Advokatlarning kasbiy faoliyatiga davlat organlari tomonidan aralashuvga yo‘l qo‘yilmasligi tamoyili faqat Belorussiya, Qozog‘iston va Turkmaniston qonunlarida mavjud
Advokatlarning kasbiy faoliyatiga davlat organlari tomonidan aralashuvga yo‘l qo‘yilmasligi tamoyili faqat Belorussiya, Qozog‘iston va Turkmaniston qonunlarida mavjud. Advokaturaning tashkiliy shakllari katta ahamiyatga ega, zero aynan ular orqali bevosita advokatlik faoliyati hamda uni yuridik, ijtimoiy va boshqa kafolatlar bilan ta'minlash, jumladan advokatlarni davlat tomonidan noqonuniy harakatlar va advokatura faoliyatiga aralashuvdan himoya qilishni ta'minlash amalga oshiriladi. Ushbu MDH mamlakatlarida advokatlik tuzilmalari shakllari ham xilma xildir. Rossiya Federatsiyasida advokatlik faoliyati advokatlik tuzilmalarida amalga oshiriladi. Advokatlik faoliyati yuritilishi mumkin bo‘lgan advokatlik tuzilmalarining to‘rtta tashkiliy-huquqiy shakllari ko‘zda tutilgan: advokatlik kabineti, advokatlar hay'ati, advokatlik byurosi va yuridik konsultatsiya. Advokatlik kabineti Rossiyadaga advokatlik tuzilmasining yangi shakli sanaladi, ushbu shakldagi advokatlik tuzilmasining joriy etilishi XX asr 20- yillarida taqiqlangan xususiy amaliyotning qayta yuzaga kelishini anglatadi. Advokatlik kabinetining tashkil etilishi umumiy tartibi va asosiy tashkiliy tamoyillari “Rossiya Federatsiyasida advokatura va advokatlik faoliyati to‘g‘risida”gi Federal qonun 21- m.da belgilangan. Advokatlik kabineti individual tarzda ishlashni istagan advokat tomonidan ta'sis etiladi, lekin bu yollanma ishchilar, masalan, kotib, shuningdek advokat yordamchisi va stajyor mavjudligini istisno qilmaydi Advokatlik kabineti tashkilot sanalmaydi va o‘z tasarrufida, xo‘jalik yurituvida yoki amaliy boshqaruvda alohidalangan mol-mulkka ega bo‘la olmaydi. Advokatlik kabinetining mol-mulki bo‘lmagach, u advokatning uchinchi shaxslar oldidagi biror-bir majburiyatlari bo‘yicha jaovb bera olmaydi. Advokatlik kabineti o‘z nomidan mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlar olish va amalga oshirish, majburiyatlar olish, sudda da'vogar va javobgar bo‘la olmaydi. Advokatlar hay'ati yuridik shaxs bo‘lib, uning tarkibiga kamida ikkita muassis (ishtirokchi) kirishi mumkin. E'tiborlisi, bunday yuridik shaxs muassislari (ishtirokchilari)ga alohida talablar qo‘yiladi: ular advokatlar, ya'ni qonunda belgilangan tartibda advokatlik maqomini olgan yuristlar bo‘lishi kerak. Advokatlar hay'ati ishtirokchilarining maksimal soni qonunda ko‘zda tutilmagan.