GEGEL GEORG VILGELM FRIDRIX (1770-1831) falsafiy tizimi nemis klassik idealizmining tadrijiy yakuni hisoblanadi. Buyuk faylasufning barcha mashhur asarlari: «Ruh fenomenologiyasi» (1807), «Mantiq fani» (1812-1816), «Falsafa fanlari qomusi» (1817) ayni shu tizimni ishlab chiqishga bag‘ishlangan. «Ruh fenomenologiyasi» asari Gegel falsafiy tizimiga o‘ziga xos debochadir. Bu asarda Gegel inson ongi turli darajalari rivojlanishining izchil qatorini tahlil qiladi.
Gegel falsafiy tizimining birinchi va muhim qismi – «Mantiq» «Ruh fenomenologiyasi»ning yakuni va xulosasidir. Bu sub’ekt va ob’ektga qadar mavjud bo‘lgan «sof fikr» sohasidir. Mantiqda uning o‘zi va mantiq shakllaridan tashqari hech qanday empirik mazmun mavjud emas. Mantiq tarix va tabiatdan oldin paydo bo‘lgan. Mantiq ularni yaratgan.
Mantiq uch qismga:borliq haqidagi ta’limot, mohiyat haqidagi ta’limotva tushuncha haqidagi ta’limotga bo‘linadi. Borliq va mohiyat tushuncha o‘zini to‘liq namoyon etgunga qadar «ko‘tariladigan» pillapoyalar sifatida qaraladi. «Mantiq»da mutlaq g‘oyaning rivojlanishi mavxum mantiqiy kategoriyalar ko‘rinishida yuz beradi. Uning tayanch nuqtasi – borliq haqidagi sof mavhum fikr. Dastlab mazmunsiz bo‘lgan bu «sof borliq» tushunchasi «nimadir» orqali o‘z mazmunini kasb etishga harakat qiladi. Bu «nimadir», o‘z navbatida, «muayyan borliq»dir.
Gegel fikriga ko‘ra, mutlaq g‘oyaning vujudga kelish jarayoni ayni shu tariqa boshlanadi. «Muayyan borliq» keyingi bosqichda «qandaydir muayyan borliq» sifatida amal qiladi yoki sifat kasb etadi. Sifat kategoriyasi miqdor kategoriyasi bilan birga rivojlanadi. Sifatli miqdor yoki miqdoriy sifat esa o‘lchov hisoblanadi. Borliq haqidagi ta’limotda Gegel dialektika qonunlaridan biri: miqdordan sifatga va sifatdan miqdorga o‘tish, rivojlanish jarayonlari sakrash tarzida yuz berishini asoslashga harakat qiladi.
Hodisa sifatida tushuniladigan borliqdan Gegel yanada teranroq, ichki qonuniyatlarga – mohiyatga o‘tadi. Bu qismda Gegel qarama-qarshiliklarning bir-biriga o‘tishi, ularning birligi, ayniyat va kurash to‘g‘risidagi qonunni tahlil qiladi. Gegel fikriga ko‘ra, ziddiyat – bu qarama-qarshiliklarning o‘zaro nisbatidir. Ular bir-birisiz mavjud bo‘lmaydi, lekin turli yo‘ldan rivojlanadi va bu ular o‘rtasidagi munosabatlarning keskinlashuviga sabab bo‘ladi. Ziddiyatni echish yoki unga chek qo‘yish talab etiladi. Gegel ziddiyatni asos va oqibatning, shakl va mazmunning, hodisa va mohiyatning, imkoniyat va voqelikning, tasodif va zaruriyatning o‘zaro nisbatida ko‘radi. Ziddiyat haqidagi ta’limotni rivojlantirar ekan, Gegel ichdan zarur bo‘lgan, har qanday o‘zgarish va rivojlanishning manbai sanalgan «o‘z-o‘zidan harakat» haqida xulosa chiqaradi.
Gegel fikriga ko‘ra, ayniyat va tafovutning nisbatini bilish jarayonida ularning zamirida yotgan ziddiyat namoyon bo‘ladi. Ziddiyatlar mavjudligi hodisaning rivojlanayotganidan dalolat beradi.
Mohiyat haqidagi ta’limotda Gegel voqelikni «mohiyat va mavjudlikning birligi» sifatida tavsiflaydi. Mohiyatning o‘zi – «mavjudlik asosi»dir. Mohiyat haqidagi ta’limotning dastlabki boblaridan boshlab Gegel uni bilish mumkin emas degan tasavvurni rad etadi.
Borliq va mohiyat sohasidagi rivojlanish jarayonlarini belgilovchi zaruriyat tushunchada o‘z aksini topadi. Bunday zaruriyat erkinlikka aylanadi, «erkinlik esa – bu anglab etilgan zaruriyat»dir. Shu tariqa «Mantiq» tushunchaga o‘tadi. Bunda Gegel falsafiy metod sifatidagi formal mantiq va metafizikani tanqid qiladi, umumiylik, alohidalik va yakkalik dialektikasini ishlab chiqadi. Ayni vaqtda u haqiqat tushunchasini fikrning ob’ekt bilan mos kelish jarayoni sifatida tahlil qiladi. Bunga g‘oyada erishiladi. Faqat g‘oya tushuncha va narsaning shak-shubhasiz birligi hisoblanadi. Mantiqdan Gegel mutlag‘ g‘oya rivojlanishining ikkinchi bosqichi- tabiat falsafasiga o‘tadi. Unda g‘oya tabiat bunyodkori hisoblanadi. Aynan u o‘zining «o‘zga borlig‘i» - tabiatni yaratadi. Tabiatning rivojlanish bosqichlari: mexanizm, ximizm, organizm kabilardir. Gegel o‘z dialektik tafakkurining teranligi va kuchi yordamida «Tabiat falsafasi»da noorganik va organik tabiatning ayrim bosqichlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqa hamda dunyodagi barcha hodisalarning qonuniyati haqida bir qancha noyob farazlarni ilgari suradi.
Mutlaq g‘oya rivojlanishining uchinchi bosqichi ruh bo‘lib, u ham o‘z rivojlanish jarayonida uch bosqichdan o‘tadi: sub’ektiv ruh, ob’ektiv ruh, mutlaq ruh.