QAYDA O’Z SEVINCHIM...
O’qilmagan maktub,
Taqilmagan ziynat
Nodarkorlar ichra yotar kesakday,
Uzoqroq,
Xilvatroq kunjakka irgit
Naq jarroh pichog‘i - kayfing kesarday!
Shunday ham nobutun ko‘ksing qo‘ysin tinch!
Tuhfalardan baland,
Sinchkovlikka yot,
Sevinch!
Qayda o‘sha qaytmovchi sevinch?
Qo‘lga tutolmagum bebaho bisot!
SEN QAYDASAN YURAGIM
Qalb bo’lganda yiroqda
Iroda ekan ojiz.
Do’stlar ham ko’p atrofda,
Ammo men yakka-yolg’iz...
Birdan qalbim keksarib,
Qon ham qochdi yuzimdan.
Sen, sirdoshni axtarib,
Xayol ketar izingdan.
Qayga ketding, yuragim,
Bitdi bardosh va toqat.
Suhbatingdir tilagim,
Tilda hasratim qat-qat.
Ko’pdir aytajak so’zim,
O’gitlaringga zormen,
Yig’laysan deb do’stlarim
Ta’na qilar. Netay men?
Sovush bermaydi menga
Yoqib ketganing olov.
Netay, yetmayman senga,
O’rtaga tashlangan g’ov.
Ishqqa maskan yuragim,
Topib ber deb qistaydi.
Nima qilay, berahm-
Ruhim seni istaydi
Dostları ilə paylaş: |