“Mamlakatimiz iqtisodiyotida qishloq xo‘jaligi tarmog‘ining o‘rni va ahamiyati” mavzusi bo’yicha esse.
O’zbekiston Markaziy Osiyoning qulay xududida joylashgan. Uning hududida azaldan insoniyat uchun nihoyatda kerakli hisoblangan turli xildagi qishloq xo’jalik mahsulotlari ishlab chiqarildi. Chunki bu hududda tabiiy-iqlim sharoitlar yetarlidir. Jumladan, Respublikada yillik samarali temperatura 26-30° ni tashkil etib, quyoshli soat 3600 dan ortiq bo’lib, bir yilda birnecha marta hosil olish imkonini beradi. O’zbekistonning jami yer maydoni 44.4 mln. gektar (2004 y.) bo’lib, shundan 50,8 foizini turli xildagi qishloq xo’jalik korxonalari, tashkilotlari hamda dehqon xo’jaliklari foydalanadilar: ularning yig’indisi mamlakat qishloq xo’jaligini tashkil etadi. Uning asosiy maqsadi tarmoqda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bilan mamlakat aholisining iste’mol tovarlariga, qayta ishlash sanoatini esa xomashyoga bo’lgan talablarini qondirishdir. Buning uchun:
aholi birdaniga iste’mol qiladigan sifatli qishloq xo’jalik mahsulotlarini barcha talablarni qondiradigan darajada ishlab chiqarish;
-qayta ishlash sanoati korxonalarining qishloq xo’jalik mahsulotlariga bo’lgan talabini qondirishi lozim.
Hozirgi davrda, bu tarmoqda aholi iste’mol qilayotgan tovarlarning 95 foizidan ko’prog’i ishlab chiqarilmoqda. Ular o’simlikchilik hamda chorvachilik mahsulotlaridan iboratdir. 2004 yilda O’zbekiston Respublikasi yalpi ichki mahsulotining 26,8 foizi qishloq xo’jaligida yaratilgan. Shu yilda barcha sanoat tarmoqlarida mamlakat yalpi ichki mahsulotining 17,1 foizi, qurilishda esa 4,5 foizi yaratilgan. Raqamlar qishloq xo’jalik tarmog’ining mamlakat iqtisodiyotidagi o’rni ulkan ekanligidan dalolat bermoqda. Shu yilda qishloq xo’jaligida faoliyat ko’rsatayotgan barcha turdagi tadbirkorlar tomonidan 4732,0 mlrd so’mlik yalpi mahsulot yaratilgan. U asosan 3535,4 ming tonna paxta, 6017,1 ming tonna don, 3315,9 ming tonna sabzavot, 846,3 ming tonna meva, 996,3 ming tonna go’sht, 4280 ming tonna sut, 674,8 ming dona qorako’l teri, 1860,3 mlrd. dona tuxum va boshqa qishloq xo’jalik mahsulotlaridan tashkil topgan.
Barcha turdagi qishloq xo’jalik mahsulotlarni ishlab chiqarishda respublika iqtisodiyotida band bo’lgan mehnat resurslarining 31 foizga yaqini qatnashgan.
Lekin Respublika qishloqlarida jami aholining uchdan ikki qismi yashaydi. Ishlab chiqarilgan barcha mahsulotlar 26 mln. gektarga yaqin qishloq xo’jalik yerlaridan olingan, shundan 3695,7 ming gektari ekinzor.
Mamlakat dehqonchiligi sug’orishga asoslanganligi uchun katta miqdordagi suv resurslarini talab yetadi. Lekin bu talab ichki suv resurslari bilan atigi 40 foizgagina qondirilmoqda. Bunday hol Amudaryo hamda Sirdaryo xavzalaridan katta miqdordagi suv resurslarini jalb etishni talab yetadi. Hozirgi davrda qishloq xo’jaligida 42-46 mlrd m suv resurslaridan foydalanilmoqda. Tabiatda yer va suv resurslari cheklangan, ular takror ishlab chiqarilmaydigan resurslar hisoblanadi. Shuning uchun ularning har bir gektaridan, m dan tadbirkorlik bilan fan-texnika yutuqlarini joriy etib, yil davomida to’liq va samarali foydalanish lozim.
Xulosa, barcha paxta, g’alladan tashqari boshqa mahsulotlarni etishtirib, ularni sotishda erkinlik berildi. Tadbirkorlarga ishlab chiqarishini rivojlantirish uchun turli xildagi imtiyozli kreditlar berilgan. Lekin amalga oshirilayotgan tadbirlar o’sib borayotgan talabni to’liq qondira olmaydi. Shuning uchun qishloq xo’jaligida amalga oshirilayotgan barcha turdagi islohotlarni erkinlashtirish, ularni yanada chuqurlashtirish maqsadga muvofiqdir. Bu kelajakda qishloq xo’jaligining yuqori sur’atlarda rivojlanishini ta’minlab, uning ahamiyatini oshirib, respublika iqtisodiyotining yuksalishini ta’minlaydi.
Dostları ilə paylaş: |