Mantiqning asosiy qonunlari. Ma’lumki, har bir dunyoviy fanlarning o‘ziga xos qonunlari bo‘lib, ular voqelikni o‘rganishda katta yordam beradi. Masalan, tabiat sohasiga oid qonunlar tabiatshunoslik fanlari - fizika, ximiya, biologiyaga tegishli bilimlarni, jamiyatga oid qonunlarga esa, jamiyatshunoslik fanlari - tarix, siyosatshunoslik, falsafaga oid bilimlarni keltirib chiqaradi.
Qonun tushunchasi, jumladan, mantiqiy qonun tushunchasi nimani ifodalaydi? Qonun narsa va hodisalar o‘rtasidagi ob’ektiv, takrorlanib turuvchi muhim, zaruriy, umumiy, qat’iy va barqaror munosabatlarni va bog‘lanishlarni ifodalaydi.
Tafakkur qonunlari esa, fikrlar o‘rtasidagi eng umumiy, zaruriy, barqaror takrorlanuvchi bog‘lanishlarni ifodalaydi. Tafakkur qonunlaridagi o‘ziga xos xususiyat nimada? Tafakkur qonunlari ham kishilarning fikrlarida mavjud bo‘lgan zaruriy, ob’ektiv bog‘lanishlardan bahs yuritadi. Mazkur qonunlarning zaruriy va ob’ektivligi shundaki, kishilar ularni chuqur bilib olib o‘z ommaviy faoliyatlarida foydalanmasalar, ularning hayotidagi o‘rinlari nomukammal bo‘ladi.
Mantiq mazkur zaruriy bog‘lanishlarni qonun darajasida o‘rganar ekan, ularni ob’ektiv borliqning emas, balki sub’ektiv mavjudodlikning asosiy jihatlari kabi izohlaydi. Fikrlar o‘rtasidagi eng oddiy va zaruriy bog‘lanishlar mantiqning to‘rt asosiy qonunlari orqali ifodalanadi. Bular ayniyat qonuni, ziddiyat qonuni, uchinchi istisno qonuni va yetarli asos qonunidir.
Bu qonunlar asosiy qonunlar bo‘lib mantiqda alohida muhim va eng umumiy hisoblanadi. Mantiq ilmi ham insonga xos bo‘lgan tafakkurning ob’ektiv reallikdagi munosabatlarini to‘g‘ri aks ettiruvchi fikrlash jarayonining ichki o‘ziga xos tomonlarini, qonun qoidalarni o‘rganishga intilishi jarayonida vujudga keldi va shakllandi. Fan, shu jumladan, mantiq fani ham, insonning ilmiy-ijodiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lib, uning ob’ektiv reallikdagi jarayonlar, sababiy bog‘lanishlar, tashqarida va yuzada ko‘rinuvchi voqea-hodisalarning mohiyatlari, qonun va qonuniyatlarni aniqlaydi.
Ob’ektiv qonunlarni bilish, ularni to‘g‘ri aks ettirish fanlarning rivojlanishiga olib keladi. Fanlarning rivoji bu insonga tabiat sirlarini ochish, uning kuchlariga ta’sir etish, bu kuchlardan amaliy faoliyat uchun foydalanish imkonini beradi.
Mantiqiy qonunlar inson tafakkurigagina xos bo‘lgan, inson tafakkurida turli fikr mulohaza, muhokamalar munosabatidagina amal qiladigan qonuniyatlardir.
Biz bunday qonunlarni boshqa sohada, boshqa fanlarda uchratmaymiz. Lekin, boshqa qonunlar singari mantiqiy qonunlar ham o‘z sohasining, boshqacha aytganda tafakkur elementlari, fikr-muhokamalari o‘rtasidagi eng umumiy, zaruriy, takrorlanuvchi, qat’iy va umumiy hamda bir xil bog‘lanishlarni ifodalaydi.
Ya’ni, bu qonunlar ob’ektiv reallikdagi narsa va hodisalarning muayyanligi, ziddiyatligi, aynan va shu narsa ayni vaqtning o‘zida bir xil va ayni shu belgilarning mavjudligi kabi oddiy xususiyatlarning bir necha ming yillar davomida inson miyasida aks etishining natijasida shakllanadi.
Mantiqning qonunlari inson miyasida (uning shaxsan mustaqil holda fikr yuritishida), sub’ektining intellektual aqliy hayoti jarayonida mavjuddir. Inson, insonlar bo‘lmasa, uning tafakkuri bo‘lmasa (tabiiy ravishda), bu qonunlar ham o‘z-o‘zidan keraksiz va ular mavjud ham bo‘lolmaydilar. Shu sababdan bu mantiqiy qonunlarni sub’ektiv qonunlar va inson tafakkurining mahsuli, ya’ni ular fikrni osonlashtirish uchun inson tomonidan o‘ylab topilgan, degan ta’limotlar falsafa tarixida ko‘p bo‘lgan. Lekin, tafakkur qonunlari ham insonni sub’ektiv xohishlariga, kayfiyatiga bog‘liq bo‘lmagan holda, har qanday mantiqiy, to‘g‘ri fikrlashga xos bo‘lgan tafakkurning o‘z tabiiy qonunlari aks etishi natijasida vujudga kelgan, ya’ni, ob’ektiv mazmunga ega bo‘lgan qonunlardir.
Tabiatda ongi yetuk bu inson, eng yetuk tabiiy ruhiy jarayon bu uning tafakkuri. Tafakkursiz insonni, insonsiz tafakkurni tasavvur etish mumkin emas.
Tafakkur qonunlari ham mantiqiy qonunlari kabi grammatik qonunlarga o‘xshab ketadi. Gramatikaning qonun-qoidalari bir-birini tushunib olishni, to‘g‘ri so‘zlashishni ta’minlovchi til va nutq qonun qoidalarini ifodalaydi. Til va nutq inson uchun hamda inson miyasi uchun tabiiy xislat jarayonidir. Nutqsiz sog‘-salomat insonni, insonsiz nutqni tasavvur etib bo‘lmaydi. Shuning uchun nutq tafakkur bilan, mantiq grammatika bilan ajralmas bog‘liqdir. Til nutqda milliy xarakterga ega, ya’ni har bir millat, xalqning o‘z tili bor.
Mantiqiy tafakkur va uning qonun qoidalari umuminsoniydir. Barcha millat va xalqlarning fikrlashida bu qonun va qoidalar bir xil bo‘ladi. Shuning uchun ham insonlar qaysi tilda gaplashmasinlar, qaysi zamonda, qaysi yerda yashamasinlar, bir-birlarini (tarjimonlar, xatlar, kitoblar) orqali tushuna oladilar. Insonlar miyasi, bosh nerv sistemasi, millati, irqi, yoshi, bo‘yi, tili, jinsi va hokazolardan qa’tiy nazar bir xil prinsiplar asosida fikrlashadi. Bu fikrlash bir xil qonunlar - mantiqiy qonunlar asosida amalga oshadi. Tafakkur shakllari va qonunlarining barcha insonlar uchun bir xil bo‘lishi ularning, ya’ni ob’ektiv reallikning insonlar miyasida ming asarlar davomida aks etib kelishi natijasida vujudga kelib, shakllanib qolganligi tufaylidir.
Mantiqiy tafakkurning ajralmas hislati bu aniqlik, izchillik, va asosli bo‘lishidir. Bu xislatlar har qanday to‘g‘ri fikrlashga xos bo‘lib, mantiqiy qonunlar sifatida mustahkamlanib qolgandir.
Talabalar tomonidan o‘rganishga kirishilganda mavjud adabiyotlar yordamida bu jarayonga ilmiy-asosli yondashishlari talab etiladi. Fikrning aniq ma’noga ega bo‘lishi. O‘ziga xos xislatlarga ega bo‘lish har bir predmet, hodisaga xos bo‘lib, avvalo bir predmet yoki hodisa ikkinchisidan shu hislati bilan farq qiladi. Predmetning bu hislati har bir fikr, muhokama, mulohazaning aniq bo‘lishida aks etib, ifodalanib qoladi. Chunki, aniq bo‘lmagan fikrni boshqa fikrdan tafovut etish mumkin bo‘lmaganidan, ayni paytda uning mustaqil ravishda boshqa fikrlar bilan bog‘lanishi, munosabatga kirishuvi mumkin emas.
Shuningdek, ob’ektiv predmetlarning o‘zaro munosabatida, bog‘lanishida ma’lum tartib, izchillik. Birin-ketinlik xislati mavjud bo‘lib, bu xislat ham inson tomonidan bir necha ming bor kuzatish, aks ettirishi natijasida fikrlashning izchil tartibi yuzaga kelgan.
Shuningdek, mantiqiy fikrlashning asosli, isbotli bo‘lishi xislati ham ob’ektiv reallikdagi predmetlarning ma’lum tartib bilan munosabatda bo‘lishini ifodalaydi.
Bu qonunlar har bir insonning to‘g‘ri, mantiqiy fikrlash uchun ma’lum tartiblarini olg‘a suradi. Bu talablarga rioya etilsa, fikrlashning mantiqiy bo‘lishi, fikrlar o‘rtasidagi bog‘lanishning to‘g‘ri bo‘lishi ta’minlanadi. Bu qonunlar tafakkurning tabiiy qonunlari bo‘lgani uchun ularni buzish yoki yo‘qqa chiqarish, boshqa qonunlar bilan almashtirish mumkin emas. Insonning qanday amal qilishidan qat’iy nazar, bu qonunlar insoniyat tafakkurining ajralmas xislatlari bo‘lgani uchun ham, hech kimning hohishiga bog‘liq bo‘lmagan holda mavjud bo‘ladi.
Lekin, bu qonunlarda kelib chiqadigan talablar buzilishi mumkin. Bu holda mazkur shaxsning fikrlashi mantiqsiz, noto‘g‘ri bo‘ladi, izchil, aniq, asosli bo‘lmaydi. Grammatik qonunlar ham shunday. Agar ularga rioya etilsa ham, etilmasa ham ular tilning ajralmas qonunlari sifatida mavjuddir. Lekin mazkur shaxs bu qonunlarga rioya qilsa, nutq - to‘g‘ri, rioya etmasa, nutqi noto‘g‘ri, savodsiz bo‘ladi. Bu narsalar tajribada, ilm - fanda qayta - qayta isbotlangan.
Mantiqiy qonunlar bilan dialektika qonunlarining o‘zaro munosabatiga kelsak, dialektik qonunlar barcha hodisalar, shu jumladan tafakkurga ham xos bo‘lib, fikrlash jarayoni ham dialektikaga bo‘ysunadi.
Dialektik qonunlar barcha predmet, hodisalar, inson ma’naviy hayotining; barcha tabiiy va ijtimoiy hodisalarning umumiy qonunlari bo‘lib, u tabiat va jamiyatdagi ma’lum tor sohalarning maxsus qonunlarini inkor etmaydi, balki nazarda tutadi, ular yordamida ifodalanadi.
Fizik yoki kimyoviy hodisalar va jarayonlarning o‘z ichki qonuniyatlari kimyoviy qonunlar hamda fizik qonunlar asosida amalga oshishi bilan bir qatorda, umumiy dialektik qonunlarga ham bo‘ysunadi.
Shuningdek, mantiqiy qonunlar dialektik qonunlarga nisbatan xususiy qonunlar, bu tafakkurning maxsus qonunlari bo‘lib, u tafakkur tuzilishining elementlari o‘rtasidagi fikrlashning shakllari tushunchalar, hukmlar o‘rtasidagi to‘g‘ri bog‘lanishning ajralmas zaruriy xislatinigina ifodalaydi. Ular orasida umumiylik va xususiylikning uzviy bog‘lanishli munosabati mavjuddir. Albatga, mantiqiy qonunlarni mutloqlashtirish, ularning amal qilish doirasini kengaytirib yuborish g‘ayri ilmiy xulosalarga olib keladi. Fanda falsafa tarixida mantiqiy qonunlarning amal qilish doirasini kengaytirib, ularni tafakkurninggina emas, hatto tabiat, jamiyatning ham mutloq qonunlari deb da’vo etishlari ko‘p bo‘lgan. Bu da’volar ilmiy taraqqiyot jarayonida o‘z-o‘zidan tushib qoldi.