2. Ammiakning olinishi.
a) 74 rasm asosida asbob yig‘ing. Kipp apparati 1 ni rux va sulfat kislotasi (1:5) bilan to‘ldiring. Issiqqa chidamli shisha nay 2 ga qaytarilgan temirdan joylashtiring, nayning ikkala tomonini asbestdan yasalgan tampon bilan yoki shisha paxta va shisha nayi bo‘lgan tiqin bilan berkiting. Shisha nay 3 oxirigacha fenolftalein bilan namlangan filtr qog‘oz lentasini o‘rnating va probirka 4 ga joylashtiring. Rezina nayga joylashgan katta kolbani (1 l dan kichik emas) keng nay bilan bog‘lovchi vintli qisqich 5 ni berkiting. Tiqinni kolbadan chiqaring va Kipp apparatidan vodorod oqimini yuboring. Vodorodning tozaligiga ishonch hosil qilgandan so‘ng (bu qanday aniqlanadi?), uni nay teshigi oldida yoqing va Kipp apparatidagi kran yordamida, vodorod alangasini kichraytiring. Kolbani tiqin bilan berkiting. Vodorodning oldiniga yonishi kolbada davom ettiradi va barcha kislorod sarf bo‘lganidan so‘ng alanga o‘chadi. Kolbada vakkum hosil bo‘ladi va unga Kipp apparatidan vodorod kiradi (o‘rta shar suyuqlik bilan to‘la boshlaydi).
Biroz vaqt o‘tgandan so‘ng bosim ko‘tariladi va apparatning o‘rta sharidan suyuqlik siqib chiqariladi. Hosil bo‘lgan azot va vodorod aralashmasini qisqich 5 ni asta-sekin burab temir kukuni joylashgan nay orqali o‘tkazing. Kipp apparatidagi voronkadan suyuqlik asta-sekinlik bilan tushishiga va vodorod ajralishi unchalik kuchli bo‘lmasligiga e’tibor bering. Temirli naydan xavo to‘la-to‘kis siqib chiqarilgandan so‘ng uni asta-sekin qizdiring. 1-2 daqiqadan so‘ng fenolftaleinning qizarishini kuzating. Rang nima uchun o‘zgarganligini tushuntiring.
Temir ulushlari bir necha marotaba ishlatilishi mumkin bo‘lganligi uchun qizdirish to‘xtatilgandan so‘ng vodorod o‘tkazishni nay soviguncha davom ettiring, so‘ng uni ikkala tomonidan tiqin bilan berkiting.
Bu reaksiyada temir qanday vazifani bajaradi? Nima uchun uni bir necha marotaba ishlatish mumkin? Reaksiya tenglamasini yozing.
Qandaydir sabablarga ko‘ra tajriba qaytarish kerak bo‘lsa, u holda avval vodorodni siqib chiqarib tashlash kerak. Vodorod saqlanib qolgan kolbada tajriba davom ettirilsa qanday xodisa ro‘y beradi?
b) Quruq probirkalardan 75 rasmdagi asbobni yig‘ing. Chinni kosachada teng hajmda olingan ammoniy xlorid va so‘ndirilgan ohakni yaxshilab aralashtiring. Shunday sharoitda ammiak hosil bo‘ladimi? Hosil qilingan aralashmani probirkaga soling (yarmigacha), uni gaz o‘tkazuvchi nay bilan ulangan tiqin bilan berkiting va uni tagini og‘ziga nisbatan biroz balandroq qilib shtativga mahkamlang (nima uchun?). Aralashmani kuchsiz qizdiring va ajralayotgan ammiakni probirkaga yig‘ing (nima uchun probirkaning tubini baland ko‘tarib gaz yig‘ish kerak?). Probirka ammiak bilan to‘ldirilgandan so‘ng (bunga qanday qilib ishonch hosil qilish mumkin?), uni naychadan ehtiyotlik bilan aylantirmasdan olib quruq tiqin bilan berkiting va keyingi tajriba uchun saqlab qo‘ying.
|
Rasm 75. Amoniy tuzlaridan ammiak olish uchun asbob.
|
Dostları ilə paylaş: |