2.2 Diqqatning vazifalari va turlari, diqqatning xossalari, diqqatning xossalari
Diqqat inson hayoti va faoliyatida ko‘plab turli xil vazifalarni bajaradi. U zarur bo‘lgan psixologik va fiziologik jarayonlarni faollashtiradi, qolganlarini esa susaytiradi, organizmga etkazilayotgan axborotning uning dolzarb ehtiyojlariga muvofiq holda tashkil etilishi va maqsadga yo‘nalganlik bilan tanlab o‘tkazilishiga yordam beradi, ruhiy faollikning biror ob’ekt yoki faoliyat turida tanlab va davomli tarzda jamlanishini ta’minlaydi.
Diqqatning asosiy turlarini ko‘rib chiqamiz. Bularga tabiiy va ijtimoiy belgilangan, bevosita va bilvosita diqqat, ixtiyorsiz, ixtiyoriy va ixtiyoriydan keyingi diqqat, hissiy va intellektual diqqat kiradi.
Diqqatni tashkil etishda insonning faolligiga ko‘ra diqqatni uch turga bo‘lish mumkin: ixtiyorsiz, ixtiyoriy va ixtiyoriydan keyingi diqqatlar.
Ixtiyorsiz diqqat – bu ongning seskantiruvchi sifatidagi alohida xususiyatiga muvofiq holda ob’ektda jamlanganligi.
Ixtiyoriy diqqat – bu ob’ektda faoliyat talablariga ko‘ra yo‘naltirilgan, ongli boshqariladigan jamlanganlik.
Ixtiyorsiz diqqat maqsad qo‘yish va iroda qatnashuvi bilan bog‘liq emas, ixtiyoriy diqqat uchun esa iroda boshqaruvi va maqsadning mavjud bo‘lishi shart. Odatda, ixtiyorsiz diqqatning yuzaga kelishida jismoniy, psixofizik va ruhiy sabablarning yaxlit to‘plami bilan ish ko‘rishga to‘g‘ri keladi. Ular bir-biri bilan o‘zaro bog‘langan bo‘lsada, shartli ravishda quyidagi to‘rt darajaga bo‘lish mumkin.
Sabablarning birinchi guruhi tashqi qo‘zg‘atuvchi xususiyati bilan, avvalambor, seskantiruvchining kuchi yoki jadalligi bilan bog‘liq. Masalan, siz biror ishni ishtiyoq bilan bajarayotganingizdan, qo‘shni xonadagi yoki ko‘chadagi engil shovqinni eshitmaysiz. Lekin to‘satdan oldingizda polga tushgan og‘ir jismning baland tovushi eshitiladi, bu beixtiyor diqqatingizni jalb qiladi.
Ixtiyorsiz diqqat uchun seskantiruvchilar o‘rtasidagi keskin farq, shuningdek, seskantiruvchi ta’sirining davomiyligi, uning o‘lchamlari va shakli, yangiligi, noodatiyligi kabi sifatlari ham muhim ahamiyatga ega.
Ixtiyorsiz diqqatni yuzaga keltiruvchi sabablarning ikkinchi guruhi tashqi seskantiruvchilarning odamning ichki holatiga muvofiqligi, va birinchi navbatda, uning ehtiyojlariga mos kelishi bilan bog‘liq. Masalan, qorni to‘q va qorni ochiqqan odamlar ovqat to‘g‘risidagi suhbatga turlicha munosabat bildiradilar.
Sabablarning uchinchi guruhi shaxsning umumiy yo‘nalganligi bilan bog‘liq. Bizni ko‘proq qiziqtiradigan va qiziqishlar sohamizni, shuningdek, kasbiy qiziqishlarimizni tashkil etuvchilar, qoidaga ko‘ra, tasodifan duch kelib qolgan bo‘lsak ham, e’tiborimizni o‘ziga tortadi.
Vanihoyat, ixtiyorsiz diqqatni yuzaga keltiradigan sabablarning to‘rtinchi guruhini ta’sir etuvchi seskantiruvchi hosil qiladigan his-tuyg‘ular tashkil etadi. Biz uchun qiziqarli bo‘lgan, ma’lum emotsional reaksiyani hosil qiladiganlar ixtiyorsiz diqqatning muhim sababi bo‘lib hisoblanadi.
Ixtiyorsiz diqqatdan farqli ravishda ixtiyoriy diqqatning asosiy xususiyati, uning ongli maqsad tomonidan boshqarilishi va iroda kuchi bilan bog‘liqligidir. Ixtiyoriy diqqatning asosiy vazifasi psixik jarayonlar kechishini faol boshqarish hisoblanadi. Ixtiyoriy diqqat ixtiyorsiz diqqatdan sifat jihatidan farq qilishiga qaramay, ixtiyoriy diqqat, shuningdek, his-tuyg‘ular, qiziqishlar, odamning avval orttirilgan tajribasi bilan bog‘liq. Lekin ixtiyoriy diqqatda bularning ko‘rsatadigan ta’siri bevosita emas, aksincha, bilvositadir.
Diqqatning yana bir turi mavjud. Ixtiyoriy diqqatga o‘xshash, maqsadga yo‘nalganlik xususiyatiga ega bo‘lib, va dastlab iroda kuchini talab etadi, lekin keyinchalik odam ishga «kirib boradi»: faoliyatning natijasi emas, balki, uning mazmuni va jarayoni ham qiziqarli bo‘lib, ahamiyat kasb eta boshlaydi. Bunday diqqat N.F. Dobrinin tomonidan ixtiyoriydan keyingi diqqat deb nomlandi. Masalan, o‘quvchi qiyin arifmetik masalani echa turib, dastlab, unga ma’lum kuch sarf etadi. Masala murakkab, o‘quvchi chalg‘iy boshlaydi. U o‘zini, irodasini ishga solgan holda, masalani echishga majburlaydi. Mana, masalani echishga birinchi urinish natija berdi, echishning to‘g‘ri usuli belgilab olindi. Masala oydinlasha boradi. Masala o‘quvchining ishtiyoqini band eta boshlaydi. U endi chalg‘imasdan, qiziqarli masalaga kirishib ketadi. Diqqat ixtiyoriydan ixtiyorsizga aylandi.
Haqiqiy ixtiyorsiz diqqatdan farq qilib, ixtiyoriydan keyingi diqqat ongli maqsadlar bilan bog‘langan holatda qoladi va ongli qiziqishlar tomonidan quvvatlab turiladi. SHu bilan birga, ixtiyoriy diqqatdan farqli ravishda bunda iroda kuchi deyarli bo‘lmaydi yoki umuman mavjud emas.
Diqqatning ko‘rib chiqilgan uch xil turi inson faoliyati amaliyotida o‘zaro bir-biriga o‘tishlar bilan uzviy chatishib ketadi va biri ikkinchisiga tayanadi.
Tabiiy diqqat o‘zida axborot yangiligi unsurini tashuvchi, u yoki bu tashqi va ichki rag‘batlarga nisbatan tanlab javob qaytarishning tug‘ma qobiliyati ko‘rinishida odamga tug‘ilishi bilanoq beriladi. Tabiiy diqqat faoliyatini ta’minlovchi asosiy mexanizm taxminiy refleks deb ataladi.
Ijtimoiy belgilangan diqqat hayot davomida ta’lim va tarbiya natijasida shakllanadi, hulq-atvorning iroda tomonidan boshqarilishi, ob’ektlarga tanlab ongli ravishda javob qaytarish bilan bog‘liq bo‘ladi.
Bevosita diqqat odamning ehtiyojlari va dolzarb qiziqishlariga mos keladigan va o‘zi yo‘naltirilgan ob’ektdan tashqari, hech bir narsa tomonidan boshqarilmaydi.
Bilvosita diqqat maxsus vositalar, masalan, imo-ishoralar, so‘zlar, ko‘rsatkich belgilar, jismlar yordamida boshqariladi.
Hissiy diqqat afzalligiga ko‘ra, hissiyotlar va his-tuyg‘u organlarining tanlab ta’sir ko‘rsatish faoliyati bilan bog‘liq.
Intellektual diqqat fikrning yo‘nalganligi va jamlanganligi bilan bog‘liq.
Hissiy diqqatda ong markazida biror-bir hissiy taassurot joylashgan bo‘ladi, intellektual diqqatda esa qiziqish ob’ekti bo‘lib g‘oya xizmat qiladi.
Diqqat, uni mustaqil psixik hodisa sifatida xarakterlovchi qator xossalarga ega. Diqqatning asosiy xossalariga barqarorlik, jamlash, taqsimlash, bo‘linish, chalg‘ish va diqqat hajmi kiradi.
Diqqatning barqarorligi ma’lum vaqt davomida bir xil ob’ektda fikrni jamlay olishlik qobiliyatidan iborat. Tajriba tadqiqotlari diqqatning ixtiyorsiz davriy tebranishlarga moyilligini ko‘rsatdi. Bunday tebranishlarning davrlari N.N. Lange bo‘yicha, odatda, 2-3 soniyaga, ortig‘i bilan esa 12 soniyaga teng bo‘ladi. Masalan, agar soatning chiqillashiga quloq tutib, unda fikrni jamlaydigan bo‘lsak, u holda u bir eshitiladi, bir eshitilmay qoladi. Diqqat tebranishi qonunga asoslangan bo‘lib, fluktuatsiya deb ataladi. Masalan, diqqat fluktuatsiyasini oddiy tajribada namoyish qilish mumkin: kesik piramida beriladi: agar unga ma’lum vaqt davomida tikilib turilsa, u ketma-ket, yo qavariq, yo botiq bo‘lib ko‘rinadi.
Hozirda diqqat barqarorligining ahamiyatli sharti bo‘lib, u jamlangan jismning yangi tomonlari va aloqalarini ochib berish imkoniyati xizmat qilishi isbotlandi. Diqqat barqarorligini o‘lchash uchun alohida harflarning tartibsiz ketma-ketligidan iborat Burdon jadvalidan foydalaniladi, bunda qaytariladigan harflar soni har bir satrda bir xilda bo‘ladi.
Diqqatni jamlash ostida diqqatning jismda jamlanganlik jadalligi yoki darajasi tushuniladi. A.A. Uxtomskiyning fikriga ko‘ra, diqqatni jamlash bosh miya po‘stlog‘idagi kuchli qo‘zg‘alish o‘chog‘i faoliyatining xususiyati bilan bog‘liq.
Diqqatni taqsimlash ostida odamning bir vaqtning o‘zida bir necha faoliyatlarni bajarish qobiliyati tushuniladi. Hayotiy tajribaga ko‘ra, odam ongli psixik faoliyatning faqat bir turini bajara oladi, bir vaqtning o‘zida bir nechtasini bajarish sub’ektiv hissi esa ketma-ket tezlik bilan bir faoliyat turidan ikkinchisiga o‘tish oqibatida yuzaga keladi.
Diqqatni taqsimlash darajasi bir qator sharoitlarga: mujassamlashtirilgan faoliyat turlari xususiyatiga (ular bir jinsli va turli xil bo‘lishi mumkin), murakkabligiga (ruhiy zo‘riqishni talab etuvchi darajaga), ma’lumligi va odatiyligi darajasiga (faoliyatning asosiy usullarini egallab olish darajasiga) bog‘liqdir.
Diqqat taqsimlanishini o‘rganish maqsadida Shulte (qizil-qora rangli jadvallar) jadvallari qo‘llaniladi.
Diqqatning bo‘linishi – bu diqqatni bir ob’ektdan ikkinchisiga ongli va anglangan holda o‘tkazish. Bo‘linish bilan ikki turli yo‘nalishga ega bo‘lgan jarayonlar bog‘liqdir, bular: diqqatni ishga tushirish va uzib qo‘yish. Bo‘linish ixtiyoriy bo‘lishi mumkin, u holda uning tezligi – bu sub’ektning o‘zining idrok qilishi ustidan irodali nazorati darajasining ko‘rsatkichi, va diqqatning bo‘linishi bilan bog‘liq ixtiyorsiz bo‘lishi mumkin, bu yo ruhiyatning beqarorligi darajasining ko‘rsatkichi bo‘lib xizmat qiladi, yo kutilmagan kuchli seskantiruvchilarning paydo bo‘lishidan dalolat beradi.
Bo‘linishning samaradorligi avvalgi va keyingi faoliyatni bajarish xususiyatlariga bog‘liq bo‘ladi (bo‘linish ko‘rsatkichlari engil faoliyatdan og‘ir faoliyatga o‘tishda ancha kamayadi, aksincha bo‘lganida esa, oshib ketadi). Bo‘linish natijasi insonning avvalgi faoliyatga bo‘lgan munosabati bilan bog‘liq: avvalgi faoliyat qanchalik qiziqarli va keyingisi unchalik qiziqish uyg‘otmagan bo‘lsa, diqqatning bo‘linishi shunchalik qiyinroq kechadi. Bo‘linishda asab tizimining xususiyatlari, xususan, asab jarayonlarining qo‘zg‘aluvchanligi tomonidan belgilangan individual tafovutlar mavjud.
Diqqat hajmi – sub’ektning etarlicha aniqlik bilan bir vaqtning o‘zida qamrab olishi mumkin bo‘lgan ob’ektlar soni. Diqqat ob’ektining muhim va belgilovchi xususiyatlaridan biri, uning o‘qitishda va mashq bajarishda umuman o‘zgarmasligidir. Diqqat hajmini tadqiq etish, odatda, individ tomonidan aniqlik bilan idrok etiluvchi, bir vaqtning o‘zida taqdim etiladigan unsurlar (raqamlar, harflar, jismlar va h.k.) sonini tahlil qilish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Bu maqsadlarda taxistoskopdan foydalaniladi – ma’lum sondagi seskantiruvchilarni shunchalik tez, tadqiq qilinuvchi ko‘zlarini bir ob’ektdan boshqasiga olib ulgurmasidan oldin taqdim etishga imkon beradigan asbob, diqqat hajmi – individual tarzda o‘zgaradigan kattalik, lekin, odatda, odamlarda uning ko‘rsatkichi 5 ± 2ga teng bo‘ladi.
Diqqatning bo’linishi – bu diqqatning bir ob’ektdan ikkinchisiga ixtiyorsiz o‘tkazilishi. Bo’linish tashqi seskantiruvchilar ta’sirida yuz berishi mumkin. Diqqatni ko‘proq to‘satdan paydo bo‘ladigan, o‘zgaruvchan kuch va chastota bilan ta’sir ko‘rsatadigan jism va hodisalar chalg‘itadi. Diqqatning ichki bo’linishi kuchli kechinmalar, yot hissiyotlar, va odam ayni damda mashg‘ul bo‘lgan ishiga qiziqish va mas’uliyatning mavjud emasligi ta’siri ostida paydo bo‘ladi.
Chalg‘ituvchi ta’sirlarga qarshilik ko‘rsatish qobiliyati to‘siqlarga moslashuvchanlik deb ataladi. Odamlarda bu qobiliyatning rivojlanishida nerv tizimidagi farqlar, aynan, uning kuchi, shuningdek, to‘siqlarga qarshilik ko‘rsatishni oshirishga qaratilagan maxsus mashqlar bilan belgilangan ko‘plab individual tafovutlar kuzatiladi.
Diqqat xususiyatlarini o‘rganishda parishonxotirlik haqidagi masala muhim ahamiyat kasb etadi. Parishonxotirlik deb, odatda, ikki turlicha hodisaga aytiladi. Birinchidan, ko‘p hollarda parishonxotirlik deb, insonning atrofidagilarga e’tibor bermasdan, ishga haddan tashqari berilib ketishining natijasiga aytiladi. Parishonxotirlikning bu turi u yoki bu faoliyatda kuchli jamlanganlik natijasida yuzaga kelganligi sababli soxta parishonxotirlik deb ataladi.
Parishonxotirlikning umuman boshqa bir turi inson diqqatini hech bir narsada uzoq vaqt jamlay olmagan vaziyatda, hech birida ushlanib qolmasdan, muntazam ravishda bir ob’ektdan ikkinchisiga yoki bir hodisadan ikkinchisiga o‘tib turishida kuzatiladi. Parishonxotirlikning bu turi haqiqiy parishonxotirlik deb ataladi. Haqiqiy parishonxotirlikdan aziyat chekuvchi insonning ixtiyoriy diqqati o‘ta beqarorligi va chalg‘ib turishi bilan farqlanadi.
Haqiqiy parishonxotirlikning sabablari turlichadir. Bular asab tizimining umumiy izdan chiqishi, qon kasalliklari, kislorod etishmovchiligi, jismoniy yoki aqliy toliqish, og‘ir hissiy kechinmalar bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, diqqat parishonxotirligining sabablaridan biri olingan taassurotlarning ko‘pligi, shuningdek, betartib havas va qiziqishlar ham bo‘lishi mumkin.
Diqqat o‘zining rivojlanish bosqichlariga ega. Bola hayotining birinchi oylarida faqat ixtiyorsiz diqqatning mavjudligi kuzatiladi. Bola dastlab kuchli yoki keskin farq qiladigan tashqi qo‘zg‘atuvchilarni sezadi. Uch oylik bo‘lishi bilan bola, hayoti bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan ob’ektlar bilan ko‘proq qiziqa boshlaydi. 5-7 oyligida bola etarlicha uzoq vaqt davomida qandaydir jismni kuzatishi, ushlab ko‘rishi, og‘ziga olishi mumkin. Ayniqsa, yorqin va yaltiroq jismlarga bo‘lgan qiziqishi yaqqolroq ko‘rinadi. Bu ixtiyorsiz diqqatning to‘la rivojlanganligidan dalolat beradi.
Ixtiyoriy diqqatning nishonalari, odatda, birinchi yilning oxiri ikkinchi yilning boshlariga kelib, namoyon bo‘la boshlaydi. Bolada ixtiyoriy diqqatning shakllanishi va rivojlanishi uni tarbiyalash jarayoni bilan bog‘liq. Bolaning atrofidagi odamlar asta-sekin bolani o‘zi istaganini emas, balki, uning qilishi zarur bo‘lganlarni bajarishga o‘rgatib boradilar.
Ixtiyoriy diqqatning rivojlanishida o‘yin katta ahamiyatga ega. O‘yin jarayonida bola o‘z harakatlarini o‘yin talablariga muvofiqlashtirishni va ularni qoidalarga mos ravishda yo‘naltirishni o‘rganadi. Ko‘pchilik jismlar va hodisalar bilan tanishib borish, oddiy munosabatlarni farqlash malakasining asta-sekin shakllanishi, ota-onalar bilan muntazam ravishda suhbatlashish, ular bilan sayr qilish va o‘yinlar o‘ynash, boshqa jismlar va o‘yinchoqlarni o‘ynatish – bularning barchasi bolaning shaxsiy tajribasini boyitadi, shu bilan birga, uning qiziqishlari va diqqatini rivojlantiradi.
Maktabgacha yoshdagi bolaning asosiy xususiyati ixtiyoriy diqqatining etarlicha barqaror emasligidan iborat. Bola yot seskantiruvchilarga oson chalg‘iydi, uning diqqati o‘ta hissiyotlidir. Asta-sekin bolada mashqlar va iroda kuchi yordamida o‘z diqqatini boshqara olish layoqati shakllanadi.
Ixtiyoriy diqqatning rivojlanishida maktab alohida ahamiyat kasb etadi. Maktab mashg‘ulotlari jarayonida bola intizomga o‘rganadi, unda qunt qilish, hulq-atvorini nazorat qilish layoqati shakllanadi. SHuni aytib o‘tish lozimki, maktab yoshida ixtiyoriy diqqatning rivojlanishi ham ma’lum bosqichlardan o‘tadi. Boshlang‘ich sinflarda bola mashg‘ulotlarda o‘z hulq-atvorini to‘liq nazorat qila olmaydi, unda ixtiyorsiz diqqat ustunlik qiladi.
Yuqori sinflarda o‘smirning ixtiyoriy diqqati yuqori taraqqiyot darajasiga ko‘tariladi. O‘quvchi etarlicha uzoq vaqt davomida ma’lum faoliyat turi bilan shug‘ullana oladi, o‘z hulq-atvorini nazorat qiladi. Lekin, shuni ko‘zda tutish lozimki, diqqat sifatiga tarbiyalash sharoitlarining o‘zi emas, balki, yosh xususiyatlari ham ta’sir ko‘rsatadi. 13-15 yoshlarda sodir bo‘ladigan fiziologik o‘zgarishlar yuqori darajadagi toliqish va ta’sirchanlik bilan birgalikda kechadi, va ba’zi holatlarda diqqatning pasayishiga olib keladi.
Shunday qilib, diqqatning rivojlanishida ikki asosiy bosqichni ajratish mumkin: asosiy xususiyati tashqi tomondan belgilangan diqqatning ustunligidan iborat bo‘lgan maktabgacha rivojlanish bosqichi va ichki diqqatning jadal rivojlanishi xususiyatiga ega bo‘lgan maktab davri rivojlanishi bosqichlaridir.
Dostları ilə paylaş: |