Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasi



Yüklə 1,33 Mb.
səhifə33/93
tarix07.01.2024
ölçüsü1,33 Mb.
#210206
1   ...   29   30   31   32   33   34   35   36   ...   93
portal.guldu.uz-IQTISODIY VA IJTIMOIY GEOGRAFYA (Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasi) fanidan o’quv-uslubiy majmua

Nazorat savollari:
1. Markaziy Osiyo davlatlarining MDH va umumjahon mehnat taqsimotida tutgan o’rnini mazmunan izohlab bering?
2. Markaziy Osiyo davlatlarining MDH va dunyo davlatlari O’rtasida iqtisodiy aloqalarning rivojlanishini izohlab bering?
3. Markaziy Osiyo mintaqasi jahon siyosiy xaritasi va ijtimoiy mehnat taqsimotida qanday o’rin tutadi.?
4. MO ning o’ziga xos geografik va geostrategik o’rni xususiyatlari nimalarda namoyon bo’ladi?
5. MO davlatlarining jahon hamjamiyati O’rtasida tutgan o’rnining mustahkamlanib borishi bozor munosabatlariga o’tish davrida nimalarga bog’liq?
6. Markaziy Osiyo hududining berk havzada joylashganligi va uning hususiyatlarini tavsiflang?
7. Markaziy Osiyog’a xos bo’lgan umumiy muammolarni belgilovchi omilga ta’rif bering?
8.Markaziy Osiyo mamlakatlariga xos bo’lgan umumiy muammolarni tavsiflang?
9. Ijtimoiy - demografik muammolar haqida gapirib bering?
10.Orol, Orol atrofi, Orol havzasidagi ekologik muammolar to’g’risida ijodiy ish yozing?
11. Ekologik, ijtimoiy, iqtisodiy muammolarga oid ma’lumotlar to’plang?
12. Globallashuv mohiyatini ochib bering?
13. Globallashuv fenomeni to’g’risida Prezidentimiz I.A.Karimov fikrlarini yoriting?
14. Globallashuvning ijobiy tomonlari nimalarda ko’riladi?
11-mavzu: Qozog’iston Respublikasi
Ko’rib chiqiladigan asosiy savollar:
1.Qozog’istonning iqtisodiy-geografik o’rni, tabiiy sharoiti va resurslari.
2. Qozog’istonning aholisi va mehnat resurslari.
3.Qozog’istonning xo’jaligi va tashqi iqtisodiy aloqalari.
4. Qozog’istonning iqtisodiy rayonlari.


Mavzuga oid tayanch tushuncha va iboralar: Iqtisodiy-geografik o’rin, tabiiy sharoit, tabiiy resurslar, iqtisodiy rayon, xo’jalik, tarmoq.


1-asosiy savol bayoni: Ma’lumki 21 asr bo’sag’asida jahon siyosiy xaritasida birqancha o’zgarishlar bo’lib o’tdi. Shu o’zgarishlardan eng muhimi sobiq ittifoqning tarqalib ketishi va 15 ta mustaqil davlatlarning yuzaga kelishidir. Shulardan biri jahon siyosiy xaritasida yuzaga kelgan Qozog’iston Respublikasi o’ziga xos hususiyatlarga egadir.
Qozog’istonning madaniyati va tarixi ko’p ming yilliklarda shakllangan va rivojlangan. Hozirgi Qozog’iston hududida milloddan avvalgi 4-1 ming yilliklarda qabilalar yaylov chorvachiligi bilan shug’ullangan. Eramizdan oldingi 3-1 asrlarda Qang’ davlati vujudga kelgan. Millodning 6-8 asrlarida Turk xoqonligi, Ili va Chuv daryolari havzasida turgashlar, keyinchalik Qarluqlar davlati (766-940 ) tashkil topgan, hunarmandchilik, savdo rivojlandi, shaharlar (Taraz) paydo bo’ldi. Qozog’istonning janubida 8-10 asrlarda islom dini tarqaldi, 9-11 asrlarda Qozog’istonning g’arbiy va janubi-g’arbiy hududlarida o’g’uzlar xoqonligi parchalanib, uning o’rnida Qoraxoniylar davlati vujudga keldi. 1219-1221 yillarda Qozog’iston mo’g’ullar tomonidan bosib olindi va mo’g’ul uluslari tarkib topdi. Keyinchalik Amir Temur To’xtamishga qarshi yurish qildi (1391y), so’ng oradan 200 yil o’tgach Abdullaxon II ham dashti Qipchoqqa yurish qildi. 14-asr ohiri 15-asr boshlarida Oq O’rda, No’g’ay O’rda, O’zbekxonligi kabi bir necha mulklarga bo’linib ketdi.
Manbalarga asoslanib shuni aytish mumkinki, qozoqlarda davlatchilik 1470 yilda shakllangan. Ettisuv va Chuv daryo vodiysida qozoq sultonlari Jonibey va Kireylar ko’p sonli ellatlarni “Qozoq” urug’iga birlashtirdilar. 16-asr boshlarida Qosimxon boshchiligida (1511-1523y) Qozoq xonligi mustahkamlandi, chegaralari kengaydi, qozoq ellatining shakllanishi nihoyasiga etdi, aholi soni ortdi. Xonlikni Osiyo va Evropadagi mamlakatlar yaxshi bilishgan. Keyinchalik, Qozoq xonligi juzlarga bo’linib, Ulug’ juz (Ettisuv), Markaziy juz (Markaziy Qozog’iston ) va Kichik juz (G’arbiy Qozog’iston ) deb atalgan. 1716 yilda Qozoqlarning oxirgi xoni Taukexan o’lishi bilan Qozog’iston hududida mustaqil ko’p sonli xonliklar vujudga keldi.
1729 y. Jung’oriya xonligi Ulug’ juzning ko’p qismini bosib oldi. Xavf ostida qolgan Kichik juz oqsoqollari 1721-31 yilda, 1731-40 yilda Markaziy Juzning xon va sultonlari Rossiya podsholigiga murojat qilishib, ularni Rossiya tarkibiga qo’shib olishlikni so’rashdi. Murojat qabul qilindi. Qozog’iston hududining janubiy qismlari Qo’qon va Xiva xonliklari tarkibiga kirdi.
Qozoq madaniyati, iqtisodini rivojlanishida qozoq-rus munosabatlari muhim ahamiyatga ega. 1860 yilda Qo’qon xonligi qo’shinlarini engib Ettisuvning barcha qismi Rossiyaga qo’shib olindi. Podsho hukumati 1867y. Turkiston general-gubernatorligi tarkibida Ettisuv va Sirdaryo viloyatlari, 1868 y. Orenburg general-gubernatorligi tarkibida Akmolinsk va Semipalatinsk viloyatlarini tashkil etdi.
1917y. noyabr – 1918y. Fevralda Qozog’istonda Sovet hokimiyati o’rnatildi. 1920 yilda Qirg’iz avtonom viloyati, Qozog’iston ASSR (RSFSR tarkibida) va 1936 yil 5 dekabridan boshlab Qozog’iston SSR maqomida shakllangan edi. Qozog’iston Respublikasi poytaxtlari rolini ham turli davrlarda turli shaharlar o’tadilar. Bular Orenburg (1920-1925yy.), Qizilo’rda (1925-1929yy.) va Almati (1929-1998yy.). So’nggi poytaxti etib Astana (oldingi Aqmo’la) shahri tanlandi.
Hozirgi vaqtda Qozog’iston Respublikasi ma’muriy hududiy tarkibida 14 oblast mavjud, ular beshta iqtisodiy rayonga birlashtirilgan.
Qozog’iston Respublikasining umumiy maydoni 2724900 km2, umumiy maydoni butun er shari maydonining 2 % ni, Osiyoning 6,1 % ni, mintaqa hududining 2G’3 qismidan ko’prog’ini tashkil qiladi. Kattaligiga ko’ra u MDHda Rossiyadan keyin 2, jahonda esa 9 o’rinni egallaydi. Ammo aholisining soni (15,2 mln. kishi, 2006y.)ga ko’ra u MDHda 3, jahonda esa 52 o’rinda turadi.
Qozog’istonning geografik o’rni ham o’ziga xos. U Evrosiyo materigining markazida, Markaziy Osiyo mintaqasining shimoliy tomonini egallaydi. Uning hududi Rossiya Federatsiyasi va Turkiyaga o’xshash Evropa va Osiyo qit’alari bo’ylab joylashgan.
Uning hududi shimoldan janubga 1800 km, g’arbdan sharqqa esa 3000 km ga cho’zilgan va quruqlikda 5 ta davlatlar (Rossiya, Xitoy, Qirg’iziston, O’zbekiston va Turkmaniston) bilan chegaradosh. Chegaralarining umumiy uzunligi 13331 km ni tashkil qiladi. Shuningdek, 600 km masofada Rossiya, Ozarbayjon, Turkmaniston bilan Kaspiy dengizi orqali ham chegaralarga ega. Respublikaning iqtisodiy geografik o’rni nisbatan qulay. Markaziy Osiyo davlatlari shimol, g’arb va sharq bilan bog’lovchi asosiy temir yo’l va avtomobil yo’llari ustida joylashgan. Boshqacha aytganda, Qozog’iston Rossiya, Xitoy va Yaponiya hamda G’arbiy Evropa davlatlari bilan eng qulay holda bog’lanish imkoniyatlariga ega. Uning Kaspiy dengizi bilan tutashligi ham IGO’ qulayliklarini oshiradi.
Tabiiy sharoitiga ko’ra Markaziy Osiyo respublikalaridan ancha farq qiladi. Relefi xususiyatlariga ko’ra uning hududi asosan tekisliklardan (2G’3 qismi) tashkil topgan. Qolgan 1G’3 qismi tog’lar va yassi tog’liklardan iborat. Umuman respublikaning g’arbiy, shimoliy va markaziy qismlari tekisliklar bilan egallangan. Asosiy tog’lari shimoliy-sharqiy tomondagi Rudali Oltoy, janubi-sharqiy va janubiy chegaralar bo’ylab Jung’ariya Olatovi, Tarbag’atay, Tyanshan tog’lari tizmalari, Qoratov hamda respublika markaziy mintaqasi bo’ylab g’arbdan sharqqa tomon cho’zilgan. Qozog’iston Yassi tog’ligi, shimoldan janubga tomon cho’zilgan ancha pastkam Mug’odjar (Ural tog’ining janubiy davomi) va respublikaning chekka janubiy-g’arbiy qismidagi Mang’istov bu ulkan o’lkaning asosiy tog’ va yassi tog’larini tashkil qiladi. Uning relefi iqtisodiy-geografik nuqtai nazaridan qaraganda, ijobiy xususiyatlarga ega. Boshqacha aytganda, hududni iqtisodiy o’zlashtirishda (erkin maydonlariga aylantirish, yo’llar, aholi punktlari, korxonalar qurishda va boshqalar) ortiqcha qiyinchiliklar to’g’dirmaydi.
Iqlimi turli ob’ektiv sabablarga (hududining kattaligi va g’arb, janubi-g’arbiy hamda shimoliy tomonlardan tabiiy to’siqlarga ega emasligi va boshqalar) ko’ra xilma xil, keskin kontinental xususiyatga ega.
Yoz asosan issiq va davomli o’tadi. Iyul oyining Markaziycha t°si janubiy rayonlarida Q26° dan shimolda Q19°gacha tebranadi. Mutloq maksimum Q46°gacha etadi. Yoz respublikaning shimoliy va sharqiy hududlari va baland tog’larini hisobga olmaganda, yog’ingarchiliksiz quruq o’tadi. Qish esa Rossiyaning shimoliy hududlaridan qolishmaydigan darajada qahraton. Yanvar oyining Markaziycha t° janubida -5°dan shimolida -20°gacha tebranadi. Mutloq minimum -48°dan -53°gacha etadi. Sovuqsiz kunlar shimolda 110 kundan janubda 190 kungacha davom etadi. Markaziycha yog’ingarchilik ko’rsatkichlari respublikaning g’arbiy va janubi-g’arbiy tekis cho’l hududlarida 100 mmdan, shimoliy va shimoli-sharqiy rayonlari tomon ko’payib boradi va 300 mm dan 600-700 mmgacha. Yog’ingarchilik asosan baland tog’li hududlarida eng ko’p tushadi. Tabiiy sharoitning bunday xususiyati respublika hududida asosan kenglik bo’lib (shimoldan janubga qarab) o’rmon-dasht, dasht, chala cho’l va cho’l tabiiy geografik zonalarning kelib chiqishiga sabab bo’lgan. Tabiiyki, bu zonalar iqtisodiy geografik jihatdan turlicha ahamiyatga ega. Jumladan, o’rmon-dasht, dasht va tog’oldi zonalari dehqonchilik (asosan tabiiy namlik asosida) uchun, boshqa zonalar esa chorvachilik uchun ahamiyatli.
Tabiiy resurslarga Qozog’iston ancha boy. Ayniqsa tabiiy mineral resurslar ko’lami va xilma-xilligi bo’yicha. U MDH davlatlari orasida mis, qo’rg’oshin, ruh, kumush, volfram, vismut, vanadiy, bariy zahiralari bo’yicha birinchi, neft, molibden, kadmiy, boksit, fosforit, asbest zahiralari bo’yicha ikkinchi, ko’mir, temir rudasi, ko’plab turdagi mineral qurilish materiallari zahiralari bo’yicha uchinchi o’rinlarni egallaydi. Bu degani, Qozog’istonning ham jahonda egallagan o’rni juda yuqori ekanligini tasdiqlaydi. Hozirgi vaqtda Qozog’istonda 100 dan ortiq ko’mir, 200 dan ortiq neft va tabiiy gaz, 200 dan ortiq mis va 1000 dan ortiq turli boshqa rangdor metall konlari borligi aniqlangan.
Qozog’iston yoqilg’i mineral resurslari bilan ayniqsa yaxshi ta’minlangan. Ko’mirning yarmi toshko’mir, qolgan qismi esa qo’ng’ir ko’mirdir. Qozog’istonda jahon ko’mir zahirasining 3,3 % to’plangan. Respublika ko’mir qazib chiqarish bo’yicha jahonda sakkizinchi o’rinda. Ko’mirning respublika hududidagi zahirasi 176,6 mlrd t.
Qarag’anda ko’mir havzasi respublikaning barcha konlariga nisbatan eng ahamiyatlidir. U yagona kokslanadigan ko’mir konidir va asosan shaxta usulida qazib chiqariladi. Unda 51 mlrd t. zahira jamlangan. Havzaning umumiy hajmi-3 ming km2 , chuqurligi -50-300m, qalinligi 1,5-15 m. Qarag’anda ko’mir havzasiga-Abay, Shaxta, Shaxan va boshqa ko’mir konlari kiradi.
Ekibastuz ko’mir havzasi ko’mir qatlamlarining qalinligiga va er yuzasiga yaqin joylashganlik sharoitiga ko’ra qazib chiqarishda eng yaxshi qulayliklarga ega. Ko’mir havzasining uzunligi 13 km va eni 6 km, ko’mir qatlamining qalinligi -100-120 metrni tashkil qiladi. Uning umumiy zahirasi 12 mlrd t.dir. Ekibastuzda yiliga 50 mln t ko’mir qazib chiqaruvchi jahondagi eng yirik ochiq karer “Bogatir” koni ishlaydi. Shuning bilan birga tarkibida “Markaziy”, “Sharqiy”, “Shimoliy”, “Stepnoy” ochiq usulda qazib chiqaruvchi konlari mavjud. Ekibastuzga yaqin joyda respublikaning uchinchi ko’mir havzasi – Moyko’ba (zahirasi 10 mlrd t., shuning 2 mlrd t.ni ochiq usulda qazib chiqarish mumkin) joylashgan. To’rtinchi yirik qo’ng’ir ko’mir havzasi Ubagan (zahirasi 40 mlrd t.) Qustanay oblastida joylashgan bo’lib, To’rg’ay yo’lagi bo’ylab asosan shimoldan janubga tomon 800 km ga cho’zilgan va 65 m gacha qalinlikka ega. Shuningdek, Kenderli, Belokamennoe (Sharqiy Qozog’iston oblasti), Qaljat, Qorjanko’l, Langar kabi ko’mir konlari ham mavjud.
Qozog’iston neft zahiralariga ham Markaziy Osiyoda eng boy mamlakatdir. Asosiy konlari Ural-Emba-Aqbo’ta va Mang’ishloq (Mang’istov) neft-gazli mintaqalarida joylashgan. Aniqlangan zahiralariga ko’ra neft 3,2 mlrd. t. ni va tabiiy gaz 6 trln m3ni tashkil qiladi. Hozirgi vaqtda 60 kon faoliyat ko’rsatmoqda.
Respublikada dastlabki neft konlari XX asr boshlaridan aniqlangan (Dossor-Makat-Emba), 60 yillar davomida Mang’ishloq (Jetiboy, Uzen, Tasbolat kabilar) konlaridan foydalanish boshlandi. Ularning nefti engil, uchuvchan birikmalarga ancha boy, shu bilan birga tarkibida smola va parafin birikmalari ko’p (50%). 70-80 yillar davomida eng istiqbolli Bo’zachi, Tengiz, Qalamqas, Qarajanbas, Qizilo’rda viloyatida Qumko’l konlari aniqlandi. Bular orasida o’zining zahiralari kattaligiga ko’ra Tengiz jahondagi eng yirik birinchi beshlikka kiradi. So’nggi yillarda bir qator gaz konlari ham aniqlanadi. Bular Ustyurtdagi Joman, Quyonquloq, Yaxshi Quyonquloq, Cho’mishti, Oqko’l, Qiziloy hamda Mang’itloq yarim oroli janubidagi Oymasha konlaridir. Qozog’istonning neft va gaz konlari zahiralari ko’pligiga qaramay joylashgan o’rni ancha noqulayligi bilan ajralib turadi. Ular aholi eng siyrak va qurg’oqchil G’arbiy rayonlarda asosiy iste’mol rayonlaridan juda uzoqda joylashgan.
Metall rudali mineral resurslar bo’yicha Qozog’iston nafaqat MDHda, balki jahondagi eng boy mamlakatlardandir. Muhimi u ham qora, ham rangdor metallarga boy.
Ayniqsa rangdor metall rudalari xilma-xilligi va zahiralariga ko’ra alohida ajralib turadi. Hozirgi vaqtda 74 mis koni aniqlangan. Bular Jezqazg’an, Sayak, Qo’ng’irot, Bo’zshako’l, Chatirko’l va boshqalar.
Polimetall konlari orasida Ziryan, Uskemen, Leninogorsk, Zmeynogorsk, Belousov (Sharqiy Qozog’iston), Tekeli, Achisoy eng yiriklaridan hisoblanadi. Shuningdek, boksit (Arqaliq, To’rg’ay), xromit (Donskoe), volfram, molibden, kumush, oltin, nikel kabilarning ham o’nlarcha konlari mamlakatning turli hududlari bo’ylab joylashgan.
Qozog’iston Markaziy Osiyo davlatlari orasida ancha boy temir ruda zahiralariga ega bo’lgan davlat hisoblanadi. Uning hissasiga MDH davlatlari umumiy zahiralarining 17% to’g’ri keladi. Qustanay oblastida Sokolov-Sarbay, Kachar, Ayak, Lisakovskiy, Markaziy Qozog’istonda Atasuv, Qorajol, Shimoliy Orolbo’yi kabi temir ruda konlari eng ahamiyatlidir. Shuningdek respublika marganets konlariga (Jezdi) ham nisbatan boy.
Kimyoviy mineral resurslari ham ancha xilma-xil va boy. Bu xil resurslarining asosini fosforit konlari tashkil qiladi. Qoratov fosforit havzasi zahirasi va sifat ko’rsatkichlariga ko’ra MDHdagina emas, balki jahondagi eng yirik konlardan hisoblanadi. Bundan tashqari Aqto’be (Aktyubinsk) fosforit koni ham respublika xalq xo’jaligida ahamiyatli.
Qozog’istonda tuz mineral boyliklari juda xilma-xil va keng geografiyaga ega. Tuz zahiralari shunchalik kattaki, ularni agar respublika hududida yoyib chiqilsa, 70 smlik qatlamni tashkil qilgan bo’lar edi. Tuzlarning deyarli barcha turlari bor.
Noruda qurilish mineral resurslari ham katta zahiralarda va xilma-xillikda mavjud. Ular orasida asbest (Jetig’ara), grafit, slyuda, flyuorit, dolomit, ohaktosh kabilar alohida ahamiyatga ega.
Boshqa xil tabiiy resurslardan Qozog’iston deyarli barcha turdagi tugamaydigan resurslar (quyosh radiatsiyasi, shamol, geotermal kabilar)ga ancha boy. Qozog’istonning eng muhim boyliklaridan biri er resurslari (270,1 mln ga) bo’lib, u ko’rsatkichlariga ko’ra MDHdagi yirik respublikalardan hisoblanadi. Bu erdagi er maydonining 82 % i qishloq xo’jaligiga yaroqli erlardir. Uning yaylovlari va o’tloqlari 190 mln ga, xaydaladigan erlar esa 30,2 mln ga. Qozog’iston xaydaladigan erlar maydoni bo’yicha jahonda oltinchi o’rinda. Yaylovlari va o’tloqlari maydoni bo’yicha esa jahonda turtinchi o’rinda. Shu bilan birga suv resurslariga uncha boy emas. Umumiy iqlimiy hususiyatlariga bog’liq holda suv zahiralari o’zgarib to’radi. Mamlakatda ichki suv resurslari 115,3 mlrd m3 ni tashkil etadi. Uning 60,4 mlrd m3 suv zahirasi respublika hududida, 54,9 mlrd m3 suv zahirasi esa qushni mamlakatlar hududidan kirib keladi. Qozog’iston hududidagi ichki suv zahiralarining 62 % i Janubiy Qozog’istonga, 30 % i Shimoliy Qozog’istonga, 4,8 % i Markaziy Qozog’istonga, qolgan qismi esa boshqa hududlarga tegishlidir.
Qozog’istonda umumiy soni 85 mingga yaqin daryo, 48 mingdan ortiq ko’llar bor. 8 mingga yaqin ko’llarning o’zunligi 10 km-dan oshadi. Ko’llarning umumiy maydoni 45 ming km2, uning 94 % ning maydoni 1 km2- dan oshmaydi. Balxash, Zaysan, Olako’l, Tengiz, Sileti, Sasiqko’l, Qushmurun, Marqako’l yirik ko’llar hisoblanadi.
Er yuzasining faqat 4 % qismi (11 mln ga) o’rmonli hududlar hisob-lanadi. Shuningdek, rekreatsiya resurslarining imkoniyatlari ham katta. Xilma-xil tabiiy landshaftlar, ko’llar (ularning soni 40 mingdan ortiq), mineral suv manbalari va shifobaxsh balchiqlar va boshqalar respublika rekreatsiya resurslarining asosini tashkil qiladi.

Yüklə 1,33 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   29   30   31   32   33   34   35   36   ...   93




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin