I. O’QUV FANINING DOLZARBLIGI VA OLIY KASBIY TA’LIMDAGI O’RNI Mamlakatimiz Prezidenti SH.Mirziyoev ta’kidlaganidek, hayotning o’zi va xalqning talablari bizning oldimizga amaliy yechimini topish lozim bo’lgan yangi va yanada murakkab vazifalarni qo’ymoqda1. Ushbu muammolar va hayotning o’zi oldimizga qo’ygan murakkab vazifalarni tezroq hal qilish, ularning yechimini izlab topish, ko’p jihatdan kishilarning iqtisodiyot sirlarini, ayniqsa, bozor iqtisodiyoti munosabatlarining mazmunini, ularning talablari, ziddiyatli va chalkash xususiyatlarini, qonun-qoidalarini, mamlakatimizda iqtisodiy taraqqiyotni jadallashtirish maqsadida qabul qilingan strategik dasturlar mazmunini, amalga oshirilayotgan keng ko’lamli iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, tarkibiy o’zgartirish, modernizatsiyalash va diversifikatsiyalashning maqsadi va mohiyatini chuqurroq bilishlariga bog’liqdir. “Iqtisodiyot nazariyasi” fani iqtisodiyot tushunchalarini, uning qonun-qoidalarini, tejamli xo’jalik yuritish sirlarini, turli kishilar va xo’jaliklarning bir-birlari bilan manfaatli iqtisodiy aloqada bo’lib, unumli mehnat qilish yo’llarini va shakllarini o’rgatadi.
Jamiyatda ro’y beradigan iqtisodiy qonunlarni bilish va ularning amal qilishiga ongli munosabatda bo’lishda, mamlakatni demokratlashtirish va iqtisodiyotni bozor tamoyillari asosida isloh qilish jarayonlari mohiyatini tushunish uchun zarur bo’lgan bilimlarni berishda “Iqtisodiyot nazariyasi” fanining roli beqiyosdir. Bugungi kunda yosh avlodda xususan talabalarda bunyodkorlik g’oyalarini shakllantirish, ularning ilmiy dunyoqarashini chuqurlashtirish va kengaytirish, iqtisodiy madaniyatini oshirish kabi muhim amaliy vazifalarni bajarish orqali mazkur fanning ahamiyati tobora oshib bormoqda.
SHu bilan birga 2017 yil 20 aprelda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori qabul qilindi, bundan tashqari oliy ta’lim tizimini kelgusida yanada takomillashtirish va kompleks rivojlantirish bo’yicha eng muhim vazifalardan biri sifatida “... xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan ilg’or pedagogik texnologiyalar, o’quv dasturlari va o’quv-uslubiy materiallarni keng joriy qilish ...” vazifasi qo’yildi. Belgilangan vazifalar va qo’yilgan talablardan kelib chiqib “Iqtisodiyot nazariyasi” fanining yangi tahrirdagi o’quv dasturi asosida mazkur ishchi o’quv dasturi ishlab chiqildi.