Loyiha tahlili — xarajatlar va daromadlar hamda loyiha bilan bog’liq bo’lgan qaltislikni (tavakkalchilikni) tizimli baholash va ochib berish asosida loyihalarni tayyorlash, baholash va tanlab olish usulidir. Loyiha tahlilining katta qismi loyiha davrining dastlabki bosqichda, ya‘ni uni qabul qilish yoki qilmaslik to’g’risida qaror qabul qilingungacha amalga oshiriladi.
Loyihaning daromadliligini aniqlash loyiha tahlilining vazifasi hisoblanadi. Daromadlilik esa loyihadan olinadigan daromad bilan unga qilingan xarajatlar o’rtasidagi farq sifatida aniqlanadi. Ya‘ni loyihaning daromadliligani aniqlash uchun uning barcha natijalarini aniqlash hamda loyihadan olingan daromadlar unga qilingan xarajatlardan ortish yoki ortmasligini hisoblab ko’rish kerak. Chunki loyihani amalga oshirish uchun bugun qilinayotgan xarajatlar bilan undan qandaydir vaqt o’tgandan keyin olinadigan daromadlarni bevosita solishtirib bo’lmaydi. Loyihaning ko’pgina aktivlari va inshootlari uzoq muddat xizmat qilishi buning sababi hisoblanadi. Loyihaning ayrim xarajatlari va natijalarini, masalan, qurilish ishlari xarajatlarini o’lchash va baholash oson. Boshqalarini esa o’lchash oson, lekin baholash ancha qiyin. Masalan, xodimlarni o’qitish xarajatlari va natijalarini miqdoriy va sifat jihatdan o’lchash oson, lekin real natijalarini baholash ancha murakkab.
Nihoyat, ayrim loyihalar natijalarini, masalan loyihalarning an‘anaviy faoliyat turlariga ta‘sirini o’lchash ham, baholash ham qiyin.
Loyiha xarajatlari turli xilda bo’lishi tufayli loyiha har xil nuqtai nazardan ko’rib chiqiladi.
Loyiha texnik jihatdan asoslanganmi?
Loyiha tijorat talablariga javob beradimi?
Loyiha o’z-o’zini moliyaviy jihatdan qoplaydimi?
U iqtisodiy jihatdan o’zini oqlaydimi?
Loyiha atrof -muhitga kanday ta‘sir o’tkazadi?
Loyiha mahalliy ijtimoiy - madaniy xususiyatlarnihisobga olganmi?
Loyihani amalga oshirishning institutsional (tashkiliy) imkoniyatlari bormi?
Ijobiy natijalar yalpi xarajatlardan ortish-ortmasligini aniqlash zarur. Xarajatlarni tahlil qilish uchun quyidagi savollarga javob olishimiz kerak:
Loyihaning biz istagan natijasi qanday?
Loyiha xarajatlarini kim ko’taradi va uning ijobiynatijalaridan kim foydalanadi?
Loyihaning ijobiy natijalari qachon va qayerda paydo bo’ladi?
Loyihaning yakuniy qiymati to’g’risida tasavvurga ega bo’lish uchun loyihaga aloqador bo’lgan kishilarning turli guruhlari olgan foyda va qilgan yuqotishlarni qanday taqqoslash va jamlash kerak?
Bu loyihaning yakuniy ijobiy natijasi boshqa mumkin bo’lgan loyihalar natijasidan nimasi bilan farq qiladi?
Loyiha tahlili loyihani shakllantirish jarayonining uzidayoq uning turli jihatlari ta‘sirini va rolini o’zgartirish imkonini beradi. Har qanday yangi axborot, agar foydali bo’lsa, ilgari qabul qilingan qarorlarni o’zgartirish uchun sabab bo’lishi mumkin.
Demak, loyiha-smeta hujjatlari loyiha tahlili jarayonida, ya‘ni loyihaning turli jihatlarini ko’rib chiqish natijalari va yangi olingan axborotlardan kelib chiqib, ilgari berilgan baholarni tuzatish bilan birga ishlab chiqiladi.