O’zbekiston Respublikasi Bandlikka ko’maklashish davlat jamg’armasining mablag’laridan:
ishsiz deb topilgan shaxslarni kasbiy tayyorlash, ularning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash xarajatlari;
ishsizlik bo’yicha nafaqalar, bandlikka ko’maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlari taklifiga binoan ishlash uchun boshqa joyga ixtiyoriy ravishda ko’chib o’tish munosabati bilan kompensatsiyalar to’lash hamda ishsizlarga moddiy yordam berish;
ishsiz deb topilgan shaxslarga muddatidan ilgari pensiya tayinlanishi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi xarajatlarining o’rnini qoplash;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda jamoat ishlariga haq to’lash;
nogironlar, fuqarolarning ijtimoiy himoyaga muhtoj bo’lgan boshqa toifalari mehnatidan foydalanish uchun ixtisoslashtirilgan ish o’rinlarini va ishlab chiqarishlarni tashkil etishga doir tadbirlarni qisman moliyalashtirish;
qonun hujjatlariga muvofiq bandlikka ko’maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlarining alohida bo’linmalarini saqlab turish, shuningdek ularni moddiy-texnik jihatdan ta’minlash;
respublika miqyosida va hududiy miqyosda sotsiologik kuzatuvlarni tashkil etish va o’tkazish, bandlik masalalari bo’yicha aholining ayrim guruhlarida anketa so’rovlarini o’tkazish;
mehnat bozorining respublika va hududiy axborot tizimlarini yaratish va ularning dasturiy ta’minotini ishlab chiqish, shu jumladan texnika vositalari olish;
ish bilan band bo’lmagan aholiga yordam ko’rsatish, shu jumladan ishga joylashtirishga ko’maklashish va maslahat xizmatlari ko’rsatish bilan bog’liq xarajatlar;
aholi bandligi bilan bog’liq masalalar bo’yicha xalqaro hamkorlikni hamda xalqaro loyihalar va shartnomalarni amalga oshirishni moliyalashtirish;
chet elga ishga yuborilgan O’zbekiston Respublikasi fuqarolarining ishga joylashtirilishini tashkil etish va ularning ijtimoiy muhofaza qilinishini ta’minlash bilan bog’liq xarajatlar;
belgilangan tartibda aniqlanadigan boshqa maqsadlar uchun foydalaniladi.
O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash jamg’armasining mablag’laridan:
umumiy o’rta ta’lim va o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarini rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash, o’quv-laboratoriya va ishlab chiqarish uskunalari, kompyuter texnikasi hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining ta’limga ko’maklashuvchi boshqa elementlari, o’quv mebeli va anjomlari bilan tizimli ravishda qayta jihozlash ishlarini moliyalashtirish;
sog’liqni saqlash muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash ishlarini moliyalashtirish;
sog’liqni saqlash muassasalarini eng yangi laboratoriya, tashxis qo’yish va davolash asbob-uskunalari, kompyuter texnikasi hamda boshqa tibbiy apparatlar, maxsus mebel va anjomlar bilan jihozlash hamda tizimli ravishda qayta jihozlashni moliyalashtirish;
belgilangan tartibda aniqlanadigan boshqa maqsadlar uchun foydalaniladi.
Dostları ilə paylaş: |