Globallik mezonlari. Fan va falsafada global muammolarni yanada aniqroq tavsiflash uchun yuqorida zikr etilgan «geografik» mezondan tashqari bu muammolarni boshqa tomondan – ularning sifati, va muhim xususiyatlar nuqtai nazaridan tavsiflovchi qo‘shimcha mezonlar qo‘llaniladi.
Birinchidan, global muammolar o‘z mohiyatiga ko‘ra nafaqat ayrim kishilarning manfaatlariga, balki butun insoniyat taqdiriga daxldordir.
Ikkinchidan, ularni bartaraf etish uchun butun sayyora aholisi hech bo‘lmasa aksariyat qismining kuch-g‘ayratini birlashtirish va ular bahamjihat, izchil ish ko‘rishi talab etiladi.
Uchinchidan, bu muammolar dunyo rivojlanishining ob’ektiv omili hisoblanadi va biron-bir mamlakat ularni e’tiborga olmasligi mumkin emas.
To‘rtinchidan, global muammolarning echilmagani kelajakda butun insoniyat va uning yashash muhiti uchun jiddiy, balki tuzatib bo‘lmaydigan oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Qayd etilgan mezonlardan tashqari ba’zan global muammolarning boshqa bir qator xususiyatlari ham ko‘rsatiladi. Xususiy, mahalliy va mintaqaviy muammolardan farqli o‘laroq, global muammolar nisbatan turg‘unroqdir. Ular globallikning yuqorida sanab o‘tilgan barcha mezonlariga mos kelishdan oldin zimdan va uzoq shakllanadi, echilishiga qarab esa (nazariy jihatdan) quyiroq darajaga tushib, dunyo miqyosida o‘z ahamiyatini yo‘qotishi mumkin. Ammo tendensiyalarni teskari yo‘nalishda o‘zgartirish kamida butun jahon hamjamiyatining izchil harakatlarini talab etuvchi o‘ta og‘ir ish bo‘lib, hali bunga erishilganicha yo‘q. Global muammolar mavjudligining nisbatan qisqa tarixiga nafaqat ularning quyiroq darajaga tushishi, balki susayish hollari ham ma’lum emasligining sababi ana shundadir.
Global muammolarning boshqa bir muhim xususiyati – ularning barchasi bir-biriga shu darajada bog‘liqki, ulardan birini echish hech bo‘lmasa unga boshqa muammolarning ta’sirini hisobga olishni nazarda tutadi.
Global muammolarning tasnifi. Global muammolarning keltirilgan mezonlari va o‘ziga xos xususiyatlari asosan mazkur sohadagi aksariyat tadqiqotchilarning qarashlarini aks ettiradi va global muammolarni boshqa barcha muammolardan farqlab, aniq aytish imkonini beradi. Bunda u yoki bu muammoning keskinlik va muhimlik darajasini belgilash, uning boshqa muammolar bilan o‘zaro nisbatini aniqlash uchun odatda turli tasniflashlar amalga oshiriladi, ular alohida guruhlarga ajratiladi.
Tasniflash birdan-bir maqsad hisoblanmaydi, balki hozirgi davrning o‘ta keskin ziddiyatlarini kompleks o‘rganishning muhim elementi sifatida amal qiladi va mazkur muammolarni ularning o‘zaro aloqasi va bir-birini taqozo etishi nuqtai nazaridan o‘rganish imkonini beradi. U muhim aloqalarni farqlash, ustuvorliklarni va ob’ektiv mavjud global muammolarning keskinlashuv darajasini aniqlash imkonini beradi. Bundan tashqari, tasniflash global muammolarning tizimli o‘zaro aloqasini yanada teranroq tushunishga ko‘maklashadi va amaliy qarorlar qabul qilish ketma-ketligini belgilashga yordam beradi.
Izchil va aniq amalga oshirilgan tasniflash bilishning mazkur sohasidagi avvalgi tadqiqotlarni ma’lum darajada sarhisob qiladi va ayni vaqtda bunday tadqiqotlarning rivojlanishida yangi bosqich boshlanganini qayd etadi.
Hozirgi vaqtda global muammolarni tasniflashga nisbatan har xil yondashuvlar orasida ayniqsa keng e’tirof etilgan tasnifga muvofiq global muammolarning barchasi ularning keskinlik darajasi va echimining ahamiyatiga, shuningdek real hayotda ularning o‘rtasida qanday sababiy bog‘lanishlar mavjudligiga qarab uch katta guruhga ajratiladi.
Birinchi guruhni eng katta umumiylik va muhimlik darajasi bilan tavsiflanadigan muammolar tashkil etadi. Ular turli davlatlar o‘rtasidagi munosabatlardan kelib chiqadi. Ayni shu sababli ular interijtimoiy global muammolar deb ataladi. Bu erda jamiyat hayotidan urushni bartaraf etish va adolatli dunyoni ta’minlash; yangi xalqaro iqtisodiy tartib o‘rnatish kabi ikki o‘ta muhim muammo farqlanadi:
Ikkinchi guruh jamiyat va tabiatning o‘zaro ta’siri natijasida yuzaga keladigan muammolar bo‘lib, ular odamlarni energiya, yonilg‘i, chuchuk suv, xom ashyo resurslari va shu kabilar bilan ta’minlash kabilardir. Bu guruhga ekologik muammolar, shuningdek Jahon okeani va kosmik fazoni o‘zlashtirish ham kiradi.
Nihoyat, uchinchi guruhni «inson – jamiyat» tizimi bilan bog‘liq muammolar tashkil etadi. Bular demografiya muammosi, sog‘liqni saqlash, ta’lim, xalqaro terrorizm tahdidi masalalari va h.k.
U yoki bu muammoning muayyan guruhga kiritilishi ma’lum darajada shartli xususiyat kasb etadi va muhim omillarga, ularni ajratish asoslariga bog‘liq bo‘ladi. SHu sababli har qanday shunday tasnif masala echimining uzil-kesil varianti sifatida emas, balki murakkab tizimni qayta tuzishning global muammolar o‘zaro aloqasi tabiatini yaxshiroq tushunishga ko‘maklashadigan usullaridan biri sifatida qaralishi lozim.
Endi butun insoniyatga jiddiy xavf tug‘dirayotgan eng muhim muammolarga qisqacha tavsif beramiz.
Asosiy global muammolar tizimi. Hozirgi davrning global muammolari o‘z holatini vaqtda tinimsiz o‘zgartiradigan yagona, faol va ochiq tizim hisoblanadi, chunki unga umuminsoniy ahamiyatga molik bo‘lgan yangi muammolar kirishi, avvalgi muammolar esa, ularning echilishiga qarab, yo‘qolishi mumkin. Rim klubining asoschisi va birinchi prezidenti A.Pechchei bu holatga e’tiborni qaratib, insoniyat qarshisida ko‘ndalang bo‘lgan aksariyat muammolar «bir-biri bilan mahkam chirmashib oldi, ulkan sprut changali yanglig‘ butun sayyorani o‘z iskanjasiga olmoqda... echilmagan muammolar soni o‘sib bormoqda, ular yanada murakkabroq tus olmoqda, ularning chirmashuvi yanada chigallashmoqda, ularning «iskanjasi» esa sayyoramizni o‘z changalida tobora qattiqroq siqmoqda», deb yozgan edi1.
Ammo global ziddiyatlar tuguni qanchalik chigal bo‘lmasin, uni fan va falsafa yordamida echish, ya’ni sababni oqibatdan, muhim tafsilotlarni ikkinchi darajali tafsilotlardan, ob’ektivni sub’ektivdan farqlash uchun nazariy jihatdan anglab etish lozim. Dunyo miqyosidagi jarayonlarga ta’sir ko‘rsatish uchun odamlarning imkoniyatlari va resurslari cheklanganini hisobga olib, muammolarning qaysi biri darhol echishni talab qilishi va qaysi biri ikkinchi darajali ahamiyat kasb etishini ham farqlash muhimdir.