Mavzu: Global muammolar mohiyati Reja: Global muammolar
Global muammolarni echishda falsafaning roli
Global muammolar butun er kurrasini, uning nafaqat odamlar bevosita yashaydigan qismini, balki Erning qolgan yuzasi, er osti bo‘shliqlari, atmosfera, gidrosfera va hatto inson faoliyati doirasiga kiruvchi kosmik fazoni qamrab olishi bilan izohlanadi. Shunday qilib, global muammolar to‘g‘risida so‘z yuritilganda butun sayyora nazarda tutiladi, uning eng yirik tarkibiy birligi sifatida esa mintaqa qabul qilinadi. Bunda mintaqalar soni va ularning miqyosi ko‘rib chiqilayotgan muammolar xususiyati bilan belgilanadi. Masalan, dunyo miqyosidagi iqtisodiy qoloqlik muammosini tadqiq etishda odatda butun sayyorani ikki mintaqa – rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarga ajratish bilan kifoyalaniladi. Demografik, energetik muammolar yoki xom ashyo muammolarini o‘rganishda esa, mintaqalar soni ko‘payadi va har safar tadqiqotning muayyan maqsadlari bilan belgilanadi.
Globallik mezonlari. Fan va falsafada global muammolarni yanada aniqroq tavsiflash uchun yuqorida zikr etilgan «geografik» mezondan tashqari bu muammolarni boshqa tomondan – ularning sifati, va muhim xususiyatlari nuqtai nazaridan tavsiflovchi qo‘shimcha mezonlar qo‘llaniladi.
Birinchidan, global muammolar o‘z mohiyatiga ko‘ra nafaqat ayrim kishilarning manfaatlariga, balki butun insoniyat taqdiriga daxldordir.
Ikkinchidan,ularni bartaraf etish uchun butun sayyora aholisi hech bo‘lmasa aksariyat qismining kuch-g‘ayratini birlashtirish va ular bahamjihat, izchil ish ko‘rishi talab etiladi. Uchinchidan, bu muammolar dunyo rivojlanishining ob’ektiv omili hisoblanadi va biron-bir mamlakat ularni e’tiborga olmasligi mumkin emas.
To‘rtinchidan, global muammolarning echilmagani kelajakda butun insoniyat va uning yashash muhiti uchun jiddiy, balki tuzatib bo‘lmaydigan oqibatlarga olib kelishi mumkin.