O’tkazib beriladigan daromadlar - tegishli ma’muriy-hududiy birlikda shakllanadigan va yuqori turuvchi budjetga o’tkaziladigan, ular qayerda shakllangan bo’lsa, keyinchalik o’sha ma’muriy-hududiy birlik budjetiga o’tkazib beriladigan daromadlar.
Budjetlararo transfertlar - O’zbekiston Respublikasining respublika budjetidan Qoraqalpog’iston Respublikasi budjetiga, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga, davlat maqsadli jamg’armalariga hamda buning aksicha o’tkaziladigan, shuningdek Qoraqalpog’iston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan tumanlar va shaharlar budjetlariga hamda buning aksicha o’tkaziladigan mablag’lar.
Budjet ssudasi - qaytarish sharti bilan yuqori turuvchi budjetdan quyi turuvchi budjetga, shuningdek davlat maqsadli jamg’armalariga, rezident-yuridik shaxsga ajratiladigan pul mablag’lari.
Subsidiya - tovarlar ishlab chiqarish, ishlar bajarish, xizmatlar ko’rsatish va ularni realizatsiya qilishni moliyalashtirish yoki birgalikda moliyalashtirish yoxud maqsadli xarajatlarning o’rnini qisman qoplash uchun budjet tizimi budjetlari hisobidan yuridik va jismoniy shaxslarga beriladigan pul mablag’lari.