Texnopessimizm. Ko‘rib chiqilayotgan nazariyalarning ayrim tarafdorlari fan-texnika inqilobining salbiy oqibatlariga, xususan atrof muhitning ifloslanishi muammolariga ma’lum darajada e’tibor bergan bo‘lsalar-da, lekin, umuman olganda, ularning hech biri bundan 1980-yillarning o‘rtalarigacha jiddiy tashvishga tushmadi. CHunki, fan-texnika taraqqiyoti hamma narsaga qodir ekanligiga ishonch haddan tashqari katta edi.
Ayni vaqtda 1960-yillarning oxirlaridan ekologik qiyinchiliklardan tashqari aksariyat davlatlar va hatto qit’alarga tahdid solgan boshqa muammolar: aholining nazoratsiz o‘sishi, turli mamlakatlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasining notekisligi, xom ashyo resurslari va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash va boshqalar tobora bo‘rtibroq namoyon bo‘la boshladi. Tez orada ular fan va falsafa diqqat markazidan o‘rin olib, qizg‘in bahs va munozaralar predmetiga aylandi.
Ko‘rsatilgan muammolarni falsafiy tahlil qilish borasidagi dastlabki urinishlarning o‘ziyoq texnokratik tendensiyalarga zid bo‘lgan, keyinchalik «texnologik pessimizm» deb nomlangan qarashlarni namoyon etdi. Asosiy e’tibor inson faoliyatining salbiy oqibatlari va atrof muhit muammolariga qaratilgan, ularni echish imkoniyatlari salbiy tusda ko‘rilgan holda, bunday qarashlar «ekopessimizm» deb ataladi.
Ko‘pgina taniqli olimlar va faylasuflar, xususan G.Markuze, T.Rozzak, P.Gudmen va boshqalar o‘z o‘tmishdoshlarini shafqatsiz ssientizmda[6], insonni fan va texnika quliga aylantirishga urinishda ayblab, fan-texnika taraqqiyotiga qarshi chiqdilar. Fan-texnika taraqqiyotiga va umuman ijtimoiy taraqqiyotga qarshi norozilikning yangi to‘lqini yuzaga kela boshladi. Bu to‘lqin ta’sirida paydo bo‘lgan g‘oyalar «aksiliste’mol» jamiyatini asoslashga harakat qilar va «o‘rtacha odam»ni ozginaga qanoat qilish lozimligiga ishontirishga qaratilgan edi. Global muammolar paydo bo‘lishining aybdorini topishga urinish jarayonida asosiy ayb «zamonaviy texnologiya»ga qo‘yildi. Nafaqat fan yutuqlari, balki taraqqiyot g‘oyasi ham shubha ostiga olindi. O‘z davrida J.J.Russo ilgari surgan «tabiat bag‘riga qaytish»ga chorlovlar paydo bo‘ldi, iqtisodiy rivojlanishni erishilgan darajada «to‘xtatish» taklif qilindi.
Rim klubi. YUqorida qayd etilgan qarashlardagi tub burilish asosan Rim klubi faoliyati ta’sirida yuz berdi. 1968 yil Rimda o‘zining birinchi majlisiga yig‘ilgan olimlar, faylasuflar va jamoat arboblarining bu nufuzli xalqaro tashkiloti hozirgi davrning eng muhim umuminsoniy muammolari bo‘yicha ma’ruzalar tayyorlash va e’lon qilishni o‘z oldiga vazifa qilib qo‘ydi. Bu tashkilotning 1972 yilda e’lon qilingan «O‘sish chegaralari» deb nomlangan birinchi ma’ruzasiyoq juda katta shov-shuvga sabab bo‘ldi, chunki insoniyat o‘zi anglamagan holda «poroxli bochka ustida o‘tirib, gugurt o‘ynayotgani»ni ko‘rsatib berdi. Rim klubining asoschisi va birinchi prezidenti Aurelli Pechchei mazkur tadqiqotga yozgan so‘zboshisida shunday deb qayd etgan edi: «Endilikda ona-Erimiz har qanday o‘sish sur’atlariga dosh berishga, insonning har qanday erkaliklarini ko‘tarishga qodir ekanligiga sog‘lom fikrlaydigan odamlarning birortasi ham ishonmaydi. O‘sish chegaralari borligi ravshan, lekin ularning qandayligi va qaerdaligini hali aniqlash lozim»[7].
Mazkur ma’ruza mualliflari shunday aniqlash bilan shug‘ullandilar. Olingan natijalarning muxtasar mazmuni shundan iborat ediki, sayyoramiz hajmining chegaralari muqarrar tarzda inson ekspansiyasining chegaralarini ham nazarda tutadi; moddiy o‘sish cheksiz darajada davom etishi mumkin emas; ijtimoiy rivojlanishning haqiqiy chegaralari moddiy omillar bilan emas, balki ekologik, biologik va hatto madaniy omillar bilan belgilanadi. Ular jahon rivojlanishi asosiy tendensiyalarining kompyuter modelini tuzib, mazkur tendensiyalar saqlangan holda uchinchi ming yillik boshidayoq insoniyat voqealar ustidan nazoratni butunlay yo‘qotishi va natijada halokatga yuz tutishi mumkin, degan to‘xtamga keldilar. Bundan ishlab chiqarishning o‘sishini to‘xtatish, tobora ko‘payib borayotgan aholi sonini esa tegishli ijtimoiy siyosat yordamida barqarorlashtirish lozim, degan xulosaga kelindi.
Ma’ruza jahonning ko‘plab tillariga o‘girildi va dunyo bo‘ylab keng tarqaldi, ishlab chiqarishning o‘sishini to‘xtatish g‘oyasi tarafdorlari va muxoliflari o‘rtasida qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. So‘ngra navbatdagi ma’ruzalar majmui (bugungi kunda ular yigirmatadan oshib ketdi) paydo bo‘ldi. Bu ma’ruzalar umuminsoniy muammolarning ko‘pgina jihatlarini yoritib berdi va ularga nafaqat olimlar va faylasuflar, balki siyosatchilar, jamoat arboblari, umuman jahon hamjamiyati e’tiborini qaratdi.