KIRISH Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar hamda samarali iqtisodiy siyosat natijasida barqaror o‘sish sur’atlariga erishilib, xalqimizning farovonligi va turmush darajasi yildan-yilga sezilarli ravishda oshib bormoqda. Ayniqsa, keyingi yillarda iqtisodiyotni modernizatsiyalash, diversifikatsiyalash va tarkibiy o‘zgartirish borasidagi keng ko‘lamli tadbirlar yangidan-yangi zamonaviy tarmoqlarning barpo etilishi, mahsulot ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishning yangi turlarining yo‘lga qo‘yilishi, respublikamiz eksport salohiyatining kuchayishiga imkon yaratmoqda.
Bugungi kunda jahondagi ko‘plab mamlakatlarning ijtimoiyiqtisodiy tizimiga jiddiy tarzda salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz mamlakatimiz iqtisodiyotini ham o‘ziga xos, murakkab sinovdan o‘tkazmoqda. Bu borada mustaqillikka erishilgandan buyon yuritilayotgan oqilona va samarali iqtisodiy siyosat, ayniqsa, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishning o‘ziga xos yo‘li va tamoyillarining belgilab olinishi, xususan, islohotlarning bosqichma-bosqich, tadrijiy yo‘l bilan olib borilishi, bunda davlatning bosh islohotchilik vazifasining qat’iy belgilab berilganligi inqirozlarning salbiy ta’sir oqibatlarini yumshatuvchi va bartaraf etuvchi omillarga aylanganligi yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Shu bilan bir qatorda, respublikamiz tomonidan eksport qilinuvchi mahsulotlarga jahon bozoridagi narxlarning pasayishi, talab hajmining qisqarishi, uzoq muddatli investitsiya loyihalarini xorijiy investitsiya va kreditlar hisobidan moliyalashtirish jarayonlarining kechikishi mumkinligi kabi holatlar inqirozga qarshi chora-tadbirlarni yanada kuchaytirilishini taqozo etadi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti I.Karimov ta’kidlaganlaridek: “Birinchi navbatda, eksportga mahsulot chiqaradigan korxonalar uchun taqdim etilayotgan imtiyozlar tizimini yana bir marta tanqidiy ko‘rib chiqish, bojxona tartib-taomillarini yanada soddalashtirish, ularni amalga oshirish muddatlarini qisqartirish va tashqi savdo operatsiyalarini bajarish uchun tariflarni pasaytirishga doir qo‘shimcha choralar ko‘rish lozim”1 Bu esa o‘z navbatida mamlakatimizda ish yuritayotgan tadbirkorlar faoliyatida zamonaviy logistika tizimlari, ya’ni iste’molchilarga logistik xizmatni ko‘rsatish strategiyalarini, iste’molchilarning talab va ehtiyojlarini to‘liq hisobga olgan holda o‘ziga nisbatan ishonchni mustahkamlash, logistik bozor tizimida o‘z pozitsiyalarini kuchaytirish, ichki va xalqaro bozorlarda raqobatli kurash olib borish, aniqroq qilib aytganda milliy mentalitetimizni hisobga olgan holda tashqi bozorlarda logistik faoliyat asosida milliy tovar va xizmatlarni iste’molchilarga yetkazish hamda muvaffaqiyatli bo‘lishi davrini uzaytirish bo‘yicha bilimlarni yanada oshirishni talab etadi. Buning uchun logistika sohasi bo‘yicha yetarli darajada kadrlarni tayyorlash maqsadida ular uchun kerakli o‘quv hamda uslubiy qo‘llanmalarni yaratish talab etiladi.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng, islo hotlarning o‘ziga xos yo‘li bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich o‘tish yo‘lini tanladi. Bu jarayon avvalombor xo‘jalik yuritish tizimidagi katta o‘zgarishlar bilan xarakterlanadi. Xo‘jalik yuritishning shakllari va tamoyillari, ular zamirida esa ishlab chiqarish munosabatlari o‘z rivojini topib boradi.
Ishlab chiqarish munosabatlarining rivojlanishida moddiy, moliyaviy va axborot resurslari oqimlarining ahamiyati katta. Ana shu moddiy, moliyaviy va axborot oqimlari logistika fanining obyekti bo‘lib hisoblanadi.
Logistika fani – moddiy, moliyaviy va axborot oqimlarini joriy manbayidan to iste’mol sohasigacha bo‘lgan harakatini rejalashtirish, tashkil etish, boshqarish, optimallashtirish, nazorat qilish va muvofiqlashtirish to‘g‘risidagi fandir.
Logistika fanini o‘rganish obyekti moddiy va ular bilan bog‘liq bo‘lgan axborot oqimlari hisoblanadi. Fanning dolzarbligi va uni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishning keskin ortishi logistik yondashuvdan foydalanish orqali moddiy tizimlar faoliyati samaradorligini oshirishning potensial imkoniyatlari bilan bog‘liqdir. Logistika xomashyo va yarimtayyor mahsulotlar olib kelish bilan iste’molchiga tayyor mahsulot yetkazib berish o‘rtasidagi vaqt oralig‘ini keskin qisqartirish imkonini beradi. Yuklarni saqlash va tashish xarajatlarini keskin qisqartirishga imkoniyat yaratadi. Logistikaning qo‘llanishi ma’lumot olish jarayonini tezlashtiradi, servis xizmati darajasini oshiradi.