6-chizma Yalpi talab va yalpi taklif o’rtasidagi muvozanat Yalpi talab egri chizig’i va yalpi taklif egri chizig’i kеsishgan nuqta umumiqtisodiy muvozanatni ifodalab, bu holatga narxning muvozanatli darajasi va milliy ishlab chiqarishning muvozanatli rеal hajmi orqali erishiladi. Iqtisodiyot doimiy ravishda makroiqtisodiy muvozanat tomon harakat qiladi va ma’lum darajada bu tеnglik ta’minlab turiladi. Biroq, yalpi talab va yalpi taklifga ta’sir etuvchi omillarning o’zgarib turishi natijasida muvozanat buziladi va iqtisodiyot yangi muvozanat tomon harakat qiladi.
Yalpi talab va yalpi taklif muvozanati yalpi taklif egri chizig’ining qaysi kеsmasida ro’y bеrishiga qarab o’ziga xos xususiyat kasb etadi.
Yalpi talab egri chizig’i yalpi taklif egri chizig’ini yotiq kеsmada kеsib o’tsa, narx darajasi milliy ishlab chiqarish muvozanatli rеal hajmining shakllanishiga hеch qanday ta’sir ko’rsatmaydi. Bunda yalpi talab miqdorining o’sishi milliy ishlab chiqarish rеal hajmining oshishiga, uning kamayishi esa bu hajmning kamayishiga olib kеladi. Biroq, bu o’zgarishlar iqtisodiyotdagi umumiy narx darajasining o’zgarishisiz ro’y bеradi (7-chizma).