Tayanch so’z va iboralar: Ma’muriy jazo choralari, shikoyat berish, protest bildirish, qarorni ixtiyoriy bajarish, vakolatli organlar, mansabdor shaxslar, bir necha qaror, qarorni ijro etish.
1.Ma’muriy jazo qo’llanish to’g’risidagi qarorni ijro etish. Ma’muriy jazo qo’llanish to’g’risidagi qaror, basharti MJTKda va O’zbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlarida o’zgacha qoida belgilanmagan bo’lsa, chiqarilgan paytdan boshlab ijro etilishi lozim.
Ma’muriy jazo qo’llanish to’g’risidagi qarorga shikoyat berilgan yoki protest bildirilgan taqdirda bu qaror berilgan shikoyat yoki bildirilgan protest qanoatlantirishsiz qoldirilgandan keyin ijro etilishi kerak. Ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilgan joyning o’zida undirib olinadigan jarima solish to’g’risidagi qaror bundan mustasnodir.
Jarima solish to’g’risidagi qaror uni ixtiyoriy ravishda bajarishning MJTKning 332-moddasi birinchi qismida belgilab qo’yilgan muddati o’tib ketganidan keyin majburiy ravishda ijro etiladi.
Ma’muriy jazo qo’llanish to’g’risidagi qaror uni chiqargan organ (mansabdor shaxs) tomonidan ijro etishga qaratiladi.
Ma’muriy jazo qo’llanish to’g’risidagi qaror MJTKda va O’zbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlarida belgilangan tartibda vakolatli organlar (mansabdor shaxslar) tomonidan ijro etiladi.
Bir shaxsga nisbatan ma’muriy jazo qo’llanish to’g’risida bir necha qaror chiqarilgan hollarda ularning har biri mustaqil ravishda ijro etiladi.
2.Soliqqa oid qonun hujjatlarni buzilishi yuzasidan jarima belgilash. Jarima MJTKning 332-moddasiga ko’ra huquqbuzar tomonidan unga jarima solish to’g’risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab o’n besh kundan kechiktirmay, bunday qaror xususida shikoyat berilgan yoki protest bildirilgan taqdirda - shikoyat yoki protest qanoatlantirilmaganligi to’g’risida xabar berilgan kundan boshlab o’n besh kundan kechiktirmay to’lanishi lozim.
Jarima huquqbuzar tomonidan tegishli bank muassasasiga to’lanadi.
Jarima to’langanligi haqidagi kvitantsiya yoki to’lov topshirig’ining nusxasi ma’muriy ish hujjatlariga qo’shib qo’yiladi.
Huquqbuzar jarimani belgilangan muddat ichida to’lamagan taqdirda, jarima solish to’g’risidagi qaror MJTKning 333-moddasiga ko’ra sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to’g’risidagi qonun hujjatlarida belgilab qo’yilgan qoidalarga muvofiq jarimani majburiy tartibda undirib olish uchun O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy ta’minlash departamentining sud ijrochilari tuman (shahar) bo’limlariga yuboriladi.
MJTKning 330-moddasiga ko’ra ma’muriy jazo qo’llanish to’g’risidagi qaror chiqarilgan kundan boshlab uch oy davomida ijro etishga qaratilmagan bo’lsa, u holda bunday qaror ijro etilmaydi. MJTKning 318-moddasiga muvofiq qarorning ijrosi to’xtatib turilgan taqdirda, kuchini yo’qotish muddatining kechishi shikoyat yoki protest ko’rib chiqilgunga qadar to’xtatib qo’yiladi. MJTKning 328-moddasiga muvofiq qarorning ijrosi kechiktirilgan taqdirda, kuchini yo’qotish muddatining kechishi muddatini kechiktirish davri o’tgunga qadar to’xtatib qo’yiladi.