Romantizm mavjud voqelikdan qoniqmaslik, aniqrog'i ma'rifatchilikka xos boʻlgan olamni aql bilan raso holga keltirish g'oyasiga ishonchning yo'qolishi natijasida paydo bo'ldi. Lekin romantizm, romantik tafakkur ildizlariga qadim zamonlarga borib taqaladi.
Romantizmga xos xususiyatlar Sharq adabiyoti, xususan, mumtoz o'zbek adabiyotida ham chuqur ildiz otgan. Biroq adabiy yo'nalish darajasiga ko'tarilmagan edi. Fransuz inqilobi (1789) Yevropa va jahon adabiyotidagi kuchli yo'nalish romantizmni vujudga kelishiga zamin hozirlagan voqea boʻldi.
XX asrda tadqiqotchilar nimani «Romantizm» deb atash toʻgʻrisida bahs olib bordilar. Fransuz olimi Surpe bu oqimga butunlay qarama-qarshi boʻlgan naturalizmni ham romantizmga qoʻshadi. XX asrning 50-yillariga kelib sobiq Sovet ittifoqida paydo bo'lgan konsepsiyaga ko'ra romantizm yo'nalishi oʻz badiiy uslubi bilan bir-biridan farq qiluvchi, ikki oqim - faol va passiv romantizmdan iborat deb xulosa qilingan.
Lekin XX asrning 60-70 yillariga kelib bu borada (Iyen romantiklari: Gofman, Po va boshqalar ijodi tadqiqi asosida), yangi xulosaga kelindi. Bu romantiklar badiiy uslublarining birligi haqidagi xulosadir. Romantiklar ijodi har bir mamlakatda oʻz belgilariga ega.
Bu davlatlarning milliy, tarixiy xususiyatlari bilan bog'liqdir. Shu bilan birga, Yevropa romantizmi oʻz umumiy xususiyatlariga ham ega. Ular quyidagilar: romantiklar paydo bo'lgan tarixiy sharoit; uslub hususiyatlari; qahramon xarakteri. Yevropa romantizmi uchun fransuz inqilobi tarixiy sharoit bo'lib xizmat qiladi.
Romantiklar inqilob ilgari surgan inson ozodligi g'oyasini qabul qildilar. Lekin inqilob rahbarlaridan biri bo'lgan Sen- Jyust ta'riflagan “omma baxti uchun kurash" asnosida zo'ravonlik, zulm avj oldi. Natijada, inqilob g'oyalariga ishonch oʻrnini hafsalasizlik, umidsizlik egalladi.
Romantiklar inson jamiyatda himoyasiz ekanligini, mulkchilik hissi barcha narsa ustidan ustunlikka erishayotganini his qildilar. Shuning uchun muhit oldidagi ojizlik, ikkilanish, qahramonlar taqdirining fojiyaviyligi romantiklar dunyosining o'ziga xos jihatlari hisoblanadi.