3. Qoraqalpog’istonda mustaqillik davri odimlari. Ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot.
O’zbekistonda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda ko’p millatli Qoraqalpog’iston xalqining, ana shu mo’tabar yurt kishilarining ham munosib hissasi bor.
Sanoatida ishlov beruvchi va xom ashyo yetkazib beruvchi tarmoqlar mavjud bo’lib, ular quyidagilardan iborat: elektroenergetika: yoqilg’i sanoati; kimyo va neft kimyosi; mashinasozlik va metallsozlik; o’rmon, yog’ochni qayta ishlash va sellyuloza-qog’oz; unyorma va aralash yem; poligrafiya sanoatlari.
Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasi respublika va qo’shni viloyatlarning elektr energiyasiga bo’lgan talabini qondiradi (stansiyaning o’rtacha yillik quvvati 443,4 MVt). 1996 yilda Ko’ng’irot tumanida «Ustyurtgaz» korxonasining ishga tushirilishi bilan yoqilg’i sanoati vujudga keldi. 2004 yilda respublika bo’yicha 1697,1 mln. m3 gaz va 30,4 ming t kondensat yetkazib berildi. 1993 yilda «Nukuskabel» ishga tushirilishi bilan kabel sanoati vujudga keldi. Mustaqillik yillarida Qo’ng’irot un zavodi (1993), «To’rtko’ldon» (1997), kichik novvoyxonalar va makaron i.ch. korxonalari bunyod etildi.
Yirik sanoat korxonalari Amudaryo tumanida (paxta zavodi va ip yigiruv va to’qimachilik fabrikasi), Beruniy tumanida (paxta, yog’moy zavodlari, to’qimachilik korxonasi), Qo’ng’irot tumanida (paxta, unyorma zavodlari, «Ustyurtgaz»), To’rtko’l tumanida (paxta un tortish zavodlari), Xo’jayli tumanida (paxta, yog’moy, ta‘mirlashmexanika va g’isht zavodlari), Chimboy tumanida (paxta, yog’moy, unyorma zavodlari), Ellikqal‘a tumanida (paxta zavodi, «Elteks» aksionerlik jamiyati va «Yuniver» qo’shma korxonasi), shuningdek, Nukus shahrida (vino zavodi, poligrafiya kombinati, «Kateks», «Nukus non», «Daunt» korxonalari, unyorma zavodi, 2 ta qurilish sanoati korxonasi) va Taxiatosh shahrida (ta‘mirlashmexanika va unyorma zavodlari) faoliyat ko’rsatadi.
Respublikada benzin, kerosin, dizel yonilg’isi, ohaktosh, qoplama materiallar, yig’ma temirbeton buyumlari, mebel, ip tolasi, paxta, tikkuvchilik mahsulotlari, to’qimachilik galantereyasi, o’simlik moyi, go’sht va go’sht mahsulotlari, non, qandolatchilik va makaron mahsulotlari, un, yorma va b. ishlab chiqarish yo’lga qo’yilgan.
Qishloq xo’jaligi asosan, paxtachilik, g’allachilik (sholi va bug’doy yetishtirish) va chorvachilik (go’sht, sut, qorako’lchilik)dan iborat. Qishloq xo’jaligining yalpi mahsuloti hajmida paxta 22.4%, g’alla ekinlari 22,1%, chorva mahsulotlari 36,4% ni tashkil etadi. 2004 yil umumiy ekin maydoni 251,2 ming ga, shundan 92,9 ming ga maydonga donli ekinlar, 102,9 ming ga yerga paxta, 13 ming ga yerga sabzavot-poliz, 34,2 ming ga yerga yemxashak ekinlari ekildi.
Chorvachilik, asosan, go’sht-sut yetishtirishga ixtisoslashgan. 2005 yilda barcha toifadagi xo’jaliklarda 437,7 ming qoramol, 539,9 ming qo’y va echki, 844,7 ming parranda, 15,8 ming ot boqildi.
O’zbekiston hukumati Qoraqalpog’iston Respublikasini har tomonlama qo’llab-quvvatlamoqda. 1996 yili O’zbekiston Davlat byudjetidan Qoraqalpog’istonni rivojlantirish uchun 10 milliard so’m mablag’ ajratildi. Bu Qoraqalpog’iston milliy daromadining 55 foizini tashkil qiladi.
Qoraqalpog’istonga berilayotgan moliyaviy yordam miqdori ham o’sib bormoqda. Bugungi kunda O’zbekiston markaziy byudjetidan Qoraqalpog’istonga berilayotgan subvensiya, ya‘ni moliyaviy yordam miqdori 9 milliarddan oshiq so’mni yoki butun Qoraqalpog’iston byudjeti xarajatlarining 75 foizini tashkil etmoqda. O’zbekiston hukumatining amaliy yordami hamda qoraqalpoq xalqining fidoiy mehnati tufayli keyingi yillarda Qoraqalpog’istonda aholi turmush sharoitini yaxshilash, tub iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish borasida qator ijobiy natijalarga erishildi. Eng avvalo, elda tinchlik va barqarorlik mustahkamlandi. Hamjihatlik bilan yurt istiqboli yo’lida mehnat qilishga sharoit yaratildi.
Respublikada mulkchilikning yangi shakllari paydo bo’la boshladi. Ishlab chiqarish va xizmat sohasida nodavlat sektorining hissasi oshib bordi. Ayni paytda sanoat, qishloq xo’jaligi va savdoda bu ko’rsatkich 80-90 foizni tashkil etmoqda. Respublika iqtisodiyotining boshqa yo’nalishlarida ham islohotlar izchil amalga oshirila boshlandi. Jumladan, bank tizimida ham jiddiy islohotlar amalga oshirildi. Bu yerda davlat banklari bilan birga tijorat va xususiy banklar ham faoliyat ko’rsatmoqda. Agrosanoat banki va sanoatqurilish banklari ixtisoslashtirilgan hissadorlik tijorat banklariga aylantirildi. Qoraqalpog’iston tarixida birinchi marta tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tashkil etildi.
Qoraqalpog’istonda ulgurji va birja savdosi bilan shug’ullanuvchi hissadorlik uyushmalari keng faoliyat ko’rsatmoqda. Tovar ishlab chiqaruvchilar, iste‘molchilar va ishbilarmonlarning butun imkoniyatlarini ishga solish maqsadida ularning erkinligi va teng huquqliligini ta‘minlash choralari ko’rildi.
Qoraqalpog’istonda 1996 yili 51 ta mayda ulgurji tizim, shu jumladan, 2 ta savdo uyi, 13 ta mayda ulgurji savdo do’konlari va omborlar, 17 ta ko’tara savdo bozor hamda O’zbekiston tovar xom ashyo birjasining Qoraqalpog’iston bo’limiga qarashli 19 ta supermarket do’konlari faoliyat ko’rsatdi. 1997 yilning birinchi yanvarigacha bo’lgan ma‘lumotlarga qaraganda, xususiylashtirishdan tushgan mablag’larning umumiy hajmi 330 million so’mni tashkil etdi. Uning 20 foizi respublika ijtimoiy taraqqiyotiga ajratildi, 50 foizi esa tadbirkorlarni qo’llab-quvvatlash maqsadida imtiyozli kreditlar ajratishga sarflandi. Shu bilan birga Qoraqalpog’iston Respublikasi davlat mulkini xususiylashtirish qo’mitasi xususiylashtirilgan korxonalar va tadbirkorlarni qo’llab-quvvatlash maqsadida 13,8 million so’m kredit ajratdi.
Bozor fondining faoliyati sezilarli ravishda faollashdi. 1996 yilda respublika fond birjalari filiallarida 191,6 million so’mlik aksiyalar sotildi. Uzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat korxonalarini aksionerlik jamiyatlariga aylantirish, qimmatbaho qog’ozlar bozorini rivojlantirishga oid farmonlarini bajarish amalda o’z samaralarini bera boshladi.
1997 yil 1 yanvar holatiga qaraganda respublikada soliq idoralari tomonidan 318 ta aksionerlik jamiyatlari ro’yxatga olindi. 1996 yil yakuniga ko’ra ishlab chiqarilgan mahsulot hajmi 10.355,7 million so’mlikni tashkil etdi, bu 1995 yilga nisbatan 2,2 marta ko’pdir.
Jami sanoat ishlab chiqarish hajmida nodavlat korxonalarining ulushi 90 foizga o’sdi. 144 ta sanoat korxonalari va birlashmalaridan 113 tasi mulkchilikning turli shakllariga o’tib ishlay boshladi, jumladan, xususiy korxonalar 20, jamoa korxonalari 50, davlat aksionerlik jamiyatlari 41, qo’shma korxonalar 2 ta bo’ldi. Kichik va xususiy korxonalar, yakka tartibda mehnat faoliyati bilan shug’ullanuvchi korxonalar rivojlandi. Ular bozor iqgisodiyoti sharoitida ishlashga moslasha boshladilar. Mehnat unumdorligi va mahsulot ishlab chiqarish hajmi o’sa boshladi. Respublikada 1996 yilda amaldagi narxlarda 10754,4 million so’mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarildi, bu solishtirma narxlarda olganda 1995 yildagiga nisbatan 101,5 foizni tashkil etadi.
1991-1996 yillarda natura ko’rinishida mahsulot ishlab chiqarish ham ko’paydi, xususan, past voltli apparaturalar, yo’l qurilishi mashinalari ehgiyot qismlari, yengil sanoat texnologik uskunalari va ularning ehtiyot qismlari, mebellar va boshqalar ana shular jumlasidandir.
Paxtadan ip ishlab chiqarish, ip gazlamalari, tayyor trikotaj buyumlar, iste‘mol mahsulotlaridan un, makaron, mineral suvlar ishlab chiqarish ko’paydi.
1996 yilda yig’ma temirbeton konstruksiyalari va detallari, toshdan bezakli materiallar tayyorlash, qandolatchilik mahsulotlari, o’simlik yog’i, uzum vinosi, salqin ichimliklar va osh tuzi ishlab chiqarish o’sdi.
Sanoatda bir qator ijobiy o’zgarishlar yuz berdi. Jumladan, 1995 yilda Xo’jayli shahrida shisha idishlar zavodi qurilib foydalanishga topshirildi. Natijada respublikaga chetdan shisha idishlarni tashib keltirish sezilarli darajada kamaydi.
1996 yidda Qo’ng’irotdagi «Urga» gaz sanoati korxonasida gaz kondensati va tabiiy gaz qazib chiqarilishi boshlab yuborildi. Aholini tabiiy gaz bilan ta‘minlash darajasi 83 foizga yetdi. «Qoraqalpoqqurilish» aksionerlik jamiyatida Italiya firmalarining yuqori sifatli jihozlari bilan jihozlangan, yiliga 60 ming kv. m. marmar bloklari va plitalari ishlab chiqaradigan yangi marmar sexi ochildi. «Nukusun» zavodida esa spirt ishlab chiqaradigan yangi sex qurildi.
Yengil sanoat ishlab chiqarishining bazasi kengaya bordi. 1993 yilda Nukus shahrida «Kateks» to’qimachilik majmuasi, 1995 yilda Ellikqal‘a tumanida ham «Elteks» nomli xuddi shunday to’qimachilik majmuasi foydalanishga topshirildi.
Nukus va Qo’ng’irot un kombinatlari, To’rtko’lda 3 million shartli banka konserva mahsulotlari ishlab chiqaradigan zavod, Ellikqal‘a tumanida esa shunday quvvatga ega bo’lgan konserva sexi foydalanishga topshirildi.
1995 yilda Qo’ng’irot tumanida Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan, yiliga 190 ming tonna kalsiyli soda ishlab chiqaradigan zavod qurilishi boshlandi. Zavod tarkibida kimyoviy yo’l bilan ekologik toza va energiya sarflanmaydigan kaustik soda ishlab chiqarish ham ko’zda tutilgan.
Mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijasida 144 ta sanoat korxonasidan 113 tasi mulkchilikning turli shakllariga o’tib ishlay boshladi. Nodavlat shakliga o’tib ishlayotgan korxonalarning rivojlanish darajasi nisbatan yuqori bo’ldi. Shuningdek, bu korxonalar iqtisodiy samaradorligi, foyda olish borasida ham sezilarli yutuqqa erishdi. Bu borada xususiy korxonalar ayniqsa peshqadamlik qila boshladi.
Lekin shuni ham alohida ta‘kidlash joizki, ko’plab sanoat korxonalarining asosiy ishlab chiqarish fondlari (dastgohlar, mexanizmlar) ma‘naviy va jismoniy jihatdan eskirgani sezilib qoldi. Ularning eskirish darajasi 35 foizdan yuqori. Eng avvalo yigiruv-to’quv fabrikalari, go’sht-sut va oziq-ovqat sanoati korxonalari (konserva zavodi, vino zavodi) ishlab chiqarish parklarini yangilash talab etiladi.
2016 yildan jahon neft-gaz sohasidagi eng yirik loyihalardan biri bo’lgan Ustyurt gaz-kimyo majmuasi ishga tushdi. 2012 yilda Project Finance International xalqaro nashri mazkur loyihani neft-kimyo sektoridagi yilning eng muvaffaqiyatli loyihasi deb e‘tirof etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizga raxbarlik qilayotgan yillarda ham Qoraqalpog’istonning iqtisodiy salohiyatini ko’ratish borasida qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan: 2017 yil Moliya vazirligi huzurida Orolbo’yi mintaqasini rivojlantirish jamg’armasi tuzildi, 2017 yil 2 fevralda O’zbekiston Respublikasining neft va gazga boy Ustyurt mintaqasida geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish chora-tadbirlari to’g’risida (PQ-2755), 2017 yil 13 iyunda esaNukus shahrida elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish to’g’risida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarorlari (PQ-3055) qabul qilindi.
2018 yil 16 oktabrda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo’yi xalqaro innovatsiya markazi tashkil etildi (PQ-3975).
2019 yil 29 iyunda O’zbekiston Respublikasining Ustyurt mintaqasidagi Jel konini Mahsulot taqsimotiga oid bitim shartlari asosida o’zlashtirish to’g’risida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori (PQ-4376) e‘lon qilindi.
2019 yil 4 sentabrda Prezidentimiz Farmoni bilan «Nukus» erkin iqtisodiy zonasi tashkil etildi (PF-5809).
2019 yilgi statistik ma‘lumotlarga ko’ra Respublikaning yillik YAMM o’sishi 6,8 % ni tashkil qilgan. Jumladan, qishloq xo’jaligi, o’rmon va baliq xo’jaliklarida 106,7%, sanoatda 105,0%, qurilish sohasida 123,8%, xizmatlar sohasida 104,9% o’sish kuzatilgan.
Agrar islohotlar
Qoraqalpog’istonda mehnatga layoqatli aholining asosiy qismi qishloqda istiqomat qiladi. Qoraqalpog’iston Respublikasining qishloq xo’jaligi yetakchi tarmoqlari g’allachilik (sholichilik va guruch yetishtirish), paxtachilik, ipakchilik va chorvachilik tashkil qiladi.
Mustaqillik yillarida boshqa sohalar qatorida agrar sektorda ham iqtisodiy qayta qurish, bozor munosabatlariga o’tish ro’y berdi. Qishloq xo’jaligi respublika iqtisodiyotining yetakchi tarmog’i hisoblanadi. 1997 yil boshlarida respublikada 263 ta qishloq xo’jalik korxonasi faoliyat ko’rsatdi. Nodavlat sektorining jami ishlab chiqarilgan mahsulotdagi ulushi 98,3 foizni tashkil etdi. Ayrim qishloq xo’jalik mahsulotlari, jumladan, paxta yetishtirishda nodavlat korxonalarining hissasi 97,9 foizni, donchilikda - 98,1 foizni, kartoshkachilikda - 99,7 foizni, sabzavotchilikda - 98,8 foizni, polizchilikda - 95,1 foizni, bog’dorchilikda - 98,5 foizni, pillachilikda - 100 foizni, go’sht yetishtirishda - 98,9 foizni, sut va tuxum ishlab chiqarishda - 99,4 foizni, qorako’l teri va jun yetishtirishda - 100 foizni tashkil etdi.
Dehqonchilikda ekin maydonlarining tarkibi o’zgardi. Agar 1991 yilda g’alla maydonlari ekin maydonlarining 27,1 foizini (jumladan, bug’doy 1,9 foizni) tashkil etgan bo’lsa, 1996 yilning oxirida bu 35,8 foiz (bug’doy maydonlari 8,3 foiz)ga yetdi. Shu davr mobaynida bug’doy yetishtirish 13,6 ming tonna, ya‘ni 3 marta, kartoshka 6,7 ming tonna yoki 2,3 marta, sabzavot 11,4 ming tonna, uzum yetishtirish 4 martaga ko’paydi. Respublika oziq-ovqat majmuasida shaxsiy yordamchi xo’jaliklarning hissasi tobora ko’paydi.
Shu bilan birga chorvachilikda ahvol ancha mushkullashdi. Murakkab iqlim sharoiti tufayli respublikada keyingi yillarda hayvonlar soni kamaydi. 1991-1996 yillarda davlat xo’jaliklari, ijara korxonalari, kooperativlarda va boshqa qishloq xo’jalik korxonalarida 22 ming 588 bosh yirik shoxli qoramol, 23 ming 236 cho’chqa, 176 ming 603 bosh qo’y va echkilar yo’qotildi.
Qoraqalpog’istonda dehqon-fermer xo’jaliklari tashkil etish bo’yicha birmuncha tajriba to’plandi. Masalan, Ellikqal‘a tumanida dehqonlarga yer, ishlab chiqarish vositalari va yetishtirilgan mahsulotlarga egalik qilish imkonini berish maqsadida mavjud 14 ta jamoa xo’jaliklari dehqon-fermer xo’jaliklari uyushmasiga aylantirildi. Dehqonlarga meros qilib qoldirish huquqi bilan yerlar uzoq muddatga ijaraga berildi. O’zbekiston hukumati ana shu tajribani ma‘qullab, uni boshqa viloyatlarda ham ommalashtirishni tavsiya etishga qaratilgan maxsus qaror qabul qildi. Xo’jalik yuritishning bu yangi usuli boshqa viloyatlarda yaxshi natija berdi. Lekin Qoraqalpog’istonning o’zida ana shu tajribani ommalashtirishga yetarli e‘tibor berilmadi. Oqibatda respublika qishloq xo’jaligi mahsulotlari hajmida dehqon-fermer xo’jaliklarining hissasi kam bo’ldi. Buning asosiy sabablari fermer xo’jaliklariga xizmat ko’rsatuvchi korxonalar yaxshi ishlamadi, bo’rdoqichilik bazasi sust rivojlandi, zotdor hayvonlarni ko’paytirishga e‘tibor berilmadi, xo’jaliklar moddiy-texnika va pul mablag’lari bilan yetarli darajada ta‘minlanmadi, agrotexnik va zooveterinariya xizmati ko’rsatish to’g’ri tashkil. etilmadi.
Keyingi 6 yil ichida investitsiya faoliyatida sezilarli o’zgarishlar ro’y berdi. Kapital qurilishda korxonalarning mablag’lari hisobidagi qurilishlar hajmi ko’payib, byudjet mablag’ining hissasi kamaydi.
Bozor munosabatlariga o’tish sharoitida ishlab chiqarish korxonalari qurilishiga ajratilgan mablag’lar noishlab chiqarish obyektlariga ajratilgan mablag’ga nisbatan ancha ko’p bo’ldi. Masalan, 1995 yilda ishlab chiqarish korxonalari qurilishiga ajratilgan mablag’ 61,2 foizni tashkil etgan bo’lsa, 1996 yilda bu 78 foizga yetdi. Bir vaqtning o’zida noishlab chiqarish obyektlari uchun ajratilgan mablag’lar miqdori 38,8 foizdan 22 foizgacha kamaydi.
2019 yil 7 noyabrda Qoraqalpog’iston Respublikasida chorvachilik tarmoqlarini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida (PQ-4512), 2020 yil 3 iyulda esa Qoraqolpog’iston Respublikasida chorvachilik tarmoqlarini jadal rivojlantirish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risidagi O’zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari (PQ-4776) qabul qilindi.
Tashqi iqtisodiy aloqalar
Respublikada istiqlol yillarida tashqi iqtisodiy aloqalarga ham katta e‘tibor berildi. Masalan, 1996 yildagi tashqi savdo oboroti 228,4 million AQSH dollarini tashkil etdi, bu 1995 yildagiga nisbatan 3,7 marta ko’p bo’ddi.
1996 yilda Qoraqalpog’iston Respublikasining tashqi savdodagi asosiy sheriklarining hissasi quyidagicha bo’ldi: Rossiya - 11,4 foiz, AQSH - 14,1 foiz, Janubiy Koreya - 11,1 foiz, Shveysariya - 9,4 foiz, Niderlandiya - 7,2 foiz.
Eskport qilingan tovarlar hajmi 122,9 million AQSH dollariga teng bo’ldi. Uning tashqi savdo oborotidagi ulushi 53,8 foizni tashkil etdi. G’arb mamlakatlariga eksport qilingan xom ashyo 113,6 million AQSH dollarini, MDH mamlakatlariga jo’natilganlari esa 9,3 million AQSH dollarini tashkil etdi.
Xorijiy mamlakatlarga asosan paxta tolasi, toladan olingan mahsulotlar, qayta ishlangan neft mahsulotlari sotildi. Paxta tolasi jami eksport mahsulotlarining 95 foizini tashkil etdi.
Tashqi savdo oborotida importning salmog’i 1996 yilda 46,2 foizni tashkil qildi. Uning hajmi 1995 yildagiga nisbatan 3,4 marta ko’paydi. Import mahsulotlari tarkibida asosan xalq iste‘mol mollari 60,9 foiz, qora va rangli metallar 18,9 foiz, oziq-ovqat mahsulotlari 13,1 foizni tashkil etdi.
Uzoq xorijiy mamlakatlardan keltirilgan mahsulotlar 70,1 million AQSH dollariga teng bo’lib, bu jami importning 66,4 foizini tashkil qildi. Yaqin xorijiy mamlakatlardan respublikaning 130 korxonalari orqali 35,4 million dollarlik mahsulotlar olib kelindi. Asosan shakar, bug’doy, mashina va jihozlar, agregatlar va ularning ehtiyot qismlari, quvurlar, avtomashinalar, ishlab chiqarishni komplektlovchi materiallar va boshqa turdagi mahsulotlar keltirildi.
Demak, mustaqillikning o’tgan davrida mamlakat lqgisodiyotini rivojlantirish sohasida jiddiy yutuqlar ko’lga kiritildi. 2000 yilga kelib, chet el investitsiyasi hajmi kimyo, neft, oziq-ovqat sanoati, traisport, aloqa va qishloq xo’jaligi sohasida ancha oshdi.
Demografik jarayon. Ijtimoiy sohadagi o’zgarishlar
Mustaqillik yillarida respublikada ijtimoiy sohalar rivojlanishiga e‘tibor kuchaydi. 1991-1996 yillarda Qoraqalpog’iston Respublikasida ma‘lum demografik o’zgarishlar ro’y berdi. Tug’ilish (ming kishi hisobida) 1991 yildagi 36,4 dan 1996 yilda 25,0 kishiga qisqardi. Tug’ilishning kamayishi o’z o’rnida respublika aholisining o’sish darajasiga ta‘sir etdi. Demografik o’zgarishning asosiy sabablaridan biri tug’ilishning kamayishi, aholining ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik yashash sharoitlariga bog’liqdir. 1991-1996 yillarda respublikadan (kelganlarni chiqarib tashlaganda) 26,7 ming kishi ko’chib ketdi. 1996 yilda respublika aholisi 143 ming 764 kishiga o’sdi, shundan shahar aholisi 69 ming 401 kishini, qishloq aholisi 74 ming 363 kishini tashkil etdi. 1996 yilda aholining o’rtacha yillik o’sishi 1,36 foizga teng bo’ldi.
Ishsizlar soni 1996 yil oxirida 4,2 ming kishiga yetdi. 1996 yilda 16 ming ishchi o’rinlari yaratildi, jumladan, qishloq joylarida 8,5 mingta. Bu esa shahar va tuman mehnat birjalariga murojaat qilgan fuqarolarni ish bilan ta‘minlash imkonini berdi.
1996 yilda aholi jon boshiga pul daromadlari 9628,8 so’mni, xarajatlar esa 6300 so’mni tashkil etdi yoki 1995 yilga nisbatan 2,2 va 2,3 marta ko’paydi.
Daromadlarning ko’payishi iste‘mol bozoridagi vaziyatni jonlantirdi. Aholi jon boshiga tovar aylanishi hajmi amaldagi narxlarda 5 ming 36 so’mlikni tashkil qildi va 2,1 martaga, solishtirma narxlarda esa 8,8 foizga o’sdi. Pullik xizmat 2,8 marta, maishiy xizmat 2,7 martaga ko’payib jon boshiga 679 va 108 so’mni tashkil etdi. Lekin shunga qaramasdan aholi jon boshiga xizmat ko’rsatish hajmi O’zbekiston Respublikasi ko’rsatkichidan 2,2 marta kam bo’ldi.
1996 yilda aholiga 7,2 milliard so’mlik iste‘mol mollari sotilgan. Bu amaldagi narxlarda
1995 yildagiga nisbatan 2,1 marta ko’p. Tovar aylanishining jami hajmi 10,3 foizga yoki 350,5 million so’mlikka ko’paydi. Tovar oborot hajmida davlat sektorining ulushi pasayib, nodavlat sektoriniki o’sib bordi. Rasmiy savdo tarmoklariga nisbatan iste‘mol va buyum bozorlarida holat ancha yaxshilandi, jami tovar oborotida ularning ulushi 20 foizga yetdi.
Ijtimoiy sohada rivojlanish ta‘min etildi, 1999 yilning birinchi yarmida aholi jon boshiga kirim 17 ming so’mni tashkil etdi. Shu davrdagi tovar aylanmasi 15286 million so’mni tashkil etdi. 1998 yilda ishchi-xizmatchilarning oylik maoshi 1,5 barobar oshdi.
Respublikada 70 ta tibbiy muassasa (9485 o’rin), 246 ambulatoriya poliklinika muassasasi, ularning tarkibida 20 qishloq uchastka vrachlik punkti, 6 shahar va mahalla vrachlik punkti, tuman markaziy poliklinika, 20 respublika va shahar hamda kasalxonalar bn birlashgan 20 po-liklinika. 3 bolalar poliklinikasi, 2 respublika muassasalariga qarashli poliklinika bor. 1991-2005 yillarda 61 qishloq vrachlik punkti; Nukus shahrida Respublika akusherlik va ginekologiya institutining filiali, 2 poliklinika (100 bemorni qabul qilishga mo’ljallangan) qurildi. Q.da 3,6 ming vrach (har 10 ming aholiga 23,1 vrach. 15,5 ming o’rta tibbiy xodim (har 10 ming kishiga 98,7) faoliyat yuritadi. Har 10 ming kishiga kasalxonalarda 60,6 o’rin to’g’ri keladi. Aholiga O’zbekiston Respublikasi shoshilinch tibbiy yordam markazining Nukus shahridagi filiali, shuningdek, 14 tuman markaziy kasalxonasi va Taxiatosh shahri kasalxonasi qoshidagi tez tibbiy yordam bo’limlari xizmat ko’rsatadi. Nukus shahrida 2 ta shahar poliklinikasi «oilaviy poliklinika» sifatida faoliyat yuritadi. Nukus shahrida 1998 yildan Skrining markazi, 2003 yildan esa bir smenada 100 o’smirni qabul qilishga mo’ljallangan respublika o’smirlar markazi ishlab turibdi. Respublikada Toshkent pediatriya intining filiali, 4 tibbiyot kolleji mavjud. 9 sanatoriy-profilak-toriy (1200 o’rin) faoliyat ko’rsatadi.
Respublika tibbiyoti erishgan natijalardan eng muhimi - onalar o’limi soni kamaydi. «Homilador ayollarni va bolalar salomatligini mustahkamlash bo’yicha milliy dastur» hamda «Yosh avlodni sog’lomlashtirish kompleks dasturi»ning ishlab chiqilganligi va amalga oshirilganligi natijasida 1996 yilda onalar o’limi 1991 yildagiga nisbatan 4,4 marta, chaqaloqlar o’limi esa 1,8 martaga kamaydi. Homilador ayollarning 56 foizi statsionarlarda tug’ishgacha bo’lgan davolanishdan o’tkazildi. Respublikada jarrohlik, maxsus davolash ambulatoriya markazlari tashkil topdi.
Tibbiy xizmat tarmog’ini moliyalashtirishda davlat mablag’lari bilan birga nodavlat manbalaridan ham foydalanilmoqda. Xo’jalik hisobida, yakka tartibda, kooperativ usulda ishlaydigan tibbiyot tarmoqlari kengayib bormoqsa. «Medtexnika», «Optika», «Tibta‘minot» dorixona muassasalari to’la davlat tasarrufidan chiqarilib, xususiylashtirildi. Biroq aholining kasallanishi kamaymadi. Bu ko’rsatkich 1991 yilga nisbatan 26.3 foizga ko’paydi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 18 yanvardagi «2017-2021 yillarda Orolbo’yi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturi to’g’risida»gi PQ-2731-sonli Qaroriga asosan 2017-2021 yillarda Orolbo’yi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturi qabul qilindi.
Moliya vazirligi huzuridagi Orolbo’yi mintaqasini rivojlantirish jamg’armasi mablag’lari hisobidan 2018 yilda Qoraqalpog’iston Respublikasi va Xorazm viloyati bo’yicha obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta‘mirlash manzilli dasturiga asosan, 2018 yilda jami 370 ta obyektda, jumladan Qoraqalpog’iston Respublikasi bo’yicha 224 ta (umumiy qiymati – 149,3 mlrd so’m), Xorazm viloyati bo’yicha 146 ta (umumiy qiymati 85,4 mlrd so’m) obyektlarda qurilish, rekonstruksiya, kapital ta‘mirlash va obodonlashtirish ishlari olib borilishi ko’zda tutilib, ushbu maqsadlar uchun jami 234,7 mlrd so’m mablag’ ajratilishi rejalashtirilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019 yil 2 avgust kuni «Qoraqalpog’iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 19-son ixtisoslashitirilgan jazoni ijro etish koloniyasini tugatish to’g’risida»gi (Jasliq qo’rg’onida joylashgan) qarorni imzoladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019 yil 20 avgust kuni Qoraqalpog’istonda bo’ldi. Prezidentning o’tgan yilgi tashrifi davomida berilgan ko’rsatmalar asosida hukumatning Mo’ynoq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi qabul qilingan. Unda 2019-2021 yillarda jami 1 trillion 485 milliard so’mlik qurilish-ta‘mirlash ishlari amalga oshirilishi belgilangan.
Qisqa vaqt ichida qator obyektlar foydalanishga topshirildi. Jumladan, 800 o’rinli amfiteatr va davlat xizmatlari markazi qurildi, madaniyat markazi va stadion, «Bozatov» ovul fuqarolar yig’inidagi oilaviy poliklinika rekonstruksiya qilindi.
Iyul oyida «Mo’ynoq porloq teks» mas‘uliyati cheklangan jamiyat tomonidan tikuvchilik korxonasi ishga tushirildi. 350 ta ish o’rni yaratildi.
Zamonaviy mashinalar o’rnatilgan mazkur korxona yiliga 1 million dona tayyor tikuvchilik va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Hozirda choyshab va ko’rpajildlar, maxsus ish formalari tikilmoqda. Shu yerda savdo do’koni tashkil etilgan. Yangi qurilayotgan uylardan korxona ishchilari uchun xonadonlar ajratilgan. Shavkat Mirziyoyev korxona faoliyati bilan tanishdi, ishchi xotin-qizlar bilan suhbatlashdi.
Mo’ynoqdagi o’zgarishlarni, sizlarning ko’zlaringizdagi rozilikni ko’rib juda xursandman.
Bu – uzoq-uzoq hududlarga borib qilayotgan ishlarimiz natijasi. Agar kimdir bizning islohotlarimizga shubha qiladigan bo’lsa, Mo’ynoqqa kelib ko’rsin, - dedi Prezident.
2020 yil 1 avgust kuni Nukus shahrida O’zbekiston Qahramoni Musa Yerniyazov (73 yosh)ning vafoti munosabati bilan ta‘ziya marosimi bo’lib o’tdi.
Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, marhumning oila a‘zolariga, xalqimizga chuqur hamdardlik bildirdi. U 18 yil davomida Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining Raisi deb atalmish o’ta mas‘uliyatli va sharafli vazifada samarali faoliyat olib borgan. Musa Yerniyazov O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining o’rinbosari sifatida mamlakatimizning barcha hududlarini rivojlantirish uchun muhim qonunlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga katta hissa qo’shgani yodga olindi.