Leon Valras (1834-1910) marjinalizmning Lozanna (Shveysariya) deb ataluvchi maktabi asoschisi hisoblanadi. Unga keyinchalik Pareto, Italiyadan Borone, shvesiyalik Kassel, amerikalik Leontev va boshqalar qo‘shildi. L.Valrasning «Sof iqtisodiy fan elementlari» (1874) asari iqtisodiyot bilimlari olamida matematikaning shaxdam qadamlariga asos soldi. Shu sababli u matematik maktabning davomchisi hamdir. Har qanday iqtisodiy tahlilni matematik izohlashga intilish bu maktab va uning izdoshlarining harakterli xususiyati hisoblanadi. Valrasning fikricha, har qanday iqtisodiy nazariyani faqat matematika asosida qisqa, aniq va ochiq isbotlash mumkin. Uning o‘zi matematikani yaxshi bilgan va Kurnoni o‘zining ustozi deb hisoblagan holda undan ilhomlangan.
Keyinchalik «eng yuqori foydalilik» (naf) deb atalgan tushunchani L.Valras «noyoblik» (rarete) deb izohlaydi. Buni u miqdor iste’molning kamayuvchi funksiyasidir deb ifodalaydi (ya’ni biror noz-ne’matning iste’mol soni oshishi bilan uning noyoblik miqdorining ko‘rsatkichi tobora pasayadi). L.Valras shuni aniqladiki, eng yuqori foydalilik - bu iste’molchi tomonidan (mazkur daromad doirasida) sarflanayotgan mablag‘larning so‘nggi porsiyalari (ulushi) uning uchun iste’mol qilinayotgan barcha noz-ne’matlardan bir xil qoniqish hosil qilishidir. Shu bilan birga iste’molchi A ne’mat B ne’matdan qimmatliroq ekanligini o‘zi belgilaydi. Masalan, unga paypoq galstukdan, go‘sht paypoqdan qimmatliroqdir va hokazo. Boshqacha qilib aytganda, iste’molchi o‘zining belgilangan daromadini galstukka nisbatan paypoqqa tezroq, paypoqqa nisbatan go‘shtga tezroq sarflaydi. Mana shunday turli-tuman ehtiyoj bo‘lganligi tufayli, iste’molchi har bir ne’matdan shunday miqdorda harid qiladiki, so‘nggi juft paypoq, oxirgi galsto‘qva so‘nggi nimta go‘shtdan bir xil qoniqish hosil bo‘ladi. Faqat shundagina barcha sotib olingan narsalar unga maksimal umumiy qoniqishni paydo qiladi. L.Valras hamma iste’molchilar o‘z ehtiyojlarini koniqtirishda maksimumga ega bo‘lsalar (yuqorida aytilganlarning hammasini, shuningdek har birining cheklangan daromadini hisobga olgan holda) iqtisodiy muvozanat yuzaga keladi. deb hisoblaydi. U bundan umumiy bozor muvozanati nima ekanligi to‘g‘risidagi masalani hal etishga muhim qadam qo‘yadi. Gap shundaki, har bir iste’molchi va har bir ishlab chiqaruvchi (har bir haridor va sotuvchi) o‘z sheriklaridan va iqtisodiyotda ro‘y berayotgan barcha jarayonlardan to‘la ajralgan holda harakat qila olmaydi. Boshqacha qilib aytganda, iqtisodiyotda hamma narsalar, barcha jarayonlar o‘zaro bog‘liq. Har bir baholash boshqa baholarga bog‘liq, ammo u ham boshqalarga ta’sir etadi. Bunga hayotda misollar bisyor. Masalan, mamlakatning biror hududida qishloq xo‘jaligining ortda qolishi shu mamlakat paytaxtida zargarlik buyumlariga talabning oshuviga olib kelishi mumkin.
Iqtisodchilar ikki xil o‘zaro bog‘liqlikni ajratadilar: o‘zaro almashinuv va o‘zaro to‘ldirish. Ularning har biri talab sohasida hamda ishlab chiqarish sohasida qayd etilishi mumkin. O‘zaro almashinuvga oid misollar iste’mol tovarlarida ko‘p uchraydi: plashch va zont, pivo va koka-kola, qo‘y go‘shti va tovuq go‘shti, qand va shakar... Ishlab chiqarish sohasida: g‘isht va beton, paxta tolasi va sintetik tola, ko‘mir va gaz... O‘zaro almashinuv har doim ham to‘la-to‘kis bo‘lavermaydi, shuning uchun odatda tovarlarning biri ikkinchisiga nisbatan afzalroq bo‘ladi (hammasi haridorning beradigan bahosiga bog‘liq). Bir-birini o‘zaro to‘ldiruvchi noz-ne’matlarni odatda odamlar birgalikda iste’mol etishni istaydilar yoki shunga majbur bo‘ladilar. Masalan, ko‘ylak va galstuk, videomagnitofon va videokassetalar, nina va ip, avtomobil va benzin va shu kabilar. Ishlab chiqarish sohasida ham bunday misollar ko‘p: stanok va elektrenergiya, istalgan materiallar va unga kerakli asbob-uskunalar va hokazolar.
Mehnat va mashinalar ayrim holatda o‘zaro almashinuvchi resurslar sifatida, boshqa holatlarda o‘zaro to‘ldiruvchi bo‘lib kelishi mumkin. Xuddi shu fikrni mehnat, kapital va yerga qo‘llash mumkin. Klassik maktab vakillari uch resurs, ya’ni mehnat, yer va kapitalni faqat o‘zaro to‘ldiruvchilar deb hisoblashgan. Neoklassiklar (Tyunendan boshlab) esa ularni ma’lum darajada o‘zaro almashuvchi deb qaray boshlashgan. Iqtisodchilar ana shu ikki tipdagi bog‘liqlikni aniqlashning aniq yo‘llarini ishlab chiqdilar. Iste’molchining daromadi o‘zgarmas deb hisoblanganda tovarlarga u yoki bu tipdagi bog‘liqlik boshqa tovarning narxi o‘zgarganda bu tovarga bo‘lgan talabning o‘zgarishiga mosligi bilan aniqlanadi. Agar bir tovarning narxi pasaysa va ikkinchi tovarga talab kamaysa, demak ularning ikkalasi o‘zaro almashinuvga qodir hisoblanadi. Masalan, go‘shtga narx pasaysa, makaronga talab kamayadi. Agar bir tovarga bo‘lgan narx pasayishi ikkinchi tovarga bo‘lgan talabning ortishiga sabab bo‘lsa, demak bu tovarlar o‘zaro bir-birini to‘ldiruvchilar hisoblanadi. Masalan, elektrenergiyaga bo‘lgan tarifning kamayishi elektrochangso‘rg‘ichlarga bo‘lgan talabni oshirishi mumkin va hokazo.
Amalda tovarlarning o‘zaro almashinishi yuqorida keltirilgan misollardagidan ancha kengdir. Bu har doim iste’molchi sotib olish fondini uning daromadi cheklanganligidan kelib chiqadi. Iste’molchi har doim tanlashga muhtoj, chunki u o‘z daromadini imkoni boricha maksimal umumiy foydalilikka ega bo‘lish uchun sarflashi kerak. Inflyatsiya sharoitida aholining daromadi qadrsizlanib boradi. Bu sharoitda shuni ko‘zatish mumkinki, bir tovar iste’moli boshqa tovar iste’moli bilan almashtiriladi. Bunda keyingi tovarning sifati pastroq va ammo har holda talabni koniqtiradi.
Shulardan xulosa qilib aytish mumkinki, agar X tovar uchun talab (yoki taklif)ning haqiqiy ishonchli funksiyasini olishni istasak, bu funksiyaga faqat shu tovarning bahosinigina emas, balki hamma tovarlarning bahosini kiritishimiz zarur. chunki biz X tovarning boshqa istalgan tovar bilan o‘zaro bog‘lanishining qaysi tipda ekanligini oldindan bilmaymiz. Shu asosda Valrasning umumiy bozor muvozanati nazariyasi vujudga kelgan. Shu asosda paydo bo‘lgan Valras tenglamasi butun mamlakat va uning butun bozorini qamrab olgan. Masalani soddalashtirish maqsadida eksport va import yo‘q deb faraz qilinadi. Bu xayoliy (Robinzon kabi) orolda bir emas, ikkita yovvoyi odam mavjud. Ularning birida mais (makkajo‘xori), ikkinchisida o‘tin bor. Lekin har biriga ham u, ham bu kerak. Ular beixtiyor bir-biri bilan savdolashishga muhtoj bo‘ladi. Har biri kamroq berib, ko‘proq olishga intiladi. Bir tomon ma’lum miqdordagi mais uchun maksimum o‘tin olishga, ikkinchi tomon ham o‘z navbatida ma’lum miqdordagi o‘tin uchun maksimum mais olishga intiladi. Ammo birinchi tomonga besh bog‘ o‘tin olish to‘rt miqdor mais berishdan muhimroqdir (chunki unda mais bor, lekin o‘tin yo‘q) va aksincha. Oqibatda bu almashinuv ikkala tomon uchun ham foydalidir. Chunki ularning har biri ko‘proq olyapman deb hisoblaydi.
Vaqt o‘tishi bilan orolda muhim o‘zgarishlar ro‘y beradi. Robinzonlar zahiralarning yaqin orada tugashini tushunib yetdilar. Endi ular ishlab chiqarishni boshlashi kerak, degan qarorga keladilar. Eski, falokatga uchragan kemadan belkurak va boltaga o‘xshash asboblar topiladi. Ular ishga solinadi. Mehnat taqsimoti tufayli ularning biri mais yetishtiradi, ikkinchisi esa o‘tin yerishga tushadi. Barter savdo davom etaveradi. Kunlardan bir kun orolda uchinchi kishi paydo bo‘ladi. U ma’lum vaqt mehmon sifatida yashaydi, ammo tekin kun ko‘rish mumkin emas, bozor qonunlari jiddiy. Nima qilmoq kerak? Uchinchi kishi birinchidan ozroq mais va ikkinchisidan ozroq o‘tinni qarzga oladi va viski ishlab chiqarishni boshlab yuboradi (qanaqa apparatdan olishi tijorat siri). Shunday qilib, uchinchi shaxsda o‘z qarzlaridan qutulish imkoniyati, ya’ni don va o‘tin uchun to‘lov imkoni paydo bo‘ldi. Xo‘sh bu holatda baholar qanday shakllanadi? Bu ko‘rinishda uch xil tovar va ikki xil ishlab chiqarish omili yer va mehnat bo‘lgan iqtisodiyotga ega bo‘ldik (oroldagilar qo‘lida ishlab chiqarish inventari kapital kategoriyasiga kiradi). Ammo uning bahosi pastligi sababli e’tiborga olinmadi). Robinzonlar ikkita bo‘lganda baholar muvozanati birinchi va ikkinchi tovarning cheklangan foydaliligi darajasida bo‘lgan. Endi sharoit o‘zgardi. Birinchidan, ularning soni ortdi. O‘tin tayyorlovchining talabi donning chegaralangan ehtiyojidan tashqari uning viskiga bo‘lgan talabiga bog‘liq. U o‘z mahsulotining bir qismini quvonch bag‘ishlovchi ichimlikka almashuv tufayli mais olishga kamroq o‘tin bilan qoladi. Bunda har bir bog‘ o‘tinning foydalilik darajasi pasayadi. Xuddi shu fikrni boshqa Robinzonlarga ham qo‘llash mumkin. Almashuvning uch ko‘rinishi mavjud bo‘ladi: 1. Mais o‘tinga; 2. Mais viskiga. 3. O‘tin viskiga. Har bir ishtirokchilarning tovari talab funksiyasi va o‘z tovarining taklif funksiyasi bor. Shunday qilib, biz oltita talab funksiyasi va uchta taklif funksiyasiga ega bo‘lamiz, ularning har biri boshqalarning hammasiga bog‘liq.
Ikkinchidan: endi ishlab chiqarish resurslari (mehnat va yer hisobga olinadi. Bu yerda shunday fikr yuritish mumkinki, mais egasi 20 o‘lchov donga bir krujka viski oladi, deylik. U maisni qancha ko‘p yetishtirsa, shuncha ko‘p Viski oladi. Buning uchun u ekin maydonini kengaytiradi va ko‘p hosil oladi, ammo uning mahsulotining bahosi kamayib ketadi va bir krujka Viski uchun 25 o‘lchov don berishi kerak bo‘ladi. Xuddi shunday holat boshqalarda ham ro‘y berishi mumkin, ammo ulardagi bu holat mehnat sarfi hisobiga ro‘y beradi. Nima qilmoq kerak? Bunda mahsulotning shunday muvozanat miqdorini topish kerakki, unda resurslarning chegaralangan sarfi mahsulotni sotishdan olinadigan chegaralangan daromadga teng bo‘lishi darkor. Bunda yana bir holat qayd etilishi mumkin. Yangi Robinzon makkorlik bilan ko‘proq mais olib, zahirasi hisobiga o‘tin olish kombinatsiyasini o‘ylashi ham mumkin (mais egasidan vaqtincha hech narsa olmaydi). Bunda raqobat paydo bo‘ladi. O‘tin egasi maisni kimdan olishni (almashuvni) o‘ylab ko‘radi. Albatta, buning uchun Viski egasi avvalroq ko‘proq mehnat sarflashi kerak bo‘ladi. Ammo dehqon Viski egasining faoliyatini to‘g‘ri baholab, donning bir qismini zahiraga qo‘ya boshlaydi. Viskining bahosi pasayadi va mehnat ko‘proq sarflangan bo‘ladi.
Albatta, bu misolda resurslar bahosi hisobga olinmagan. Haqiqiy iqtisodiyot haqida gap borganda yer bahosi renta mehnat bahosi ish haqi bilan ifodalanadi. Oxir-oqibatda Valras qonuni yuzaga keladi, uningcha bozor muvozanati sharoitida umumiy talab umumiy taklifga tengdir; boshqacha aytganda umumiy daromadlar umumiy harajatlarga tengdir. Bu yuqoriroqda aytib o‘tilgan Sey (bozorlar) qonunini eslatadi. Farq shundan iboratki, Sey bo‘yicha mahsulotlar mahsulotlarga almashadi, deb aytilgan bo‘lsa, Valras tovarlar ro‘yxatiga iste’mol ne’matlari va ishlab chiqarish omillarinigina emas, balki pullarni ham kiritdi.
Parettoning optimum to‘g‘risidagi nazariyasi
Vilfredo Pareto (1848-1923) iqtisodiy ta’limotning neoklassik yo‘nalishini davom ettirgan yirik italyan vakili hisoblanadi, u marjinalizmning «Lozanna maktabi» ana’nalariga sodiq edi. Bu olimni iqtisodiyot bilan birga siyosat va sotsiologiya sohalari ham qiziqtirgan, bu uning yozgan asarlaridan ma’lum. Paretoning asosiy asarlari: ikki jildli «Siyosiy iqtisod kursi» (1898), «Siyosiy iqtisod ta’limoti» (1906) va «Umumiy sotsiologiya bo‘yicha risola» (1916).
Paretoning iqtisodiy tadqiqotlarida L.Valras, O.Kurno, F.Edtuort va boshqa olimlarning g‘oyalari ta’siri katta bo‘lgan. 1892 yil L.Valras Lozanna universitetidagi kafedra mudirligini V.Paretoga topshiradi va shu dargohda yuqorida ko‘rsatilgan asarlar yaratildi. V.Pareto V.Valras kabi umumiy iqtisodiy muvozanat muammolari tadqiqotiga katta ahamiyat berdi, bunda marjinalizmning iqtisodiy tahlil g‘ochlariga amal qilinadi. Shu bilan birga Pareto iqtisodiyotda muvozanatning shart-sharoitlari va omillarini o‘rganishda sifat jihatidan yangi prinsiplarni ilgari surib, neoklassik iqtisodiy g‘oyalarni yangi «ikkinchi to‘lqini»ni boshlab berdi. Bular quyidagilarda namoyon bo‘ladi.
V.Pareto funksional yondashuv asosida almashuvning birdan bir sababi naflik (ehtiyoj) degan qoidadan voz kechib, iqtisodiy tizimni butunligicha izohlashga o‘tdi, bunda talab (iste’mol) va taklif iqtisodiyotda muvozanat elementlari sifatida qaraladi. Shu bilan birga, «sof» iqtisodiy nazariyaga asoslanib, daromadlar tengsizligi ularni sinflar o‘rtasida taqsimlash bilan bog‘liqligini inkor etadi.
L.Valrasning umumiy iqtisodiy muvozanat modelida shu muvozanatga erishuvning mezoni naflikning maksimumi (uni hisoblash mumkin emas) deb hisoblangan bo‘lsa, Paretoda bu mezon boshqasiga, ya’ni konkret individning afzal ko‘rish nisbati o‘lchovi bahosiga almashtiriladi.
Deyarli qirq yildan so‘ng (1959) V.V.Leontev bu muammoni dolzarbligi pasaymayotganligi tufayli, bu sohada uchta pozitsiya 1954 y. e’lon qilingan bo‘lib, unda iste’molchilarning tovarlarni tanlashda o‘zini qanday tutishini kuzatish orqali ob’ektiv informatsiya manbai naflik funksiyasi shaklida bo‘ladi, ularning ko‘p sonli turli darajalarini solishtirish real protsedura (ish tartibi) dir.
M.Blaug fikricha, agar naflikni miqdoriy o‘lchash imkoni bo‘lmasa, eski eng yuqori naflik nazariyasidan voz kechish zaruratini seziladi va aniqlangan afzallik metodiga to‘la o‘tish kerak.
Pareto tadqiqot maqsadida «befarqlik egri chiziqlari»dan foydalanib ma’lum ne’mat, miqdori, xuddi shuningdek boshqa barcha resusrlar miqdoriga bog‘liq ravishda iste’molchining qaysi ne’matini tanlash masalasini ko‘rib chiqadi. Tovarlar nafligi summasi turli kombinatsiyalarda bo‘ladi va bir kombinatsiyaning boshqasidan ustunligini belgilash kerak. Natijada olimning uch o‘lchovli diagrammalari paydo bo‘ldi, bu diagramma asos (o‘n) larida iste’molchi qo‘lida bu yoki boshqa ne’matlarning turlicha miqdori ko‘rsatiladi.
Pareto naflikning an’anaviy miqdoriy o‘lchashg usullaridan voz kechib, «ijtimoiy maksimal naflik» tushunchasini izohlab beradi, bu tushuncha hozirgi davrda «Pareto optimumi» deb nomlanadi. Bu tushuncha shunday o‘zgarishlarga baho berish uchun foydalaniladiki, unda barchaning farovonligi yo yaxshilanadi, yoki bozorning biror odam o‘z ahvolini boshqa odamning ahvolini yomonlashtirmasdan yaxshilay olmaydi.
Bu tovar va resurslarining eng yaxshi taqsimotini xakarterlaydi. Keyinchalik umumiy bozor muvozanati bozorning Pareto optimal holati ekanligi isbotlab berildi. Xo‘sh, bu nima degani? Bu bozor ishtirokchilarining hammasi o‘z foydasi uchun intilib, o‘zaro manfaat va foydalar muvozanatiga erishishidir. Bunda sumlar qoniqish (umumiy foydalilik) funksiyasi o‘z maksimumiga yetadi. Boshqacha qilib aytganda, A.Smit tomonidan ilgari surilgan mashhur «ko‘rinmas qo‘l» to‘g‘risidagi g‘oyalar amaliyot isbotlab berilgan.
XIX asr oxiri - XX asr boshlarida Lozanna universiteti professori L.Valras kapitalistik iqtisodiyotning «umumiy iqtisodiy muvozanati» modelini qurdi. Bu yo‘nalish Valras ishining davomchisi, italyan olimi Vilfredo Pareto (1848-1923) tomonidan keng rivojlantirildi. U «eng yuqori naf» nazariyasini hal etish, iste’mol ne’matlarining nafi (foydaliligi)ni hisoblash uchun harakat qildi va matematik usullardan keng foydalandi. Pareto o‘z tahlili asosiga daromad miqdori va tovarlar bahosini qo‘ydi.
Iste’mol ne’matlari to‘plami turlicha bo‘lishi tabiiy. Shu sababli Pareto «ideal muvozanat» sxemasini oladi, bunda avtomatik ravishda paydo bo‘ladigan «xususiy muvozanat» har bir iste’molchining optimal tanlovidan vujudga keladi. Bu usul bilan Pareto «eng yuqori naf» nazariyasini boshi berk ko‘chadan olib chiqa olmadi, lekin uning «afzal ko‘rish» va «loqaydlik egri chiziqlari» nazariyasidan ekonometrik tadqiqotlarda foydalanib kelinmoqda. U Valrasning umumiy iqtisodiy muvozanat nazariyasini takomillashtirishga harakat qildi. U ustozidan farqli ravishda ishlab chiqarish funksiyasining mahsulot chiqarish hajmiga bog‘liqligi koeffitsientining o‘zgarishi mumkinligini tan olgan. «Pareto optimum»ida aholi daromadlarining taqsimlanish giperbolasining tenglamasi beriladi (1897).
Foydalilik (naf) funksiyasini topish uchun ne’matlar to‘plami afzalligi konsepsiyasi Jon fon Neyman tomonidan yanada rivojlantirildi. U o‘yin nazariyasiga asoslanib, individuumning maksimum yutuqqa intilishi sharoitidan kelib chiqib, iste’molchining o‘zini tutish modelini ishlab chiqdi. Bunda ne’matlar foydaliligi konsepsiyasi psixologik talabni qondirish mezonlari bilan bog‘lab o‘rganiladi.
L.Valras farqli V.Pareto modelida faqat erkin raqobat iqtisodiyotigina tahlil etilmaydi, turli tipdagi monopol bozorlar ham qarab chiqiladi, bu tadqiqotlar XX asrning o‘rtalaridagina alohida tadqiqot predmetiga aylandi. Ular tahlilning yangi ikki boshqa yo‘nalishi bilan birlashib ketdi: 1) bozor mexanizmi nazariyasi; 2) firma va uy xo‘jaligi faoliyati tahlili.