Amaliy yo‘naltirilgan metodlarni qo‘llash jarayonida foydalaniladigan o‘quv materiallari o‘z o‘rnida metodning samarali qo‘llanilishini ta’minlashi zarur
Amaliy yo‘naltirilgan metodlarni qo‘llash jarayonida foydalaniladigan o‘quv materiallari o‘z o‘rnida metodning samarali qo‘llanilishini ta’minlashi zarur. Xususan «Case-study» metodi amaliy yo‘naltirilgan metod hisoblanib, metodni qo‘llash davomida foydalaniladigan o‘quv materiallarida aniq hayotiy voqelik, vaziyat muammoli tarzda bayon etiladi. Bunday o‘quv materiallari foydalanish mobaynida o‘quvchilar vaziyatni tahlil qiladi, muammoning mohiyatini ko‘rib chiqib, yechim sifatida variantlarni taklif etish bilan birga ulardan eng maqbulini tanlaydi. Ammo aytish lozimki taqdim etilayotgan hayotiy muammoli vaziyatlarga pedagogik «ishlov» beriladi.
«Case-study» metodi hayotiy vaziyatlarga asoslangan imitatsion faol o‘qitish metodlari qatoriga kiradi. Ya’ni, ta’lim oluvchilar tomonidan individual va guruhning umumlashgan kuchi bilan taqdim etilgan muammoli vaziyatni tahlil qilish, yechimlarini izlash, maqbul yechimni taqdim etishdan iborat. Tanlab olingan yechimning samaradorligini oldindan baholay olishdir.
Dastlab keysdan 1870 yili Garvard universitetining huquq maktabi o‘quv jarayonida foydalangan, 1920 yildan e’tiboran Garvard biznes maktabi (Harvard Business School)ga joriy qilingan. Hozirgi kungacha Garvard biznes maktabi keyslardan ta’lim sohasida foydalanish bo‘yicha yetakchi hisoblanadi va ularni muhokama qilishga o‘quv vaqtining 90 foizi ajratiladi.
«Case-study» metodining asosiy maqsadi – turli vaziyatli, shu jumladan, pedagogik vaziyatli masalalarni hal qilish mobaynida o‘quvchilarning konseptual sxema va modellaridan amaliy foydalanish malakalarini, shuningdek, muammolarni guruh bilan tahlil qilish va qaror qabul qilish ko‘nikmalarini ishlab chiqarish orqali bilimlarini mustahkamlashdan iboratdir .Aytish kerakki, o‘quv masalalarini hal etish (echish) o‘quvchini aniq-amaliy masalalarni yechishning umumiy usullarini egallagashga yordam beradi. «Case-study» metodini ta’lim tizimi amaliyotiga joriy etish muammosi bugungi kunning juda dolzarb vazifalariga aylanishi ikkita g‘oya asosida yuzaga kelgan:
– ta’lim rivojlanishining umumiy yo‘nalganligidan kelib chiqadi, uning mo‘ljali aniq bilimlar berishgina emas, balki shaxsning kasbiy tayyorgarligiga layoqatliligini, aqliy faoliyat ko‘nikmasini, malakasini, qobiliyatini rivojlantirish bo‘lib, ularning orasida o‘qitish qobiliyatiga, fikrlash paradigmasining o‘zgarishiga, katta hajmdagi axborotlarni qayta ishlash ko‘nikmasiga alohida e’tibor qaratiladi;
– birinchi g‘oya talablarini qanoatlantirishdan tashqari, turli vaziyatlarda muqobil xulq qobiliyatiga ega bo‘lishi, inqirozli sharoitlarda harakatining tizimliligi va samaradorligi bilan ajralib turishi zarur bo‘lgan, mutaxassis sifatiga qo‘yiladigan talablarning o‘sishidan kelib chiqadi [45; 10-11-b.].
«Case-study» metodi quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
- ijtimoiy hayot mezonlari asosida muammoli vaziyatlar (masalalar, topshiriqlar va h.k) ni tayyorlash;
- keysni o‘rganish (muammoning tavsifi, kontekstda berilishi bilan tanishuv), tashxis qo‘yish va muhokama (muhokama jarayoni yechim uchun muhim: keysning asosiy muammolarini aniqlash va yechimni topish uchun zarur axborotlarni tahlil qilish va ajratish, axborotlarni qayta ishlash uchun tahliliy uslublar tanlash) qilish (o‘qituvchilar tomonidan, o‘qituvchi va o‘quvchilar hamkorligida, o‘quvchilar tomonidan mustaqil);
- muammoli vaziyat yechimini topish uchun qo‘shimcha axborotlarni izlash, olish, tahlil qilish (muammo yechimini taxminan shakllantirish asosida muammoning yechimi uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha zarur axborotlarni ro‘yxatini tuzish ularning keysda taqdim etilgan axborotlarga mos yoki mos emasligini aniqlash);
-yechimlarni topish (taqdim etilgan axborotlarga ko‘ra xulosalar chiqarish, talablarga mos keladigan va zarur bo‘lgan maksimal yechimlarni topish), yeng maqbul yechimlarni saralash, tanlash (keys natijalari bo‘yicha qilgan xulosalarini tahlil qilish) va yechimlarini taqdim etish (echimlarni asoslash, keys yechimini ifodalaydigan taqdimot materiallarini tayyorlash va taqdimot qilish yo‘llarini ishlab chiqish).
«Case-study» metodi real hayotdan olingan dalillar asosida muammoli vaziyatlar yaratishdan iborat bo‘lganligi uchun, muammoli vaziyatlarning yechimlari topishda hayotiy mezonlarga amal qilinadi. Ilmiy-metodik adabiyotlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, ushbu metodning diqqat markazida axborot olish turadi, ya’ni o‘quvchilarni mustaqil axborot izlashga, axborotlar bilan ishlashga, to‘plashga, tizimlashtirishga va tahlil qilishga, mustaqil qaror qabul qilishga shuningdek, jamoada ishlashga o‘rgatiladi. Muammoli vaziyatlar yechimini izlash jarayonida axborotlarning ishonchliligi axborot manbalari bilash ishlay olish bilan bog‘liqdir. Muammoli vaziyatga taalluqli zarur axborotlarni to‘plash jarayonida manbalar bilan ishlaydilar.