Nikoh va oila buzilishlarining ijtimoiy-psixologik omillari Zamonaviy oila modellarini ko`rib chiqishdan oldin «modernizasiya» tushunchasi mazmunini anglash zarur. Ushbu tushunchaning asl mazmuni makrososial jarayonlarni anglatib, an‘anaviy jamiyatdan zamonaviy (modern) jamiyatga o`tishni bildiradi. Modernizasiya g‘oyalarining shakllanishi siyosiy, iqtisdiy va intellektual transformasiyalar natijasida sodir bo`lib, ularning o`zaro uyg‘un mavjudligini talab etadi. Etimologik tushuncha sifatida «modernizasiya» o`rta asrlardagi lotin tiliga tegishli bo`lib modo – ayni damda, hozir, endilikda, shu damda ma‘nolarini bildiradi va modus – tadbir, tartib olmoshidan kelib chiqadi. Asta-sekinlik bilan lotin tilida mode, modern, modernizer so`zlari shakllandi. Moda tushunchasi ostida – ayni paytda ma‘lum ijtimoiy muhitda namunaviy sanaluvchi odatlar va did yig‘indisi anglanadi. Modern (moderne – fr.) ravishi – yangi, zamonaviy ma‘nolarini bildiradi. Undan hosil bo`lgan modernize (moderniser – fr.) fe‘li zamonaviy talablarga mos tarzda takomillashtirish, yangilash, o`zgartirish ma‘nolarini bildiradi. XX asrning o`rtalarida modernity ("sivilizasiyalashgan jamiyat" - ital. moderniti) tushunchasi shakllanib, ijtimoiy tizimni zamonaviy holatga o`tishini anglatgan. Modernizasiyalash nazariyasi XIX asr va XX asrning boshlaridagi taniqli tadqiqotchilar nazariy merosiga tayanadi. Ulardan M.Veber (hulqatvorni rasionallashtirish asosida Yevropa sivilizasiyasini an‘anaviy jamiyatdan zamonaviy jamiyat sari rivojlantirish g‘oyasini ilgari surgan), F.Tyonnis va E.Dyurkeym (mehnat taqsimoti asosida «mexanik birdamlik» jamiyatini «organik birdamlik» jamiyati sari bosqichma-bosqich ildamlashi konsepsiyasini taklif etgan. Modernizasiyalash nazariyotchilari tayangan nazariy baza sifatida tuzilmali-funksional tahlilning bosh g‘oyalari va tuzilmali-funksional maktab vakillarining ijtimoiy taraqqiyot to`g‘risidagi yondashuvlari xizmat qildi. Tarixiy nuqtai nazardan «modernizasiya» tushunchasi sanoat kapitalizmi sharoitida G‘arbiy Yevropa va Shimoliy Amerika mamlakatlari ichki taraqqiyotiga turtki bo`lgan sanoat inqilobi bilan qiyoslanadi85. Neyl Smelzer modernizasiyani olti sohani qamrab oluvchi majmuali, ko`p o`lchamli jarayon sifatida quyidagicha tavsiflaydi. 1) Iqtisodda yangi texnologiyalarning paydo bo`lishi; 2) qishloq xo`jaligida kun ko`rish vositasian tijorat qishloq xo`jaligi sari harakatlanish; 3) inson va hayvonlarning jismoniy kuchini «jonsiz» quvvat va mexanizmlar bilan almashtirish; 4) shahar tipidagi yashash joylarini tarqalishi va ishchi kuchining makonga qarab markazlashuvi. Siyosiy sohada modernizasiya qabila-urug‘chilik munosabatlaridagi yetakchilikdan saylov huquqi, vakillik, siyosiy partiyalar va demokratik boshqaruv tizimiga o`tishni anglatadi. Ta‘lim sohasida modernizasiya savodsizlikni tugatish, bilim va ixtisoslashgan mehnat qadrining o`sishi bildiradi. Diniy sohada esa u cherkov ta‘siridan chiqishni anglatsa, oilaviy-nikoh munosabatlarda – ichki oilaviy aloqalarni susayishi, oilaning yanada funksional ixtisoslashuvini bildiradi; startifikasiya sohasida – mobillik mohiyatini kuchayishi, individual muvaffaqiyat va egallangan maqomdan kelib chiqib o`rnashib qolgan aqidalarni zaiflashuvi bilan kechadi86. Modernizasiya nazariyasi har bir davlat rivojlanishining ichki omillarini qamrab oladi. Bunda «an‘anaviy» davlatlar taraqqiyotga xuddi rivojlangan davlatlar kabi jalb etilishi mumkinligi g‘oyasiga tayaniladi. Modernizasiya nazariyasi ijtimoiy taraqqiyot va jamiyat rivojiga undovchi sosial o`zgaruvchanlikni ta‘riflaydi. Shu bilan birga sosial evolyusiya jarayonini tavsiflaydi. «Modernizasiya» atamasi mazmunan tadqiqotchilar ta‘biricha eng so`nggi, zamonaviy talablar va me‘yorlarga mutanosib o`zgarishlar jarayonini ta‘riflaydi. XX asrning 80 yillari ikkinchi yarmidan g‘arb mualliflari ta‘rifi (A.Abdul Malik, A.Turen, S.Xantington, Sh.Eyzenshtatd va boshqalar) ga tayanmagan sosio-madaniy an‘analarni saqlashga yo`naltirilgan modernizasiya konsepsiyasi rivojlandi. Ushbu konsepsiya doirasida ijtimoiy va siyosiy taraqqiyotning universalligi rad etilmaydi. Shu bilan birga universallik tamoyili partikulyarlik bilan hamohang bo`lib, ularning organik sintezi modernizasiyalash jarayonining muvaffaqiyat kaliti sifatida xizmat qiladi. Modernizasiya o`z-o`zidan rivojlanuvchi jarayon sifatida ta‘riflanar ekan, u nafaqat siyosiy elita faoliyatiga bog‘liq bo`lib qolmay, dastavval, jamiyatning oddiy a‘zolari obyektiv vaziyati va hulq atvori ta‘siri ostida sodir bo`ladi. Ushbu konsepsiya doirasida «kontrmodernizasiya» va «antimodernizasiya» atamalari shakllandi va rivojlandi (A.Turen)87. Kontrmodernizasiya modernizasiyaning muqobil varianti sifatida nog‘arbiy model sanaladi, antimodrenrizasiya esa ushbu jarayonga faol qarshilikni anglatadi. A.Turenning fikricha, bu ikki variant XX asrdagi ijtimoiy-siyosiy taraqqiyotning bosh tendensiyalarini tashkil etadi. Bunda e‘tiqod va universallik tamoyillari yo`qotilishi asos sifatida xizmat qiladi. Ushbu konsepsiyalarni ko`rib chiqish davomida, shuni alohida ta‘kidlash joizki, so`zsiz yutuqlarga (ko`p omilli yondashuv, yevromarkazlashuvni rad etish, modernizasiyaning turfa yo`llari usullari imkoniyatlarini tan olinishi va boshqalar) qaramasdan ular kamchiliklardan holi emas. Asosiy zaiflik, bizningcha, shundaki, modernizasiya mexanizmlari va usullari o`rtasidagi farq mavjudligi tahlili shuningdek, ularni qo`llashning tarixiy jihatlariga yetarlicha e‘tibor qaratilmaydi. Ushbu xususiyat modernizasiyalash jarayonining XX asrning ikkinchi yarmida yaqqol paydo bo`lgan umumiy qonuniyatlari ijtimoiy va siyosiy taraqqiyotning yangi o`ziga xos tendensiyalari ekanligini dalillaydi. Qator rus olimlari modernizasiya nazariyasi rivojiga (M.V.Ilin, Yu.S.Pivovarov, V.I. Pantin, V.V.Lapkin va boshqalar) o`z hissasini qo`shgan88. Hozirda respublikamiz Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan e‘lon qilingan islohotlarni yanada rivojlantirish va mamlakatni modernizasiyalash kursi munosabati bilan ilmiy va analitik doirada modernizasiyalash nazariyasiga qiziqish o`smoqda89. Dissertantning fikriga ko`ra, modernizasiyani turlicha mazmunda talqin etish mumkin. Birinchidan, ushbu tushuncha taraqqiyparvar sosial o`zgarishlarni nazarda tutib, jamiyat o`zgarishlarning u yoki bu shkalasi ko`rsatkichlari bo`yicha takomillashib boradi. Ikkinchidan, modernizasiya (modernization) tushunchasi «zamonaviylikka» qarab harakatlanishning sinonimi sifatida qo`llaniladi. Ushbu holatda modernizasiya ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, madaniy va boshqa transformasiyalar majmuasidir. Bu ma‘noda mazkur tushuncha jamiyatni sifat jihatdan yangi holatga o`tishini anglatib, uning natijasida an‘anaviy jamiyat zamonaviylashadi, «modernizasiyalashgan» bo`ladi. Shu tariqa, modernizasiya degan, biz an‘anaviy jamiyatdan zamonaviy jamiyatga o`tishdagi makrojarayonini anglaymiz. Bunda modernizasiya tushunchasi sanoatlashish, shaharlashish, rasionallashish, individualizmni tarqalishi va boshqa jarayonlarni qamrab oladi. Modernizasiyalashuv jarayonida shakllangan fuqarolik jamiyati va davlat bir-birini o`zaro qo`llab turuvchi institusional tuzilmalarni hosil qiladi. Modernizasiyalashgan o`zgarishlar jamiyatning barcha sohalarida sodir bo`ladi va bunda oila-nikoh munosabatlari mustasno emas. Makroijtimoiy o`zgarishlar davrida oila va nikoh munosabatlarining an‘anaviy jamiyatlarga xos shakllari bilan solishtirmasdan o`rganish mumkin emas. Boshqacha qilib aytganda, biz, oilaning institusional shakllaridan qaysi birini tanlaganmiz va modernizasion transformasiyalar jarayoni bizga qanday ta‘sir ko`rsatishini anglashimiz muhim. Taniqli amerikali sosiolog va futurolog E.Toffler zamonaviy jamiyatni «ikkinchi to`lqin» jamiyati sifatida tavsiflaydi. Unga ko`ra, ishlab chiqarishda qishloq xo`jaligi ustuvorligi sanoat inqilobiga o`z o`rnini bo`shatib berishi sodir bo`ladi. E.Toffler bo`yicha modernlashgan jamiyatni tashkil etuvchi turfa xil jarayonlardan, bizga oilani o`zgarishi jarayoni, zamonaviy oilani shakllanishi muhimdir90. Zamonaviy oila jahonning ko`plab mamlakatlarida nuklear bo`lib, u ikki avlod, ya‘ni, ota-ona va farzandlardan iboratdir. U o`zida modernizasiyalashuv jarayoni va uning oqibatlarini aks ettiradi. G‘arb davlatlari tajribasi ko`rsatishicha modernizasiyalashuv jarayonida oilaviy munosabatlar shakli diversifikasiyalashib boradi. Yevropa va Shimoliy Amerikaning ayrim davlatlarida bir jinsli nikohlar qonunlashtirilgan. Noan‘anaviy oilalar an‘anaviy oilalar qatori yuridik huquqlarga ega. Shu jumladan, ularga bolani asrab olish huquqi berilgan. Ushbu jarayonlar g‘arb sivilizasiyasi uzoq tarixiy davrlar d\avomida hukm surgan qadriyatlarga nisbatan shubhali munosabatlarni shakllantirmoqda. P.Sorokin «Zamonaviy oila inqirozi» asarida oila institutining «chuqurlashib borayotgan inqirozi» deb nomlagan vaziyatning empirik isbotini keltiradi. P.Sorokin ajralish, rasmiylashtirilgan nikoh miqdorining kamayshi, jinsiy maylni nikohdan tashqarida qondirish, nikohsiz tug‘ilgan bolalar sonini oshib borishi, abortlar, fohishabozlik, nikohda bolalar sonini kamayishi, ayollar emansipasiyasi, nikohning dunyoviy institutga aylanashi, tarbiya, ta‘lim, homiylik funksiyalarini davlatga yuklanishi kabi muammolarni o`rgangan. U o`zining so`nggi ishlarida oila va nikoh doirasida sodir bo`layotgan ushbu jarayonlarni ta‘riflar ekan, ularni tanazzul va degradasiya sifatida emas fluktuasiya, integrasiya – dezintegrasiya, deb nomlaydi91. Nikoh va oilaning zamonaviy talqinlarida yuqorida keltirilgan jarayonlar davom etayotganligiga guvohlik beruvchi dalillar mavjud. Ushbu tendensiyalar dunyoning deyarli barcha davlatlarida sodir bo`lmoqda. Ammo, ular ma‘lum madaniyatga chuqur singib borishi milliy o`ziga xoslik va mentalitet bilan farqlanadi. Shu bilan birga ayrim olimlar ularga nikoh va oila institutining tanazzulining isboti deb qarasalar, boshqalari sodir bo`layotganlar ushbu institutlarning transformasiyasidan guvohlik beradi, deb hisoblaydilar. Oila tanazzuli va xatar ostidaligi nazariyasining qo`llabquvvatlovchilar oila va monogamlikni parchalanishiga olib keluvchi sosial qadriyatlar va afzalliklarni tahlil qilganlar. Oqibatda, aholining kamayib borishi (depopulyasiya) va yangi avlodlarning yopiq ijtimoiylashuvi jamiyatning tanazzuliga sabab bo`ladi92. «Progressiv» paradigma tarafdorlari fikriga ko`ra, an‘anaviy oiladan zamonaviy oila turiga o`tish, nikoh shakllari va oila tuzilmasidagi plyuralizm me‘yordan og‘ish tarzida talqin etilmasligi shart. Ular oila institutining evolyusiyasidan darak beradi. Rossiyalik olimlardan S.I.Golod, A.G.Vishnevskiylar nazaricha, oiladagi o`zgarishlar qonuniyatlari umumijtimoiy o`zgarishlar bilan hamohang bo`lib, jamiyatning modernizasiyalashuvi uning ayrim institutlari transformasiyasiga turtki beradi. Sodir bo`layotgan sosiomadaniy transformasiyalarning chuqur va keng qamrovliligi, ularning inson va jamiyatni o`zgartirayotganligi, oilaviy munosabatlar va oilani mazmuniy to`kisligiga qaramasdan, u «chuqur va ahamiyatli insoniy munosabatlar, uzoq muddatli umidlar hamda nisbatan kompromissiz ziddiyatlar makoni bo`lib qolmoqda»93. Modernizasiyalashuv jarayoni rivoji bilan shaxs hulq-atvori astasekinlik bilan tashqi nazorat tizimi tomonidan belgilanib boradi. O`zini o`zi nazorat, o`z hulq atvorini rasionallashtirish, qonuniy chegaralar – fuqarolik jamiyati mavjudligi va aholini yangilanishining zaruriy shartlaridir. O`zini o`zi nazorat qilish ko`nikmasiga ega bo`lgan shaxs modernlashgan jamiyatga xosdir. Oila modernizasiyasi butunjahon miqyosida bo`lgani kabi, O`zbekistonda ham shaxs hayotining erkak va ayol, kattalar va bolalar o`rtasidagi munosabatlar va boshqalar kabi ko`p qirralarini qamrab oladi. Mazmunan oila sohasida an‘anaviy tartiblar, rollar va stereotiplarning sekinlik bilan zaiflashuvi sodir bo`lmoqda. Ushbu o`zgarishlar asosida yangicha qadriyatlar: erkak va ayollar tanlovi uchun erkinlikni kengayishi, er-xotin tengligi, o`zini ro`yobga chiqarish va avlodlararo munosabatlardagi o`zgarishlar shular jumlasidandir. Statistik ma‘lumotlarga ko`ra oila modernizasiyasi ajralishlar miqdorini oshib borishi, norasmiy er-xotin sifatida birgalikda yashash, nikohsiz tug‘ilishlarning keng yoyilishi kabi holatlarda namoyon bo`lmoqda. Shu bilan birga, nikoh va oila institutining ko`p asrlik barqarorligidan kelib chiqib, hyech kim oila va uning asosida yotuvchi monogam nikohning butunlay barbod bo`lishi mumkinligini tahmin etmaydi. O`zbekiston jamiyatida XX asrning so`nggi o`n yilligida sodir bo`layotgan sezilarli transformasiyalar oila kabi birlamchi sosial institutlardagi o`zgarishlarga o`z ta‘sirini o`tkazmasdan qolmadi. Ular oilaviy hayotning barcha jabhalarida namoyon bo`lmoqda. Oilaning iqtisodiy mavjudligi, faoliyat yuritishi va o`zligini namoyon etishi, oila a‘zolari o`rtasidagi ichki munosabatlar, qadriyatli yo`nalishlar va hayotiy maqsadlar, tartib va hulq atvor asoslari o`zgarmoqda. Jamiyatning asosiy institutlaridan biri, ijtimoiylashuv jarayonining ilk pog‘onasi sifatida oila atrof-muhit bilan birgalikda rivojlanmoqda va o`z shaklini o`zgartirmoqda. Bunda vaqt talablariga o`ziga xos tarzda munosabatda bo`lmoqda. Insoniy qadriyatlar saqlovchisi, madaniyat va avlodlararo tarixiy vorisiylik, barqarorlik va taraqqiyot omili sifatida oila ijtimoiy ehtiyojlarni yaratadi va shakllantiradi. Oila tufayli davlat mustahkamlanadi va rivojlanadi, uning aholisi farovonligi oshib boradi. XX asrning o`rtalarida O`zbekistonda quyidagi begilar xos bo`lgan oilalar ustuvorlik qilar edi: yoshlar erta oila qurishgan, oila faqat qonuniy nikohga asoslangan, birinchi farzandlar erta tug‘ilgan, shahar oilalari o`rtacha 3-4 boladan iborat bo`lgan, nikohsiz bolalar tug‘ilishi past bo`lgan, noqonuniy nikohlar kamdan-kam uchragan va ijtimoiy qo`llabquvvatlanmagan. 1980-yillarning oxiri 1990-yillarning boshida sobiq sovet mamlakatlarida tug‘ilish va nikoh miqdori kamayib boshladi. Agarda o`tgan asrning 70 – 80 yillarda O`zbekistonda fertil yoshdagi har bir mingta ayolga 150-160 bolalar tug‘ilishi to`g‘ri kelgan bo`lsa, ushbu ko`rsatkich yildan yilga kamayib 1996 yilda 112 promilni va 1997 yilga kelib esa 103 promilni tashkil etgan. Ushbu dinamika natijasida tug‘ilishning yalpi koeffisiyenti, ya‘ni, reproduktiv yoshdagi har bir ayolning o`rtacha tug‘gan bolalari soni 1980-1981 yillarda 4,81dan, 1990-1991 yillarda 4,09 taga, 1997-1998 yillarda esa 3,02 taga to`g‘ri kelib qoldi94. Hozirda O`zbekistonda ikki farzandli oilalar (25,0%) yoki uch farzandli oilalar (23,6%) keng tarqalgan oila turlaridan sanaladi95. Shahar va qishloq oilalarida farzandlar sonidagi me‘yorlar bo`yicha birinchidan, bitta yoki ikki farzandli shahar oilalari qishloq oilalariga nisbatan ko`pchilikni tashkil qiladi (mos tarzda bitta farzand – 13% va 6,8%, ikki bolali – 30,7% va 21,2%). Ikkinchidan, qishloq oilalari ichida besh farzandlilari
shahar oilalariga nisbatan ko`pchilikni tashkil qiladi (mos tarzda 11,7% va 4,9%). Uchinchidan, 6-10 farzandli shahar va qishloq oilalarida foiz ko`rsatkichlari bir-biriga yaqin (1-ilova qarang 1.1. – rasm). Respublikamiz mintaqalari bo`yicha olingan ko`rsatkchilarga ko`ra, turli mintaqalarda oilada farzand soni turlichadir. Toshkent shahri (24,3%), Qoraqapog‘iston Respublikasi (14,8%), Toshkent (20,7%) va Qashqadaryo viloyatlari (15,1%) aholisiga oilada bitta farzand bilan cheklanish xosdir. Bundan tashqari, rasmiylashtirilmagan nikohning keng tarqalishi kuzatilmoqda. Bir mamlakatlarda bu o`zgarishlar bir necha yillar oldin boshlanib, tez va tubdan o`zgarishlarga olib kelgan bo`lsa, boshqalarida – keyinroq, sekinlik bilan tor doirada sodir bo`ldi. O`zbekiston bu o`zgarishlar sezilarsiz o`tayotgan mamlakatlar qatoridadir. Ammo, aslini olganda barcha davlatlarda oilaning muhokamaga sabab bo`layotgan o`zgarishining belgilari yig‘indisi oila transformasiyasi deb nomlanayotgan jarayonni boshidan kechirayotgan bo`lib, zamonaviy oila shakliga o`tish sodir bo`lmoqda. Yosh oilalar muammolari borgan sari olimlar diqqatini tortib kelmoqda. Bu qator vaziyatlar bilan izohlanadi. Nikohning dastlabki yillarida bo`lajak oilaviy munosabatlar modeli shakllanadi – hokimiyat va majburiyatlar taqsimlanadi, er-xotin, ota-ona va farzandlar o`rtasidagi ma‘naviy aloqlar o`rnatiladi – er va xotining bir-biriga moslashish jarayoni kechadi, asosiy ziddiyatlar xususiyatlari aniqlanadi va ularning ehtimoliy yechim yo`llari belgilab olinadi. Oilada bolalar soni va ular o`rtasidagi interval borasidagi qarorlar ham oilaviy hayotning dastlabki davrida qabul qilinadi. Demak, yosh oilalarni o`rganish tug‘ilish muammolarini o`rganish bilan bevosita bog‘liq. Yosh oilaviy juftlikning nikoh qurmagan ko`plab do`stlari va tanish-bilishlari borligi yosh er-xotin o`rtasidagi munosabat va turmush tarzini belgilab beruvchi omillardan biri sanaladi. Oilaga xos bo`lgan o`zgarishlar qator omillar bilan tavsiflanadi. Ushbu omillarning birinchi guruhi, xatti-harakatlarning qisqa muddatliligi bilan tavsiflanadi. Ular avvalo demografik tendensiyalardagi silkinishlarga aniqlik kiritadi. Yoki oiladagi nisbatan uzoq muddatli va tub o`zgarishlar uchun turtki sanaladi. Bu omillar ijtimoiy burilishlarning dastlabki davridagi iqtisodiy yo`qotishlar bilan bog‘liq. Shuningdek, o`tgan o`tish davri o`n yilligidagi oila turmush darajasini keskin tushib ketishiga olib kelgan omillar, iqtisodiy tanazzullar nikoh va tug‘ilish miqdorini pasayishiga olib keladi. Biroq 1996-1999 yillarda oila maqomining tushib ketishi biroz sekinlashdi va barqarorlik belgilari paydo bo`ldi. Ushbu yillarda O`zbekistonda rasmiylashtirilgan nikohlar yiliga 177,8-175,9 mingni tashkil etdi97. Bu iqtisoddagi jonlanish va ijtimoiy hayotning barqarorlashuvi boshlanganligidan guvohlik edi. Omillarning ikkinchi guruhi, oila barqarorligini ta‘minlanishi o`zgacha bo`lgan markazlashgan boshqaruv tizimidan bozor munosabatlariga o`tayotgan davlatlarga xosdir. Bu yerda demografik hulqavtorning eski va yangi shartlar ta‘siri va yanada aniqroq qilib aytganda – matrimonial va prokreasion hulq atvor bir-biri bilan uyg‘unlashib ketadi. Uzoq muddatli ta‘sir omillari ham sezilarli o`ringa ega. Ular o`tgan o`n yilliklardan meros sifatida qolgan bo`lib milliy mentalitet, me‘yorlar, paternalizmni saqlab qolishga yo`naltirilgan O`zbekiston oilalari ehtiyojlarida o`z aksini topadi. Uchinchi guruh – bu yangi omillar bo`lib, ularning ta‘siri atiga so`nggi vaqtlarda namoyon bo`lib boshladi. Ular bozor iqtisodiyotining mustahkam shart-sharoitlari bilan izohlanib, ijtimoiy hayotning yangi shartlari va demokratlashuvi bilan izohlanadi. Shu bilan birga, xalqaro mehnat bozori uchun ochilgan imkoniyatlar qisqa muddatli norasmiy mehnat migrasiyasining ulkan oqimini shakllantirdi. Ushbu migrasion oqim ishtirokchilarining katta qismi yoshlardan iborat bo`ldi. Xorijda yashash imkoniyatini qidirayotgan yoshlar oila qurish va farzand dunyoga keltirish bilan kam shug‘ullanadi. Bundan tashqari, g‘arb davlatlarida keng tarqalgan turmush tarzi, qadriyatli yo`nalishlar, oilaviy hayotning turfa xillari borasida qo`shimcha axborot manbaiga aylanadilar. Bu g‘arbcha qadriyatlarni o`zlashtirish va/yoki nikoh hulq atvorini nusxalash uchun qo`shimcha turtki bo`ldi. Albatta milliy tiklanish va davlatchilikni mustahkamlanishi etnomadaniy o`ziga xoslik va an‘analarni saqlanishiga xizmat qiladi. Ammo, jahon hamjamiyatiga qo`shilish uchun ochilgan imkoniyatlar rivojlangan mamlakatlardan ularning texnologiyalari, turmush tarzi, me‘yor va tartiblar, qadriyatlarni o`zlashtirish uchun qudratli turtki berdi. Biroq, ularning ayrim destruktiv ta‘siri e‘tibordan chetda qoldi. Shu tariqa bozor munosabatlarining ildiz otishi, jamiyatni demokratlashuvi, qadriyatli mo`ljallarning o`zgarishi kabilarda O`zbekiston oilalarini modernizasiyalash omillari namoyon bo`ladi. 1) O`zbekistonda ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy, axborot muhitidagi salmoqli o`zgarishlar oila transformasiyasiga olib keldi. An‘anaviy oilaning ijobiy jihatlari saqlab qolinganligi bilan bir qatorda ma‘lum vaqtlardan beri g‘arb davlatlariga xos bo`lgan zamonaviy oila belgilari yanada yaqqol namoyon bo`lmoqda. 2) Oila transformasiyasiga ijtimoiy-iqtisodiy o`zgarishlar sabab bo`lsada ammo sodir bo`layotgan burilishlarning bosh omili – modernizasiyalashgan jamiyat sari harakat bo`lmoqda. 3) modernizasiya tushunchasi «zamonaviylikka» qarab harakatlanishning sinonimi sifatida qo`llanilar ekan ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, madaniy va boshqa transformasiyalar majmuasi sifatida namoyon bo`ladi. 4) oilaviy-nikoh munosabatlarni modernlashuvi – ichki oilaviy aloqalarni susayishi, oilaning yanada funksional ixtisoslashuvini bildiradi. 5) oiladagi o`zgarishlar qonuniyatlari umumijtimoiy o`zgarishlar bilan hamohang bo`lib, jamiyatning modernizasiyalashuvi uning ayrim institutlari transformasiyasiga turtki beradi.