§ 8. Zamonaviy notiqlikka kirish Bugungi kunda G‘arb olimlari tez-tez notiqlikka, o‘zlarining iboralari bilan aytganda, “yaqin davrga qadar quvg‘in qilingan, lekin qachonlardir shuhratga burkangan ilm”ga44 murojaat qiladilar. Notiqlik, san'atlar nazariyasi sifatida, tuzilmaviy lingvistika bo‘yicha tadqiqotlarda yangicha hayot kasb etadi. Notiqlik to‘g‘risidagi zamonaviy tasavvurlar - bu shunchaki an'anaviy ishlab chiqiladigan g‘oyalar va uslublarning qayta tiklanishi emas, balki uning mohiyati va imkoniyatlarini yangidan tushunib yetishdir. Bunday anglashning namunasi - buyuk fransuz shoiri va adabiyot nazariyotchisi Pol Valerining fikridir, u notiqlikka shunday ta'rif beradi: 1) o‘zlashtirilgan til nutqiy modifikatsiyasi; 2) til chetlanishlari to‘g‘risidagi ilm; 3) nutqni optimallashtirishga xizmat qiluvchi verbal substitutsiyalar (qo‘shimchali qisqartmalar) san'ati.45 Neoritorika yoki yangi notiqlik (bu nom Bryussel universituti professori Xaim Perelman tomonidan kiritilgan) bugungi kunda lingvistika, adabiyot nazariyasi, mantiq, falsafa kesishuvida ishlab chiqilmoqda. Fransiyada yangi notiqlik sohasidagi ishlanmalarni Rolan Bart faoliyati bilan bog‘laydilar; metaritorika eng jo‘shqin rivojlanishga ega bo‘ldi, u notiqlik nazariyasi va uning tushunchalarini interpretatsiya qilish bilan shug‘ullanadi (Fransiyada XVI-XVIII asrlar fransuz mualliflarining notiqlik bo‘yicha mumtoz asarlarini qayta nashr etdilar va zamonaviy tadqiqotchilar unga tayanadilar). AQShda - bu notiqlik tanqidi va notiqlik uslubiyotidir. Italiyada neoritorika adabiy tanqid doirasida rivojlanadi. Belgiyada yangi notiqlikning ikkita yo‘nalishi farqlanadi: 1) argumentativ notiqlik (Perelman); umumiy notiqlik (Lej universiteti professori Jak Dyubua va boshqalar, ular notiqlik san'atlari ichida “istiora” (“metafora”)ni eng ajoyib sanaydilar). Ular notiqlikni nutq faoliyatining usullarini o‘rganuvchi fan sifatida ko‘radilar, bu usullar, boshqa diskurslar qatorida adabiy diskursni ham xarakterlaydi. Diskrus - bu insonlarning o‘zaro munosabati va ular ongining mexanizmlarining maqsadli sotsial qismi sifatidagi pragmatik, sotsiomadaniy, psixologik omillarni qamrab olgan izchil matn yoki og‘zaki nutqdir.
Yangi notiqlikning yuzaga kelishi “notiqlik” atamasiga ikkita ma'no baxsh etdi: 1) tor - notiqlik san'atini o‘rganuvchi kompleks fanni anglatuvchi, 2) keng - bunda notiqlik ob'ekti har qanday ko‘rinishdagi nutq komunikatsiyalari bo‘lib, ular xabar oluvchiga oldindan belgilangan ta'sirni amalga oshirish “prizma”si orqali o‘rganiladi. Bu holatda notiqlik - ishontiruvchi kommunikatsiya to‘g‘risidagi ilmdir.