2.Tadbirkorlik faoliyati erkinligiga to’sqinlik qilganlik uchun mansabdor shaxslarning javobgarligi. Sudlar tadbirkorlik faoliyati bilan bog’liq barcha ishlarni ko’rishda, bunday huquqbuzarliklar sodir etilishiga imkon bergan sabab va shart-sharoitlarni aniqlashlari va ularga xususiy ajrim chiqarish yo’li bilan munosabat bildirishlari kerak bo’ladi.
O’zbekiston Respublikasining "Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to’g’risida"gi Qonunining 3-bobida nazarda tutilgan kafolatlarni buzishda aybdor bo’lgan shaxslar, bunday harakatlar xususiyati va kelib chiqqan oqibatlarga bog’liq ravishda, ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortiladilar.
Xususan, O’zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksi 241-1-moddasida qonuniy tadbirkorlik faoliyatiga to’sqinlik qilish uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan. Bunda qonuniy tadbirkorlik faoliyatiga to’sqinlik qilish deganda quyidagilar tushuniladi:
tadbirkorlik faoliyati subyektini davlat ro’yxatidan o’tkazishning qonun hujjatlarida belgilangan tartibini buzish;
tadbirkorlik faoliyati subyektini ro’yxatdan o’tkazishni g’ayriqonuniy rad etish yoki ro’yxatdan o’tkazishdan bo’yin tovlash;
muayyan faoliyatni amalga oshirish uchun maxsus ruxsatnoma (litsenziya) berishni g’ayriqonuniy rad etish yoki uni berishdan bo’yin tovlash;
xo’jalik yurituvchi subyektlarning moliya-xo’jalik faoliyatini tekshirish va taftish qilishning belgilangan tartibini buzish;
tadbirkorlik faoliyati subyektining huquqlari va qonuniy manfaatlarini cheklash;
qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan statistika hisobotini va boshqa hujjatlarni talab qilib olish yoxud nazarda tutilgan hisobotni taqdim etishning belgilangan muddatlariga xilof ravishda talab qilib olish;
tadbirkorlik faoliyati subyektining mustaqilligini boshqacha tarzda cheklash yoki uning faoliyatiga boshqacha tarzda g’ayriqonuniy aralashish.
Tadbirkorlik faoliyatiga to’sqinlik qilgan mansabdor shaxslarning qonuniy tadbirkorlik faoliyati subyektining huquqlari va qonuniy manfaatlariga ko’p miqdorda zarar yoki jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab bo’lgan harakatlari, ish holatlari va kelib chiqqan oqibatlardan kelib chiqib, mansab vakolatini suiiste’mol qilish yoki mansabga sovuqqonlik bilan qarash, g’araz niyatlar aniqlanganda esa, tamagirlik yo’li bilan pora olish sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim.
Xo’jalik yurituvchi subyektlarning faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashishga (xo’jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini qasddan tekshirish tashabbusi bilan chiqish va (yoki) tekshirishlar o’tkazish, ushbu subyektlarning faoliyatini va (yoki) banklardagi hisobvaraqlari bo’yicha operatsiyalarni to’xtatib turish, qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan hollarda xo’jalik yurituvchi subyektlarning hisobvaraqlarida pul mablag’lari bor-yo’qligi haqida axborot talab qilib olish) yo’l qo’ygan mansabdor yoki boshqa shaxslar ma’muriy javobgarlikka (MJtK 241-2-moddasi), aynan shunday harakatlarni ma’muriy jazo qo’llanilgandan so’ng yoxud qilmishda JK 206-1-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan belgilar mavjud bo’lgan hollarda esa, jinoiy javobgarlikka (JK 206-1-moddasi) tortiladilar.
Davlat soliq xizmati organlari mansabdor shaxslarining soliqlarni to’lashdan bo’yin tovlashga qasddan ko’maklashishga qaratilgan harakatlari jinoyatda ishtirokchilik sifatida jinoyat kodeksi 28-moddasi hamda 184-moddasining tegishli qismi bo’yicha kvalifikatsiya qilinadi. Agar, ayni paytda ular g’araz yoki boshqa shaxsiy manfaatlarni ham ko’zlagan yoki shu maqsadlarda jinoyatni yashirishga ko’maklashgan bo’lsalar, ularning harakatlari jinoyat kodeksi boshqaruv tartibiga qarshi jinoyatlar, shu jumladan pora olganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi tegishli moddalari (JK 205, 209, 210-moddalari) bilan ham qo’shimcha ravishda kvalifikatsiya qilinishi lozim.