MAHALLIY BYUDJET SHAKLLANTIRISH Mahalliy byudjetlar umumdavlat miqyosidagi iqtisodiy va ijtimoiy vazifalarini amalga oshirishda, birinchi navbatda, davlat mablag‘larini taqsimlash va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega. Ular mahalliy hokimiyatlarning faoliyat ko‘rsatishlarida asosiy moliyaviy manba bo‘lib, davlatning ijtimoiy-iqtisodiy siyosatini joylarda amalga oshirishda asosiy rolni o‘ynaydi. Mahalliy byudjetlar tizimi mahalliy talab-ehtiyojlarni to‘laroq, qondirishni hamda davlatning markazlashgan tartibda amalga oshiradigan tadbirlarning bajarilishi bilan chambarchas bog‘langan holda ijro etishga imkon yaratib beradi. Respublika va mahalliy byudjetlari o‘rtasidagi munosabatlarni, bog‘liqligini yanada takomillashtirish, shubhasiz regionlarni iqtisodiy rivojlantirish, ular o‘rtasidagi iqtisodiy nomutanosiblikka mumkin qadar barham berishdan iborat. Bundan tashqari, mahalliy byudjetlarga tushumlarning yangi manbalarini qidirib topish, soliq undirishning progressiv tizimini joriy qilish va mavjud soliq tushumlari asosini takomillashtirish sohasida bir qancha ishlar amalga oshirilgan bo‘lsada bu ishlarning haqiqiy holati hali to‘liq o‘rganilmagan. Shu sababli mahalliy byudjetlar moliyaviy barorligini ta’minlash, samarali shakllantirish masalalarini o‘rganish va tahlil qilish zarurdir.
Mahalliy byudjetlar tarkibida byudjet dotatsiyasi va subventsiyalari ulushini kamaytirishda mamlakatimiz hududlarining iqtisodiy rivojlanish darajasi turlicha ekanligini ularning moliyaviy ta’minlanish ko‘rsatkichlarida ko‘rishimiz mumkin. Shunga muvofiq ravishda hududlar miqyosida daromadlarning soliq bazasi va xarajatlarning umumiy miqdori ham farq qiladi. Ayni chog‘da, mamlakatning o‘z
byudjetini shakllantirish huquqiga ega har bir ma’muriy hududi, daromadlar bazasi hajmidan qat’iy nazar, o‘sha hududda yashovchi aholini davlat tomonidan kafolatlangan muayyan ijtimoiy-madaniy xizmatlar bilan ta’minlashi shart.
Mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida mahalliy moliya tizimi hamda mahalliy byudjetlar barqarorligini ta’minlash va byudjet siyosatini to‘g‘ri tashkil etish nechog‘li zarurligini alohida ta’kidlab o‘tish lozim. Diyorimizda tub islohotlar yanada chuqurlashayotgan hozirgi vaqtda ijtimoiy hayotimizning barcha sohalarida bo‘lgani kabi moliya va byudjet sohasida ham chuqur o‘zgarishlarni amalga oshirish davr talabidir.
Iqtisodiyotda bozor munosabatlari tobora rivojlanayotgan bir paytda davlat doimiy vazifalarini bajarishi uchun markazlashgan moliyaviy mablag‘larga ega bo‘lishi zaruriyati yanada kuchayadi. Ayniqsa, O‘zbekiston demokratik fuqarolik jamiyati qurishni va bozor iqtisodiyoti rivojlangan davlatlar qatoriga kirishni o‘z oldiga vazifa qilib qo‘ygan vaziyatda markazlashgan pul fondlarini shakllantirish beqiyos o‘rin tutadi. Mahalliy davlat boshqaruv organlari demokratik davlat tuzilishining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Ular zimmalaridagi vazifalarini bajarishlari uchun muayyan mulkka va moliya-byudjet huquqiga ega bo‘lishlari shart. Mahalliy hokimiyat idoralari, hokimlar, xalq deputatlari kengashlari o‘z vakolatlari doirasida hududlarning moliya faoliyatini amalga oshiradilar.