Munozara. Ko’pchilik o’quv predmetlari va ularning mavzulari ta’lim standaritlari, o’qitish dasturlari, o’quv rejasi va ta’lim muassasasining o’ziga xosligiga bog’liq ravishda hamda tinglovchilar (bilim oluvchilar) kontingenti bilan aloqadorlikda munozara tarzidagi o’quv mashg’ulotlarini taqozo etadi. Birinchilan, tinglovchilar faolligi ta’minlanadi. Ikkinchidan, shubhali vaziyatlarga o’rin qoldirilmaydi. Uchinchidan, bilim oluvchilarning istak-xohishlari to’la qondiriladi. Eng muhimi, bunday sharoitda o’quv materiali to’la-to’kis o’zlashtiriladi. Asoslar, xulosalar, hukmlar va tasavvurlar mukammal ko’rinish va mazmunda bo’ladi. Ko’rsatma va ta’kidlarning ishonchliligi yuqori darajada bo’ladi.
Munozara ikki turli bo’ladi:
- boshqariladigan;
- erkin munozara.
Boshqariladigan munozarada o’qituvchining ishtiroki sezilarli darajada bo’ladi, lekin bu ishtirok uning o’quv jarayonidagi hakamlik mavqeidan oshib ketmasligi lozim. Erkin munozara esa bilim beruvchi va oluvchilarning demokratik tarzdagi ishtiroki bilan o’tkaziladi. Bu har ikki turdagi munozaralarda o’quv haqiqati birinchi o’rinda turadi. Ilmiy bilimlar jonli mushohada, abstrakt tafakkur orqali nisbiy va absolyut haqiqat yo’li bilan qo’lga qiritilishini hisobga olinsa, bilish jarayonining taraqqiyotini belgilovchi tushuncha, kategoriya, faraz, xulosa, qoida, nazariya, qonun va qonuniyatlar munozara davomida mazmunan buzilmasligi muhimdir.
Munozaraning natijasini o’qituvchi oldindan loyihalashi lozim. Bunda oraliq jarayonlar ikkinchi pozitsiyada turadi. Yakuniy xulosalar ilmiy bilish nazariyasiga zid kelmasligi o’qituvchining kasbiy salohiyati bilan ta’minlanadi.
Erkin munozarani anarxiyaga aylantirmaslik-eng muhim pedagogik vazifadir. Uning o’quv qimmatini boshqariladigan munozaradan kamroq baholab bo’lmaydi.
Munozara mashg’ulotlari uchun quyidagi shartlarning bajarilishi muhimdir:
- reglamentga rioya qilish;
- boshlashdan oldin chuqur fikriy tahlil qilish;
- ishtirokchilarning maksimal miqdordagi sonini qo’lga kiritish;
- o’qituvchining o’quvchilariga nisbatan hukmron bo’lmasligi.
Passiv o’quvchilarning ishtirokini ta’minlash-aksariyat o’qituvchilar uchun amalda bajarib bo’lmaydigan jarayondir. Ularni jonlantirish uchun:
- savollar beriladi;
- har bir shaxsning xususiy fikri so’raladi;
- to’g’ri javoblar rag’batlantiriladi;
- noto’g’ri javoblar va xatolar to’g’rilanadi va to’ldiriladi.
Munozaraning muvaffaqiyati o’quvchilarning qiziqishi, bilimi, ahilligi, hur fikrliligi va jamoadagi sog’lom pedagogik-psixologik muhitga ko’p jihatdan bog’liq bo’ladi.
Guruhiy ish. Bu so’nggi yillarda Yevropa mamlakatlarida keng ommaviylik tusini olgan o’qitish metodidir. Masalan, Daniyada birorta ham ma’lumot yoki kasb guruhiy ishsiz egallanmaydi. Kam sonli (4-6 nafar) o’quvchilarning qandaydir muhim o’quv tadbirida ishtirok etishi va ularning hamkorlikdagi faoliyati bunday mashg’ulotning samarasini belgilaydi. Bajarilish darajasi va uning sifatini o’qituvchi nazorat qiladi. Guruhlarga berilgan vazifalar bosqichma-bosqich navbatlanishi ya’ni galma-gallanishi lozim. Guruhlar bir jinsli (o’g’il bolalar, erkaklar yoki qiz bolalar, ayollar) va ikki jinsli (har ikki jins vakillaridan iborat) bo’lishi mumkin. Ta’lim yo’nalishi va pedagogik maqsad hamda vazifalardan kelib chiqqan holda bunday guruhlar xususiy holat uchun shakllantiriladi.
Guruhiy ish kengroq joy va siljitiladigan o’quv mebellarini talab qiladi. O’qituvchining nazorati barcha guruh uchun baravar bo’lishi lozimligi ham qiyinchilik tug’diradi.