Strategik qarorlarning variantlari: narxning pasayishi va xizmat ko‘rsatish hajmining kamayishi, soddalashtirish yo‘li bilan foyda olish, bozordan chiqib ketish
Strategik qarorlarning variantlari: narxning pasayishi va xizmat ko‘rsatish hajmining kamayishi, soddalashtirish yo‘li bilan foyda olish, bozordan chiqib ketish.
BKG usuli bo‘yicha tahlil qilish yagona portfel tarkibida korxonaning o‘rnini aniqlash, istiqbolli strategiyalarni prognozlashga imkoniyat beradi. Tez o‘suvchi yo‘nalishlar investitsiyalarga ehtiyoj sezadi, sekin o‘suvchilari esa ortiqcha mablag‘larga ega bo‘ladi.
Sotishlar hajmi va foyda summasi bo‘yicha deyarli har bir yo‘nalishning ulushini hisoblash mumkin.
Shu bilan bir qatorda matritsani qo‘llash ma’lum darajada cheklangan, chunki u faqatgina barqaror sharoitlar va ko‘rsatkichlarning cheklangan doirasi bo‘yicha natija berishi mumkin.
Dji-I-Makkenzi matritsasi. Bu ko‘p o‘lchamli matritsa bo‘lib (bozorning «jozibaligi» korxonaning strategik vaziyati), bozorning jozibaligi darajalariga bog‘liq holda korxona potensialidan samarali foydalanish bo‘yicha ko‘proq differensiallangan marketing qarorlarini qabul qilish imkonini beradi
BKG dan farqli ravishda bu matritsa baholashda qatnashadigan omillar sonini ancha ko‘paytiradi va barqaror bo‘lmagan rivojlanish sharoitlarida uni qo‘llash imkonini yaratadi.
«Bozor jozibaligi» ko‘rsatkichi quyidagi omillar kompleksi bilan ifodalanadi:
— bozor o‘lchamlari va uning o‘sishi shartlari;
— narxlar darajasi;
— foyda me’yori;
— raqobat holati;
— bozorga chiqish uchun to‘siqlar;
— huquqiy cheklovlar;
— ijtimoiy roli va boshqalar.
«Strategik vaziyat» ko‘rsatkichi (raqobatli vaziyat, ichki potensial), shuningdek, turli xil omillar (sof daromad, moliyaviy ahvol, sotilishlarning samaradorligi, narxning raqobatbardoshligi, korxona madaniyati, boshqarish uslubi, korxona imkoniyatlari va boshqalar) yordamida aniqlanadi. Bu ko‘rsatkichlarni baholash korxonaning investitsiya, bozor holatini, shuningdek, uning potensiali ahvolini hisoblash yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Investitsion vaziyat korxona o‘sishini ta’minlash uchun investitsiyalarning real va optimal kattaliklarining nisbati sifatida aniqlanadi.
Bozordagi vaziyat amaldagi bozor strategiyasining bozorda yetakchilikka erishish va potensial iste’molchilarining ixloslari nuqtai nazardan optimal strategiyaga nisbati bilan baholanadi.
Korxona potensialining ahvolini uning real ahvolining ishlab chiqarish, xodimlar, moliya va marketingni samarali boshqarishga erishish nuqtai nazaridan optimal holatiga nisbati bilan belgilaydilar. Ko‘rsatilgan uchta ko‘rsatkichlardan har biri birga teng bo‘lsa, korxona bozorda yuqori strategik holatga ega bo‘ladi. Ko‘rsatkichlardan birortasi nolga teng bo‘lsa, korxonaning muvaffaqiyatga erishish imkoniyatlari kamayadi.
O‘sish strategiyalari bozor talablariga yaxshiroq javob berishi uchun korxona qaysi yo‘nalishda rivojlanish kerakligini, shuningdek, buning uchun o‘z resurslari yetarlimi yoki chetdan jalb qilish va o‘z faoliyatini diversifikatsiya qilish kerakligini aniqlaydi.
O‘sishni boshqarishni Ansoff matritsasi asosida amalga oshirish mumkin. Bu matritsa mahsulotlarni sotish istiqbollarining noaniqlik darajasiga yoki mazkur mahsulotning mazkur bozorga kirish imkoniyatlariga bog‘liq holda mahsulot va bozorlarni tasniflash uchun qurol hisoblanadi.