Hindistonda iqtisodiy krizis. 1929 yili boshqa mamlakatlar qatori Hindistonni ham iqtisodiy krizis qamrab oldi. Krizis nafaqat sanoatga, balki qishloq xo‘jaligiga ham zarar yetkazdi. Qishloq xo‘jalik mahsulotlari narxlari keskin tushib ketdi. Angliya krizisning og‘irligini o‘z mustamlakalariga solishga intilib, Angliyaning sanoat mollarini narxini oshirdi. 1933 yilgacha cho‘zilgan krizis davrida oziq – ovqat mahsulotlari yetishtirish qisqardi. Ko‘pchilik dehqonlar xonavayron bo‘lib qishloq xo‘jalik ishchilariga aylana bordi. Pomeshchiklar va hukumat krizis yillarida dehqonlardan soliqlarni avvalgi miqdorda olishni davom ettirdilar. Shuning uchun dehqonlar bor narsani hatto muqaddas bo‘lgan ayollari taqinchoqlarini sotishga majbur bo‘ldilar.