Mavzu: Ahmad Yassaviy ijodida tasavvuf g'oyalarining aks etishi reja


AHMAD YASSAVIY HIKMATLARIDA KOMIL INSON MASALASI



Yüklə 42,06 Kb.
səhifə3/6
tarix18.02.2023
ölçüsü42,06 Kb.
#84879
1   2   3   4   5   6
Ahmad Yassaviy ijodida tasavvuf g\'oyalarining aks etishi

1. AHMAD YASSAVIY HIKMATLARIDA KOMIL INSON MASALASI

Ahmad Yassaviy diniy-tasavvufiy adabiyot vakili. Biz Ahmad Yassaviy hayoti va ijodiga nazar tashlar ekanmiz, shoir yashagan ijtimoiy va adabiy muhitni nazardan chetda qoldirmasligimiz zarur. Chunki biz istaymizmi, istamaymizmi Yassaviy Ollohga sodiq, islom diniga e`tiqodi baland bo‘lgan. Shoirning hikmatlari Yassaviya madaniyatining tashakkuli (shakllanishi) va haqiqatlari haqida ma’lumot beruvchi bir asardir. Shu bois uni Turkistondn Onado‘liga, hatto, Bolqon yarim oroliga qadar keng yoyilgan turkiy zaminning ma’naviy asoslardan biri sifatida qabul etish mumkin. Hikmatlar nafaqat madaniyatimiz tarixi, balki tafakkur dunyomiz uchun bir nur manbaidir. Shoir hikmatlarining tub mohiyatida komil inson tarbiyasi va uning bilim hamda amalini to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirish ustivordir.


Yassaviy va izdoshlarining insonga berilgan qadr-qimmatni anglay bilmoq uchun inson haqidagi fikr-qarashlarini ham chuqur mushohada qilmoq lozim. Aks holda na hikmatlarning sir-asrorlarini o‘zlashtirish mumkin, na yassaviylikka doir ma’lumotlardan to‘la voqif bo‘lish mumkin.
Ishq da`vosin manga qilma, yolg`on oshiq,
Oshiq bo‘lsang bag`ring ichra ko‘z qoni yo‘q.
Muhabbatni shavqi birla jon bermasa,
Zoye kechar umri oni, yolg`oni yo‘q.
Yassaviyning bu hikmatlarida inson xilqati yaratilishi haqida so‘z yuritilganidek, insonga berilgan ne’mat va ustun sifatlar sanalib ular to‘g‘risda o‘ylashga da’vat qilinadi.
Yassaviy tariqatida insonning asli suv va tuproq ekani e’tirof etilgan. Buni “Asling bilsang obu gil, yana gilga ketaro...” hikmatidan ham bilish mumkin.
Bu misralar bilan go‘yo Qur’oni karimdagi “uldur ul zotiki,yaratibdur sizlarni tuproqdin, keyin mayin qatrasidin, keyin uyigan qondin, keyin chiqarur sizlarni (onalar qornidin) bola qilib …”, “Va tahqiq, yaratduk biz insonni loyning xulosasidin. Keyin biz ani bir qatra suv qilib ishonchli bir yerg‘a qo‘yub qo‘yduk. Keyin biz ul qatrani uyug‘on qon qilduk, keyin ul uyug‘on qonni bir chaynam go‘sht qilduk, keyin ul bir chaynam go‘shtni suyaklarg‘a aylantirduk, keyin ul suyaklarg‘a go‘sht kiygizduk, keyin ani biz boshqacha maxluq qilib qo‘yduk” oyatlarini sharhlayotgandek.
Ahmad Yassaviy hikmatlaridan o‘rin olgan to‘rtliklar Yassaviya darveshlarining ta’lim-tarbiyasiga xizmat qiluvchi asos bo‘lib ko‘rinsa-da, ular o‘sha davrdagi insonlarning hayot tarzlari haqida ma’lumot beradi. Shu nuqtayi nazardan hikmatlar o‘rganilsa, jamiyat tuzilishiga doir muhim fikr-mulohazalarga duch kelinadi. Tarqoq bo‘lsa-da, jamiyatning eng kichik qismi bo‘lgan oila masalasi ko‘zga tashlanadi. Yassaviylikda bola-chaqa uchun tashvish tortib, mashaqqat chekkanlar Olloh nazdida maqbul kishilar o‘laroq qabul qilinadilar.
“Devoni hikmat”da Yassaviy jamiyat musulmon va nomusulmon toyifalarga ajratilgan bo‘lsa ham, ular orasida jar mavjudligiga doir biror ishora yo‘q.
Diniy-tasavvufiy adabiyot vakillari,mutasavvuf shoirlar, jumladan, Ahmad Yassaviy uchun ham hikmat laduniy mohiyatga egadir. Forobiyning ta’kidlashicha, hikmat beshigi faylasuflarning ongi emas, payg‘ambarlarning ko‘nglidadir. Qur’onning “Baqara” surasida bunday deyilgan: U, ya’ni fazli karami keng Olloh o‘zi istagan kishilarga hikmat beradi. Kimga hikmat berilgan bo‘lsa, muhaqqahki, unga ko‘p yaxshilik berilibdi” Luqmon surasining 12-oyatida, “Aniqki, biz Luqmonga hikmat ato etdik” deyilgan. Shu ma’noda ko‘p mutasavvuflarga Luqmoni hakim o‘rnak bo‘lgandir. Yunus Emroning: “O‘qib hikmat ilmini Luqmon o‘layin bir zamon”, deyishi shunchaki orzu bo‘lmagan, albatta. Ahmad Yassaviyda ham hikmat – “ilmi laduniy”, ya’ni ilmi g‘aybi haqoyiq va ilohiy sirlarni kashf etmoq va ifodalamoq mazmuniga teng.
Shoirda hikmat aytish istagi ilohiy-ruhiy ehtiyoj sifatida juda yoshligidan paydo bo‘lgan deyish mumkin. Lekin boshqa bir o‘rinda:
O‘ttiz to‘rtda olim bo‘lib, dono bo‘ldim,
Hikmat ayt deb subhon aydi, go‘yo bo‘ldim,
deydiki, uning “ichi-toshi haq nuriga” to‘lgan ayni o‘sha vaqtlarda ilohiy ma’no va tuyg‘ular hikmatga aylanganligi ehtimoldan xoli emas.
Turkiy adabiyot tasavvuf yo‘nalishida komillik yo‘lida boshidan kechirgan ruhiy-ma’naviy hodisalarni tarjimayi hol tarzida ifoda etish holatlarini ham uchratish mumkin. Masalan, Imom G‘azzoliy “Al-Munqiz” asarida xuddi ana shunda ruhiy o‘zgarishlarni go‘zal bir yo‘sinda bayon etgan. Uning yaqin maqomiga ko‘tarilishdagi izlanishlari, taqlid noqisligidan qutulish uchun intilishlari ulug‘ bir insoniy zafardir. Ahmad Yassaviy ham “Devoni hikmat”ida o‘z ruhiy-tarixini tarjimayi hol tarzida bayon etgan va yilma-yil yuzaga kelgan ruhiy tajribalarni juz’iy unsurlarigacha ko‘z o‘ngimizda namoyon etgan.
Yoshim yetdi oltmish uchqa bir kuncha yo‘q,
Vo darig`o, haqni topmay ko‘nglim sinuq,
Yer ustida sultonmen deb bo‘ldum ulug`,
Shokir bo‘lib yer ostig`a kirdim mano.
Shayxman debon da`vo qilib uo‘lg`a qoldim,
Dashu dastor puchak pulg`a sotib keldim.
Nafsu havo tug`yon qildi, horib qoldim,
Bedam bo‘lib yer ostig`a kirdim mano.
Hazrat Muhammad nazdida jangu-jadaldan ham kuchliroq bir kurash hisoblangan nafsga qarshi mujodalani bolaligidayoq boshlagan Yassaviy uchun tuproqsifatlik axloqiy kamolotga erishuv yo‘llaridan biri edi.Zero, tuproq insonning doyasidir.Inson hayotining davom etishi ham u bilan bog‘liq.Shunga qaramay tuproq inson oyoqlari ostidadir.
Mustaqillik davri tasavvuf ilmining tadqiqotchilaridan adabiyotshunos olim Ibrohim Haqqul ta’kidlaganidek, ushbu misra Yassaviyga juda ko‘p malomatlar yog‘dirilishga sabab bo‘lgan.Misralarda shoir xuddi shu obrazli ifodalari bilan go‘yoki, “xalqning qo‘l-oyog‘ini zolimlar oldida kishanlab qo‘yishni maqsad qilib” olgan emish. Yuzaki qaralganda, bunday ta’nalarda jon borday, albatta. “Darhaqiqat, odam nechun “tog” bo‘lmasdan, “tufroq”qa aylanishi kerak? U “olam”ning oyog‘i ostida yanchilish uchun tug‘ilmaydi-ku! Bu – hozirgi o‘quvchining nuqtayi-nazari. U satr mazmunini taxminan shunday anglaydi va baholaydi. Negaki, u tufroq so‘zini o‘sha joyda yo o‘z ma’nosida yoki o‘lib xokka qorishish mazmunida tushunadi”.
Masalaga shu nuqtayi nazardan yondoshadigan bo‘lsak, ozarbayjon olimi Komil Valiyevnnig “So‘zning sehri” nomli kitobidagi mana bu fikrlarga diqqatni tortishni xohlardik. “Injil” va “Qur’on” Fuzuliy san’atining ichindadir. “Injil” insonning zaifligi, “Qur’on” insonning qudrati ustida yaratilgan. “Injil”da inson kuchsiz, ko‘mak va shavqatga muhtoj, har qanday zulmga chidamlidir. “Qur’on” esa insonni imperiya uchun safarbar qiladi, insonni kuchli va yanada kuchli bo‘lmog‘ini targ‘ib etadi…Kuchsizlik va kuchning dini Fuzuliy she’rining botinidadir.
Yuqoridagi qaydlarni Yassaviyga ham tadbiq qilish mumkin. Yassaviy san’atining bag‘rida ham “kuchsizlik va kuch dini” yashiringan. Unda “Injil” ham “Qur’on” ham bor. Shoir ijodiyotida “Qur’on”dan o‘tgan g‘oya va obrazlar sezilarli mavqega ega. Lekin ular qanday shakllarda vaqaysi maqsadlarda o‘zlashtirganini aniqlash zarur. Mana o‘shanda haqiqat ravshanlashib, chin mohiyat yuzaga chiqadi.
Yassaviy “Tufroq bo‘lg‘il...” deganda katta maqsadni e’tiborda tutgan. Ma’lumki, diniy tasavvurlar bo‘yicha Xudo dastlab to‘rt unsurni bunyod etgan. Bular: o‘t, suv, yer, shamol. So‘ng odam yaralgan. Bu haqida Abulg‘ozixonning “Shajarai tarokima” asarida o‘qiymiz: “...Xudoyi taolo farishtalarga aytadikim, tufroqdin kishi yasab jon berib, yer yuzinda o‘z o‘rnimg‘a xalifa qilib qo‘yatururman...” Bu hukmga farishtalar, insonlar o‘z nafslarini zabt eta olmaydilar, deb e’tiroz qiladilar. Shunda Xudo aytganmish: “Men bilg‘onni sizlar bilmassizlar. Boringlar, tufroqdin bir kishining suvratini yasang... Azroil alayhissalom Xudoning amri bilan borib barcha yer yuzindagi har turlik tufroqdin olib Makkai muazzama birla Toifning orasinda tufroqni balchiq qilib odamning suvratini yasab yotquzdilar”.Odam shamol yordamida harakatga solinib, olov bilan jasadi isitilganda qalbi haroratga to‘libdi.Va Yaratganning shafqat-u saxovati tufayli vujudi ichida inson o‘z yerini topibdi. Tasavvuf falsafasiga binoan, ushbu to‘rt unsurning har biridan to‘rt xususiyat, to‘rt holat, to‘rt mayl va to‘rt sifat yuzaga keltirilganmish.
1. Tuproqdan – sabr, umid, ezgu xulq va muruvvat.
2. Suvdan – quvonch, saxovat, nazokat, birlik.
3. Shamoldan – yolg‘on, ikkiyuzlamachilik, sabrsizlik, tantiqlik.
4. Olovdan – nafs, kibr, ta’ma, hasad.
Bundan tashqari, tasavvufda tuproq – Ollohning munavvar nuri, suv – uning yorug‘ hayoti, havo – buyukligi, olov – uning g‘azabi timsoli. Tuproq va suv – jannat mulki, shamol va olov – do‘zax ichidagi narsalar. Ushbu sharh va ma’lumotlarni yodda tutib, “Tufrog‘ bo‘lg‘il, olam seni bosib o‘tsin” satriga yana nazar tashlaymiz. Tasavvurda albatta nimalardir o‘zgaradi. Chunki “tufroq” birinchidan, oddiy so‘zmas, poetik obraz ekan. Ikkinchidan, shoir diniy ishonchlarga asoslanib, insonni ezgu xulq sohibi, muruvvatli va ilohiy zot sharafiga erishishga chaqirgan. Yassaviydagi “tufrog‘” obrazi xuddi shu ma’no va mantiqlarda Navoiy she’rlarida ham tadbiq qilingan.
Bu qadar manzilatu qurbi buyuk poya bila,
O‘zini tutquvchi tufrog‘ ila hamvor qani?
Tufrog‘ ila o‘zini teng tutish nima ekan? Buyuklik zamini-xokisorlik poyasi. Kibr-manmanlikdan poklanish. Insoniylik martabasi oldida bo‘lak martabalarni nazarga ilmaslik. Navoiyning boshqa bir g‘azalidagi e’tiroficha, “Bevafolar o‘t, vafo ahli erur tufroq...”. misrasidagi “o‘t” va “tufroq” so‘zlarining ikkalasi ham poetik obraz. Shuning uchun – o‘t obrazi orqali bevafolikning tug‘diradigan shaytoniy va nafsoniy hirslar to‘g‘risida o‘ylash kerak. Vafo ahli nega “tufroq” ekanligi endi ayon, albatta. Ko‘ramizki, Yassaviyning “Tufrog‘ bo‘lg‘il” deyishining bir sababi Navoiyda izohlangan, ya’ni bunday:
Ey Navoiy, o‘zni maqbul istasang, tufroq bo‘l,
Kim erur mardud, ulkim boshida kindori bor.
Mardud – rad etilgan. Bunga sabab – shaytoniy kekkayish. Demak, o‘zlikni anglash, “o‘zni maqbul” istashning zo‘r chorasi tufroqsifatlikdir.
Biz Yassaviydagi “tufroq” obrazining mundarijasini hali to‘liq talqin etganimizcha yo‘q. Unda diniy tushunchalar bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa ma’no qatlamlari ham bor. Masalaga kengroq qarab, savol qo‘yaylik: tufroq nima? Tufroq – Vatan. Tufroq necha yuz yillardan buyon ne-ne ulug‘ farzandlarini quchog‘iga bosib kelayotgan zamin. Shuning uchun biz uni e’zozlab ona tufroq deymiz. U olis ajdodlarga onalik qilgan. U ota-bobolarimizning onasi bo‘lgan. U bizning onamiz. Va kelajak nasllarning onasi bo‘lajak. Otashnafas turk shoiri Oshiq Vaysal deydi:
Havoga boqsam men havo olarman,
Tufroqqa boqsam men duo olarman.
Tufroqdan ayrilsam, qayda qolarman,
Mening sodiq yorim qaro tufroqdir.
Ha, Haqning “nihon xazinasi” tufroqda. Tufroq “duo”si – vatan duosi. Chingiz Aytmatov yaratgan To‘lg‘onoy momoning ona zamin bilan hasratlashganlarini xotirlasak. U bir joyda “Umr o‘tib borayotir, ona-Yerim, oradan tag‘in bir yil o‘tdi. Bugun mening sig‘inadigan kunim”, - deydi. Yerga sig‘inmoq odamiylik matlabi. Ona-zaminiga sig‘ingan kishining “Mening sodiq yorim qaro tufroqdir” deyishi, ishq nurlarini Vatan tufrog‘iga bag‘ishlashi shubhasizdir.
Ahmad Yassaviy ta`limotiga ko‘ra axloqiy kamolotga erishgan oshiq “mol-udavlatga rag‘bat qilmaydigan”, g‘aflatdan yiroq ogoh kishidir. Zotan, ma’nan uyg‘oq insonga Alloh yaqin bo‘lur. Bunday insonlarning “ko‘ngli siniq, ko‘zi yoshli”dir. Ko‘z yoshi to‘kish “Devoni hikmat” da qayta-qayta takrorlanadigan hatto Yassaviya darveshlaridan kamolotga erishish yo‘lida talab etiladigan holatdir. Asl ishqqa faqat shu yo‘l bilan erishiladi.
Shoir ta`limotiga ko‘ra, insonnng yaratilish g‘oyasi Yaratuvchiga qul bo‘lish va buning mohiyatini anglab toat-ibodat qilishdir. Shuningdek, yemoq, ichmoq va dam olmoq ham insonning tabiiy haqlaridir. Ammo insonning haqiqiy inson sifatida bajaradigan ishlari faqatgina bulardan iborat emas. Komil inson bo‘lish uchun Allohni tanish, yod etish va uni sevish zarur. Mana shu ishq yo‘lida tuproq kabi bo‘lishni orzu qilgan Yassaviy “ishqsizlarning yo‘lda qolganini ko‘rdim” deydi. Ilohiy ishqni kuylagan Yassaviy hikmatlari faqatgina o‘z davrining diniy va e’tiqodiy tushunchasini bayon etmay, ayni vaqtda insonning atrofidagilarga va boshqa borliqlarga ham bir xil nazar bilan qarashni talqin etadi.
Yassaviy “Va taom berurlar Xudo muhabbatida muhtoj turg‘on misking‘a va yetimg‘a va asirg‘a” mazmunidagi oyatni dalil keltirib, asirlarga ham shavqat-muruvvat ko‘rsatish lozimligini yoqlaydi.
Yassaviy hikmatlarida ko‘p qo‘llangan so‘zlardan biri “g‘arib” dir. Hikmatlarda “g‘arib” so‘zi ko‘pincha “faqir”, “yetim” so‘zlari bilan yonma-yon keladi va ayni bir ma’noni ifodalaydi.
Darhaqiqat, hazrati Muhammad tug‘ilishidan oldin uning otasi vafot etgan edi. Olti yoshda onasi hayotdan ko‘z yumdi. Yetim qolgan nabirasiga bobosi Abdulmuttalib qaradi. Ikki yildan keyin bobosi ham vafot etib, kichik Muhammadni amakisi Abu Tolib o‘z himoyasiga oldi. Abdulmuttalib vafoti chog‘ida nabirasini omonat qoldirish uchun katta o‘g‘illaridan Abu Lahabga bunday deydi: “Sening mol-mulking bor, obro‘-e’tiborga egasan. Lekin ko‘ngling qattiq, shavqatsizroqsan. Bola esa yetim, ko‘ngli siniq. Sening qattiq muomalang uni iztirobga soladi”.
Yetim o‘sgan hazrati Muhammad ham o‘z hayotida Qur’on oyatlariga asoslanib yetimlarni himoya qilishga doir ko‘plab hukmlar keltirilgan. Chunonchi, Yassaviy she’rlarida Payg‘ambar alayhissalom “g‘arib bilan yetimga muruvvatli Muhammad” va “yetim, faqir, g‘aribga sahovatli Muhammad” tarzida tavsif etiladi. Hatto Alloh rasulining tilidan yetimlarning xos ummat ekani bayon etiladi:
Muhammad aydilar: har kim yetimdur,
Bilingiz u meni xos ummatimdir.
Yassaviy ham hazrati Payg‘ambar kabi yoshligida yetim qoldi. Dastlab Arslonbobning, keyinroq Yusuf Hamadoniyning himoyalariga kiradi. Payg‘ambar hayotiga o‘xshashlik xoh manqabalarda aks etgan bo‘lsin, xos tarixiy haqiqat bo‘lsin, Yassaviylikda yetim va g‘arib inson timsoliga ancha keng e’tibor beriladi.
“Devoni hikmat”da o‘sha davr uchun ham, hozirgi zamon uchun ham dolzarb hisoblangan komil inson mavzusi alohida o‘rinni egallagan. Yaratuvchi insonni boshqa jonzotlardan ongi, fikrlashi bilan farqlagan. Shu bois inson faqatgina o‘z oldida emas, balki o‘zga mavjudotlar qarshisida ham mas’uldir. Buni ilohiy bir qoida sifatida qabul qilgan Yassaviy va uning izdoshlari boshqalar bilan bo‘lgan munosabatlarda, ularning qaysi din va e’tiqodga mansub bo‘lishiga qaramasdan, kamtarlik va o‘ta nazokat bilan muomala qilishni o‘zlarining burchi deb bilganlar. Ushbu tushunchani e’tirof etgan holda tuproq kabi hokisor va yumshoq ko‘ngilli bo‘lishini ilgari surganlar. Bu esa insonning yaxshi tarbiyalanishiga, aniqrog‘i Yassaviya ma’rifat maktabi ta’lim-tarbiyasini olishiga bog‘liqdir. Buning uchun inson hech qanday qiyinchilikdan qochmasligi kerak. Yaxshi ta’lim-tarbiya olish yo‘lida g‘ayrat ko‘rsatib, zarur bo‘lsa g‘urbatda kezib, ham nazariy, ham amaliy tajribasini orttirib, ruhini yuksaltirishi zarur. Ana shundagina faqat o‘zi uchun emas, balki atrofidagilarga ham xizmat qilib to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatadi.
Komil inson tushunchasi Yassaviy ta`limotida ma’naviy kamolotga erishish va axloqan yuksalishni maqsad qilib qo‘ygan komil insondir. Bugun ham faqatgina moddiy hayotlarini boyitish uchun harakat qilgan va yolg‘iz o‘zini o‘ylab atrofdagilarga loqayd qaraydigan xudbin kishilar Yassaviy tarbiyasiga albatta muhtojdirlar.
Biz bugungi kunda komil inson tushunchasini bugungi kun hayot tarzidan, bugungi kun yoshlarini qiziqtirgan masalalardan uzoqlashmagan holda talqin etishimiz kerak. Buning uchun Yassaviy tariqati, ularda ilgari surilgan komil inson tushunchalarining ahamiyati juda katta.



Yüklə 42,06 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin