Duglas va Tayson boshqa ringda uchrashmaydi. Ularning faoliyati turli yo‘nalishlar bo‘yicha ketadi. 1990-yil oxirida Baster uchinchi raundda Holifildga nokaut bilan yutqazib, barcha unvonlarini yo‘qotadi. Duglas himoya jangiga mutlaqo tayyor emas edi — u Mayk bilan jangdagidan 7 kg og‘irroq bo‘lib, ringga chiqadi. Larri Merchant chempionga qarab, shunday degandi: “Qorniga qarang! Bu haqiqatan ham Taysonning adabini bergan yigitmi?” Jangdan so‘ng Baster darhol faoliyatini yakunladi.
Holfild bilan jangdan oldin King Duglasga Tayson bilan revansh jangi uchun 10 million dollar taklif qilgan. Baster taklifni rad etadi. Holifild bilan jang uchun turli hisob-kitoblarga ko‘ra, u 17 dan 25 million dollargacha olgan.
Duglas keyingi yillarini pullarni sovurish va maishatga sarflaydi. Bir necha yil o‘tgach, bokschi 180 kg vaznga ega bo‘ldi va hatto diabetik komaga ham tushib qoladi. Sog‘ayganidan so‘ng esa Baster sport zaliga qaytadi va 1996-yilda faoliyatini qayta tiklaydi. Tayson va Holifild bilan janglar uchun olingan gonorarlar besh yil ichida tugab bo‘lgandi. Duglas taniqli bo‘lmagan bir qancha raqiblarga qarshi yana sakkizta jangda g‘alaba qozonadi, Roy Jons bilan duel uchun muvaffaqiyatsiz muzokaralar olib boradi, Lu Savarizga uch daqiqada nokaut bilan yutqazadi va nihoyat 1999-yilda sportni butunlay tark etadi. Duglas hozirda Ogayoda biznes bilan shug‘ullanmoqda (mehmonxona va bir nechta do‘kon faoliyatini yo‘lga qo‘ygan), shuningdek Kolumbusda sport zali ochgan.
Tayson Basterga mag‘lub bo‘lganidan to‘rt oy o‘tib, ringga qaytdi va uch daqiqada Genri Tillmanni tinchitdi. Shundan so‘ng Temir Mayk yana bir yil jang qiladi (uchta jang) va 18 yoshli model Dezir Vashingtonni zo‘rlagani uchun uch yil qamoq jazosiga hukm qilindi. 1995-yilda Mayk ringga qaytib, yana chempion bo‘ladi, ammo Holifild bilan jangdan keyin unvonini yo‘qotadi. Keyin hammaga ma’lum bo‘lgan voqealar: bir nechta g‘alaba, Lennoks Lyuisdan dahshatli nokaut, qo‘lqoplarning mixga ilinishi va bankrotlik.