‘lamdagi masalalarni hal etilishda, yuqori ishonchlilikda, kompleks rivojlangan himoya tizimini yaratish imkoniyatida, ruxsatsiz foydalanishga urinishlarga mos munosabat bildirishda va himoyalash amallarini bajarish usullaridan foydalanishning an’anaviyligida namoyon bo‘ladi.
Maskirovkalovchi (niqoblovchi) belgilarning ochilishi (demaskirovka belgilari) deganda obyektning boshqa obyektlardan biron-bir tavsifi bilan farq qiladigan xususiyati tushuniladi. Farqlovchi tavsiflar son yoki sifatda baholanishi mumkin. Obyektning demaskirovka belgilari – bu himoya obyektiga xos xususiyat bo‘lib, undan texnik razvedka obyektni topishi yoki aniqlashi hamda obyekt haqida kerakli ma’lumotlarni olish uchun foydalanilishi mumkin. Axborotga egalik demaskirovka belgilarini tahlil etish orqali amalga oshiriladi. Demak, bu belgilar axborotni o‘ziga xos chiqib ketish kanali hisoblanadi. Demaskirovka belgilarni tarqatuvchilar bo‘lib to‘g’ridan- to‘g’ri bu belgilar bilan bog’liq bo‘lgan fizik maydonlar hisoblanadi.
Axborot tizimida texnik xarakterdagi tadbirlar. Axborot xavfsizligi tizimining injener-texnik elementi texnik razvedka vositalariga hamda ularning kompleksi asosida nazorat sohasini hosil qilishga qarshi faol va passiv qarshilik ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan. Axborotni himoya qilishda ushbu element muhim ahamiyatga ega bo‘lib, uning tarkibiga quyidagilar kiradi:
bino, inshoat, aloqa liniyalari joylashgan hududga begona shaxslarning kirishiga qarshi fizik himoyani tashkillashtirish;
kompyuter qurilmalari, aloqa vositalari, modemlar, fakslar va aloqa kanali orqali ma’lumot uzatishda ishtirok etuvchi boshqa qurilmalar bilan ishlash jarayonida vujudga keluvchi axborotning chiqib ketish texnik kanallariga qarshi texnik vositalar;
binoni vizual usullar bilan texnik razvedka qilishdan himoyalovchi vositalar;
kuzatish vositalari, xabar berish, signalizatsiya, axborot berish, texnik vositalarning ish faoliyati buzilganda yoki tarmoq aloqasi kattaliklari o‘zgartirilganda ularni identifikatsiya qilish;
texnik razvedka asboblari va qurilmalari (eshitish, kuzatish, uzatish va boshq.) ni aniqlovchi vositalar;
xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar tomonidan ish joyidan maxsus niqoblangan (maskirovka) buyumlarni, axborot tashuvchilar, tashqi xotiralar va shu kabilarni olib chiqib ketishni oldini oluvchi nazorat texnik vositalari;
texnik vositalarning zaxirasini yaratish, axborot tashuvchilarning nusxasini hosil qilish.
Axborot himoya tizimining asosiy elementlaridan biri – bu tizimdagi barcha elektron qurilmalarni uzluksiz ishlashi uchun ularni elektr manbai bilan ta’minlash. Ko‘pchilik axborot tashuvchilarga elektr energiyasi uzatishning to‘liq uzilishi kompyuter yoki boshqa elektron qurilmalarning ish holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi degan noto‘g’ri fikrga ega. Aksincha, elektr tarmog’idagi oddiy ko‘z bilan ilg’ab bo‘lmaydigan kuchlanish o‘zgarishlari yoki xalaqit berishlar tizimdagi qurilmalarga eng katta zarar keltirishi mumkin. Yuqori sezgirli elektron qurilmalar, shu jumladan kompyuter, kommutator va marshrutizatorlar elektr tarmog’idagi kuchlanish o‘zgarishini darhol sezadi va munosabat bildiradi.
Bundan tashqari, shunga e’tibor berish kerakki, g’arazgo‘y kimsalar obyekt (korxona, tashkilot) dagi axborot muhitida qayta ishlanayotgan ma’lumotlarni 127/220/380 V kuchlanishli elektr tarmog’i vositasida yechib olishlari mumkin. Yondosh elektromagnit nurlanishlar darajasini kamaytirish uchun maxsus axborot himoya vositalari qo‘llaniladi. Bular:
binoni ekranlash;
himoya obyektlari kuchlanishini qo‘shimcha ravishda yechish (erga ulanish);
tarmoq shovqin-pasaytirgich filtrlar yordamida elektr manbai zanjirlarini ajratish;
nazorat qilinuvchi sohadagi axborot zanjirlari va tashqi aloqa liniyalari orasida elektromagnit maydonini ajratish.