MA’ruza№1 mavzu kasbiy psixologiya faniga kirish. Fanning pr(1)
Kuzatish metodi tabiiy metodlar jumlasiga kirib, bunda tashqi kuzatuv mohiyatan kuzatiluvchi xulq-atvorini bevosita tashqaridan turib kuzatish orqali ma’lumotlar to‘plash usuli bo‘lsa, o‘z-o‘zini kuzatish esa odam o‘zida kechayotgan biror o‘zgarish yoki hodisani o‘zi o‘rganish maqsadida ma’lumotlar to‘plashdir. Erkin kuzatuvda ko‘pincha biror ijtimoiy hodisa yoki jarayonni o‘rganish maqsad qilib qo‘yiladi. Masalan, dars jarayonida ta’lim oluvchilarning u yoki bu mavzu yuzasidan umumiy munosabatlarini bilish uchun ham ba’zan erkin kuzatish tashkil etilishi mumkin. Standartlashtirilgan kuzatuv esa, buning aksi bo‘lib, nimani, qachon, kim va kimni kuzatish qat’iy belgilab olinadi va maxsus dastur asosida kuzatuv olib boriladi.
Psixologiyada guruhiy jarayonlarning shaxs xulq-atvoriga ta’sirini o‘rganish maqsadida bevosita ichkaridan kuzatuv tashkil qilinadi, bunda kuzatuvchi shaxs o‘sha guruh hayotiga tabiiy ravishda qo‘shiladi va zimdan kuzatish ishlarini olib boradi. Shu yo‘l bilan olingan ma’lumotlar bir tomondan tabiiyligi va mufassalligi bilan qimmatli bo‘lsa, ikkinchi tomondan, agar kuzatuvchida konformizm xislati kuchli bo‘lsa, o‘zi ham guruh hayotiga juda kirishib ketib, undagi ayrim hodisalarni sub’ektiv ravishda takrorlaydigan bo‘lib qolishi ham mumkin. Guruhiy fenomenlarni tashqaridan kuzatish buning aksi – ya’ni kuzatuvchi guruhga yoki kuzatilayotgan jarayonga nisbatan chetda bo‘ladi va faqat bevosita ko‘zi bilan ko‘rgan va eshitganlari asosida fikr-mulohaza yuritadi.
Kuzatish metodining ijtimoiy hayot, professional ko‘rsatkichlarni qayd qilishda so‘zsiz afzalliklari bor, lekin shu bilan birga kuzatuvchining professional mahorati, kuzatuvchanligi, sabr-qanoatiga bog‘liq bo‘lgan jihatlar, yana to‘plangan ma’lumotlarni sub’ektiv ravishda tahlil qilish xavfi bo‘lgani uchun ham biroz noqulayliklari yuzaga kelishi mumkin. Shuningdek, tadqiqot jarayonida ba’zida turli hodisalar ko‘p uchraydi va kuzatilayotgan voqealarga aralashib ketadi. Ayrim vaziyatlarda esa sinovchilarga tadqiqot vazifalari haqida ma’lumot berishga to‘gri keladi, bu esa ularning kasbiy xulqi va faoliyatini suniy ravishda o‘zgartirishiga olib keladi.
Kuzatuv metodi kamchiliklarini tartibga solish maqsadida 1973 yilda AQShda kuzatuv so‘rovi2 ishlab chiqiladi. Mazkur kuzatuv so‘rovining amerika va nemes standart variantlari kasbiy talablar, kvalifikatsiya, kasbiy qiziqish, mehnatdan qoniqish, ish joyi va tashkilotni tahlil qilish uchun ishlab chiqilib, u 194 savollardan iborat.
Kuzatuv so‘rovining tadqiqot ob’ektlari 4 blokga bo‘lingan:
1) axborot to‘plash va qayta ishlash; 2) mehnatga oid harakatlarni bajarish; 3) shaxslararo va professional munosabatlar; 4) murakkab va maxsus mehnat sharoitlari. Kuzatuv so‘rovi o‘rtacha 1yildan 4 yilgacha bo‘lgan muddatda olib boriladi. Uning davomiyligi tadqiqotchilarning ishlab chiqarish faoliyati to‘g‘risidagi bilimlari va sinaluvchi (ishchi) bilan o‘rnatilgan ishonch darajasiga bog‘liq.