Askiyani rivojlantirish va undan tadbirlarda foydalanish yo`llari qanday?
Askiyani tarixi qanday?
MAVZU. OG`ZAKI JURNAL REJA:
Og`zaki jurnallarni o`tkazish metodikasi.
Og`zaki jurnal materiallari.
Og`zaki jurnalning turlari.
Obzorli og`zaki jurnal.
Og`zaki jurnalning o`ziga xos xususiyatlarini chuqur tushunmoq uchun «jurnal» degan tushunchaga murojaat etamiz. Umumiy qabul qilinganidek «jurnal» - bu muayyan sinf, partiya va ijtimoiy guruh mafkurasini, ideologiyasini ifodalaydigan, jamoatchilik fikrini va dunyoqarashini aks ettiradigan agitatsiya va propagandaning vositasi sifatida muntazam (haftada, o`n kunda, oyda bir yoki ikki marta, ba`zilari yilda 4-6 marta) chiqib turadigan, o`z hajmiga ega bo`lgan davriy (vaqtli) nashrdir.
«Og`zaki jurnal» - bu bosma jurnalning kenja vakili desak, xato qilmaymiz. CHunki u Sovet hokimiyatining birinchi yillarida, tipografik uskunalar, qog`ozlar etishmagan paytda, bosma jurnallarni bosib chiqarish qiyin bo`lgan paytda bosma jurnalga yordamga keldi. O`sha vaqtlarda og`zaki jurnalning afzalligi shunda ediki, ko`pchilikni tashkil etgan savodsiz xalq «bosma» jurnalni o`qiy olmagani sababli, u jamiyatdagi muhim voqealarni va yangiliklarni og`zaki tarzda, jonli so`z orqali ommaga etkazib beruvchi asosiy samarali vosita vazifasini bajarar edi. O`sha vaqtdan boshlab og`zaki jurnal klub muassasalarida o`z o`rnini topib, sinfiy kurashning muhim quroli bo`lib qoldi. Lekin og`zaki jurnalning mazmuni o`zgargan sayin, davr taqozosi bilan uning o`ziga xos xususiyatlari, tashkil etilish metodikasi ham o`zgardi, shakli ancha boyidi. endilikda u savodsiz kishilar uchun emas, balki savodxon xalqimizning bilimini oshirish yo`lida xizmat qilmoqda. Og`zaki jurnal hozirgi kunda o`ziga xos propagandistik va tarbiyaviy vosita sifatida shakllanmoqda, rivojlanmoqda. endilikda u ommaviy axborot vositalari (radio, televidenie va matbuot) mazmunini, ular tarqatadigan axborotni takrorlamaslikka, o`zining konkret ta`sir doirasiga, umumiy tarbiyada o`zining auditoriyasiga va mavqeiga ega bo`lish uchun kurashmoqda. Buning uchun u ommaviy axborot vositalari va ularning asosiy turi bo`lmish gazeta-jurnallar qila olmaydigan ishlarga o`z diqqatini qaratmoqda.
Axborot vositalari buyuk kuchga ega, lekin mahalliy axborotni aholiga etkazib berish ular uchun ancha mushkuldir. Bu vazifani bajarishda og`zaki jurnallar eng samarali propaganda va tarbiya vositasi sifatida ideologiya xodimlariga qo`l keladi. Xuddi shu vazifa - mahalliy axborotlarni mahalliy aholiga etkazib berish - og`zaki jurnalning o`ziga xos xususiyatini belgilab beradi. Bu bilan og`zaki jurnal butunittifoq ahamiyatiga oid voqealarni umuman chetlab o`tishi kerak, demoqchi emasmiz. Balki butun dunyo yangiliklarinn va ittifoq doirasidagi yangiliklar bilan mahalliy axborotni qo`shib olib borishi, ularning bir-birlari bilan bog`liqligini konkret tarzda, mahalliy faktlarga tayanib olib borishi kerak.
Og`zaki jurnal klubda tashkil qilinadigan tadbirlar ichida muhim o`rin tutadi va ulardan o`z mohiyati, o`ziga xos shakli bilan farq qiladi. U epizodik holda chiqmay, balki klubning imkoniyati, sharoitidan kelib chiqib, oyiga, ikki oyda yoki har kvartalda bir marta, yil davbmida muntazam tashkil qilinadi. Uning klubdagi boshqa ish shakllaridan asosiy farqi shundaki, tashkil qilinadigan kuni (har oyda, ikki yoki uch oyda) oldindan aniq va ma`lum bo`lib turishi, atoqli va muhim kunlarga bag`ishlanishi shart emas.
Og`zaki jurnal muqaddima (kirish), 4-5 sahifa asosiy material va final (yakun)dan iborat bo`ladi. Har bir sahifasi bir-biriga bog`lanib ketishi shar emas. YA`ni, har bir sahifaning o`z yuzi, nomi, boshlanishi, asosiy voqeasi va oxiri bo`lishi shart. Har bir sahifaning namoyishi 15-20 minutdan iborat bo`lib, g`oyaviy jihatdan puxta bo`lishi kerak.
Odatda, og`zaki jurnalning birinchi sahifalari ko`proq davlat ahamiyatiga ega bo`lgan, zamonaviy va aktual masalalarga bag`ishlangan bo`ladi. Keyingi sahifalari esa ko`proq mahalliy voqealarni, mahalliy yangiliklarni o`zida aks ettirishi lozim.
SHunday qilib, og`zaki jurnalning asosiy maqsadi – ma`lum vaqt ichida mahalliy hayotdagi muhim va qiziqarli hodisalarni xalqaro, respublika, oblast’, shahar va qishloqdagi voqealar bilan bog`lab, badiiy informatsion shaklda xalqqa - auditoriyaga etkazib berishdan iboratdir.
Og`zaki jurnalning turlari.
Hozirgi vaqtda klublarda tashkil qilinadigan og`zaki jurnallar - obzorli va tarmoqli turga bo`linadi.
a) Obzorli og`zaki jurnallar – umumiylashtirilgan mavzuga bag`ishlanib, bir nom bilan yil davomida muntazam chiqariladi. Masalan, «Har sohadan bir shingil», «Hamma narsani bilishni istayman», «Dunyoqarash» va hokazolar. Bunday og`zaki jurnallar o`z ichiga bir necha mavzuni qamrab oladi. Ularning umumiy nomi o`zgarmaydi. Faqat har bir sonidagi sahifalarining nomi o`zgarishi mumkin. Bu tarzdagi og`zaki jurnal sahifalari umumiy mavzuning eng qiziqarli masalalariga bag`ishlanadi.
Obzorli og`zaki jurnal sahifalarining mavzulari odatda quyidagi mantiq asosida tuziladi: 1) ijtimoiy-siyosiy, 2) ilm va fan, 3) xalq xo`jaligi va ekonomika, 4) madaniyat va san`at, sport va sog`liqni saqlash va hokazo.
Masalan, «Bilib qo`ygan yaxshi» nomli og`zaki jurnal sahifalarini quyidagi tartibda tuzish mumkin: muqaddima (bu qismda kirish so`zi shaklida yoritiladigan mavzularga qisqacha xarakteristika beriladi). 1-sahifa: «Dunyo yangiliklari» (joylardagi mahalliy partiya va sovet tashkiloti rahbarlari hamda «Bilim» jamiyatining vakillari dunyoda, jumladan, mamlakatimizda bo`lib o`tayotgan muhim voqealar, ularning mahalliy hayotimizga ta`siri haqida so`zlaydilar).
2-sahifa: «Xalq xo`jaligi bugun va ertaga» (bunda klub xodimlari xo`jalik mutaxassislari bilan birgalikda bugungi kunda ishlab chiqarish va qishloq xo`jaligidagi yangiliklar, kelajakda amalga oshirildigan rejalar haqida fikr yuritadi).
3-sahifa: «Turmush madaniyati - hayot go`zalligi (bu sahifada madaniyat xodimlari, sovxoz direktori yoki kolxoz raisining madaniy-maishiy ishlar bo`yicha muovini ko`magida axloq, muomala va kayfiyat, kiyinish madaniyati, turmush madaniyatini yaxshilash va ilg`or madaniyat yangiliklari haqida gap boradi).
4-sahifa: «Xalq san`ati — yangi yutuqlar sari!» (bu sahifada badiiy havaskorlik ijodi, to`garak ishtirokchilari, ularning yangi repertuarlari haqida gapira turib, yangi programmalardan namunalar ko`rsatish mumkin).
5-sahifa: «Sport - bu, eng avvalo, sog`liq» (mahalliy sportchilarning faoliyati va yutuqlari, kasalliklarni sport yordamida davolash haqida so`z yuritiladi va sportchilarning chiqishlari uyushtiriladi).
Final: (Bunda aytilgan barcha fikrlarga yakun yasaladi).
Tarmoqli og`zaki jurnallar, asosan, fanning, turmush va madaniyatning biror-bir konkret qismiga, tarmog`iga bag`ishlanadi. Bunday shakldagi og`zaki jurnallarni hayotdagi ko`pgina sohalarga bag`ishlab o`tkazish mumkin. Masalan: «Fan - hayot g`ildiragi», «Fan va turmush», «San`at olamida», «Salomatlik - tuman boylik», «Jonajon o`lkam mening» kabilar hozirgi kunda yaxshi samara berayotgan mavzulardir.
Og`zaki jurnallarn o`tkazish metodikasi.
Og`zaki jurnalni samarali va muntazam tashkil etish va o`tkazish uchun madaniyat muassasalari qoshida maxsus redkollegiya tashkil etiladi. Uning sostavida redaktor, bezatuvchi-rassom va 4 a`zo bo`ladi. Ular o`ziga xos jamoatchilik asosida tuzilgan tashabbuskor gruppani tashkil qiladi. Odatda, redaktorlikka klub xodimi yoki bilim jamiyatining vakili, ba`zan esa og`zaki jurnalning mavzusini yaxshi biladigan mutaxassis jalb etiladi. Redkollegiya a`zolari har xil kasbdagi mutaxassis bo`lishi, ularning har biri o`zining kasbiga oid bo`lgan sahifa uchun javob berishi mumkin. Masalan, birinchi sahifa ko`pincha ijtimoiy-siyosiy mavzularga bag`ishlangani uchun redkollegiya a`zolaridan biri partiya va tashkilotlarda ishlaydigan (qishloq joylarida jamiyatshunoslik yoki tarixdan dars beruvchi o`qituvchi) kishilar bo`lishi maqsadga muvofiqdir. Boshqa sahifalarga ham o`z sohasini yaxshi bilgan mutaxassislarni jalb etish jurnalning qiziqarli hamda berilgan ma`lumotlarining ishonchli bo`lishini ta`minlaydi.
Redkollegiya a`zolarining orasida stsenariy yozadigan, klub dramaturgiyasidan va rejissurasidan xabardor kishi bo`lishi shart.
Redkollegiya og`zaki jurnalni badiiy-texnik jihatdan sifatli tarzda bezash uchun kerakli mutaxassis yoki havaskorlarni, jumladan, rassom, fotograf, kinomexanik, radiomexanik kabilarni taklif etadi.
Redkollegiya o`z ishini klubning (yoki boshqa muassasaning) yillik planiga muvofiq holda olib boradi. U mahalliy joy imkoniyatlarini va aholining ehtiyojini hisobga olib, yil davomida o`tkaziladigan og`zaki jurnallarni planlashtiradigan, ularni o`z vaqtida samarali uyushtirib turadigan, og`zaki jurnalning barcha kamchiliklari uchun javob beradigan jamoatchilik gruppasidir. Redkollegiyaning birinchi yig`ilishida navbatdagi jurnalning maqsadi, g`oyasi va kompozitsion tuzilishi, har bir sahifaning tuzilishi va mazmuni aniqlanadi, har bir sahifa uchun mas`ul shaxs tayinlanadi. Ular o`z sahifasi uchun kengaytirilgan programma tuzishga kirishadi. Redkollegiyaning ikkinchi yig`ilishida jurnaldagi har bir sahifani kengaytirilgan programmasi muhokama qilinadi va umumiy stsenariy yozish konkret bir odamga topshiriladi. Stsenariya tayyor bo`lgach, shu asosda repetitsiyaga kirishiladi, kerakli mutaxassislar va zarur vositalardan foydalaniladi.
Og`zaki jurnalning samarali bo`lishi uchun quyidagi metodik talablarga amal qilish kerak:
Og`zaki jurnalda aholini qiziqtiradigan mavzularga murojaat qilish va aholining aksariyat qismi xabardor bo`lmagan materiallardan kengroq foydalanish kerak. Beriladigan informatsiyalar yangi, sermazmun va qiziqarli bo`lmog`i lozim.
Jurnalning har bir sahifasi mantiqan aniq tuzilishi, uning boshlanishi (kirish qismi), asosiy voqeasi (asosiy mazmuni - syujeti); xulosasi (final) original tarzda bo`lishi kerak.
Ommaga kuchliroq ta`sir etish, ularning jurnalga
bo`lgan qiziqishini oshirish, estetik zavq berish uchun
faqatgina jonli so`zdan emas, ko`proq badiiy-emotsional va texnik vositalardan ham keng foydalanish lozim.
Og`zaki jurnalning materiallari haqqoniy, ishonchli bo`lmog`i uchun hujjatli materiallardan, san`at va muzika asarlaridan, adabiyot va teatr vositalaridan foydalanish kerak.
Ommani aktivlashtirish uchun zaldagilarga savollar, topshiriqlar berish, ularning fikrlarini so`rash va so`zga taklif qilish yaxshi samara beradi.
NAZORAT SAVOLLARI:
Obzorli og`zaki jurnal sahifalari qanday mantiq asosida tuziladi?
Jurnal deganda nimani tushunasiz?
Og`zaki jurnal qanday turlarga bo`linadi?
Og`zaki jurnal materialini tayyorlashda nimalarga ahamiyat berish kerak?