3. AVESTODAGI REAL, DUNYOVIY QADRIYATLAR. Bu kitobda juda ko`p g`oya, fikr, tavsiya, o`gitlar bor bo`lgani uchun biz faqat real, haqiqiy hayotga dunyoviy munosabatlarga tegishli hozir ham talabalar uchun o`z ahamiyatini yo`qotmagan masalalar ustida to`xtaymiz. Avestoning asosiy g`oyalari olamdagi barcha tartiblar, ezgulik (yaxshilik) va yomonlikdagi, ziyo va zulmat, hayot va o`lim o`rtasidagi kurashga bog`liq; dunyodagi barcha ezguliklarni Ahuramazda, yomonliklarni Ahriman ifodalaydi; bu kurashda odam oliy kuchlar ihtiyoridagi o`yinchoq emas, u tanlash erkinligiga ega, u o`z g`ayrati bilan bu dunyoda adolat topishiga ta`sir eta oladigan kishidir. Demak, hozir ham kimki, o`zini ilohiy kuch qo`lidagi qo`g`irchoq hisoblamasa, o`ziga biror kasbni tanlab olsa, g`ayratli bo`lsa, adolatsizlikka duch kelsa unga qarshi kurasha oladigan inson bo`lib yetishishlari shart. Avestoda u zamonlarda keng tarqalgan ko`chmanchilik qoralanib, dehqonchilik ezgulik sifatida rag`batlantirilgan. Bundan xulosa chiqarib, hozir ham har bir odam hech bo`lmasa bir tup mevali daraxt, gul, sabzavot eksin, o`ziga mevasi nasib etmasa farzandlariga, bechoralarga nasib etadi, savob bo`ladi. El rahmatlar aytadi. Avestoda to`rt element suv, olov, tuproq, havo g`oyat ulug`langan; bularni asrash, avaylashga da`vat etilgan. Uning tarbiyaviy ahamiyati hozir ham katta. Bunga amal qilib, har bir ongli, aqlli vatanparvar, xalqparvar, yoshuqari tomchi suvni ham isrof qilmasligi, energiya, hayot manbai olovini, demak gazni, ko`mirni, neftni, o`tinni asrashi; tuproqni iflos qilmasligi, erroziyaga ya`ni nurash, sho`rlanishga yo`l qo`ymasligi; havoni esa pokiza saqlashi, ekologik xalokatga uchratmasligi ham qarz, ham farz.